Jahon | 19:18 / 03.07.2025
2276
5 daqiqa o‘qiladi

“Ilon Mask o‘z bizneslaridan xavotirda, Tramp bilan to‘qnashuvini esa kutgandik" - amerikalik tahlilchi

Davlat budjeti bo‘yicha qonunni deb yana Tramp va Mask aytishib qoldi. Mask shu hujjat qabul qilinganining ertasiga yangi partiyasi ochishini aytsa, Tramp subsidiyaxo‘r Mask shu subsidiyalar bo‘lmaganida do‘konini yopib, allaqachon Afrikasiga qaytgan bo‘lishini yozdi. Kun.uz bilan suhbatlashgan amerikalik tahlilchi Jyeyms Dursoga ko‘ra, ikki milliarderning to‘qnashuvi aniq edi. Biroq bu qadar tez kelishmovchilik kelib chiqadi deb o‘ylamagandik, deydi ekspert.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Tramp yaqin kunlargacha o‘zining asosiy safdoshi va ittifoqchisi bo‘lib kelgan Ilon Maskning AQShdan deportatsiya qilinishini rad etmadi. Tramp prezidentlikka qaytar ekan, uning jamoasi yulduzi – milliarder Ilon Mask edi. Biroq ikki boy do‘stlarning “muhabbati” 6 oyga ham bormadi, endi ular bir-biri bilan jiddiy aytishmoqda. Bu galgi dahanaki jang – Senatda muhokama qilinayotgan davlat budjeti to‘g‘risidagi Mask tili bilan aytganda “iflos qonun” ustida ketmoqda.

AQSh Senati shu kunlarda Trampning “One big beautiful bill act”, ya’ni “Katta va go‘zal qonun” deb nomlangan budjet qonun loyihasi bo‘yicha ovoz berish jarayonini o‘tkazmoqda. Demokratlar hujjatga qarshi, qonunchilar uni dahshatli deb atagan. Chunki qonun qabul qilinsa, birinchi navbatda eng asosiy punkt – AQSh davlat qarzi yana 3,3 trln dollarga ortadi.

Ilon Mask respublikachilar qanday qilib bo‘lmasin 4 iyulgacha qabul qilishga urinayotgan bu loyihani keskin tanqid qildi. “Agar xarajatlar to‘g‘risidagi bu aqlga sig‘mas qonun loyihasi qabul qilinadigan bo‘lsa, ertasi kuniyoq yangi “Amerika” partiyasi tuziladi, deb yozdi Mask o‘ziga tegishli bo‘lgan X ijtimoiy tarmog‘ida.

“Ha, Mask doimiy ravishda davlatning haddan tashqari xarajatlariga qarshi chiqqan. U hukumatga xarajatlarni qisqartirish uchun kelgandi. Hozircha uning choralari xarajatlarni taxminan 190 milliard dollarga kamaytirishi kutilmoqda. U Trampning milliy qarzni yanada oshiradigan harakatlariga qat’iyan qarshi. Hozirgi qarz miqdori 37 trillion dollar, lekin Senat loyihasi bu raqamni 40 trilliondan oshiradi. Mask buni iqtisodiyotning umumiy barqarorligiga xavf deb hisoblaydi” – Jyeyms Durso, tahlilchi

Tramp esa Maskka javob qaytarib, davlat unga bergan subsidiyalari sabab katta yutuqlarga erishganini eslatdi. Aks holda Mask allaqachon do‘konni yopib, o‘zi kelgan Janubiy Afrikasiga qaytib ketishi mumkinligini zaharxanda qildi.

Tramp endi raketalar, sun’iy yo‘ldoshlar uchirilmasa, elektromobillar ishlab chiqarilishi to‘xtatilsa, mamlakatda juda katta mablag‘ tejab qolinishini aytdi. Prezident yaqingacha Maskning o‘zi boshqargan Hukumat samaradorligi departamenti – DOGE’dan bu holatni tekshirib ko‘rishni so‘radi.

“Menimcha, Tramp uni Janubiy Afrikaga deportatsiya qilmaydi. Bu, eng avvalo, aksiyalar bozoriga salbiy ta’sir qiladi — bu esa Tramp uchun eng muhim mezon, u aksiyalar bozorini AQSh iqtisodiyoti sog‘lomligining ko‘rsatkichi deb biladi. Bundan tashqari, bu boshqa xorijiy tadbirkorlarni AQShga kelishdan qaytaradi. Prezident bilan bahslashgan har qanday tadbirkor deportatsiya qilinishi mumkinligi AQShni rivojlangan demokratiyadan ko‘ra, uchinchi dunyo diktaturasiga o‘xshatadi. Bu holatdan Kanada xursand bo‘lar edi: Agar AQShga borishni istamasangiz, Shimoliy Amerikada qolib, Kanadaga keling, deyishardi” – Jyeyms Durso, tahlilchi

AQSh moliya vazirligiga ko‘ra, hozirda davlat qarzi 36 trln dollarni tashkil etadi. 2021 yilda prezident Bayden mamlakatni defoltdan qutqarish uchun qarz shiftini 480 mlrd dollarga ko‘tarishga majbur bo‘lgandi. Aks holda hukumat o‘z majburiyatlarini bajarolmay qolardi.

Shohrux Majidzoda suhbatlashdi.

Mavzuga oid