O‘zbekiston osmonida qatorlashib uchayotgan jismlar ko‘rindi. «O‘zbekkosmos» holatni tushuntirib berdi
Kun.uzʼga obunachilar 3 iyulga o‘tar kechasi Angren hududidan olingan videotasvirlarni yubordi. Videoda O‘zbekiston osmonida raketaga o‘xshab qatorlashib uchayotgan jismlarni ko‘rish mumkin. «O‘zbekkosmos» agentligi «zamonaviy kosmik davrga oid go‘zal, ammo ilmiy jihatdan tushunarli» hodisa haqida ma’lumot berdi.
Kecha, 2 iyuldan 3 iyulga o‘tar kechasi O‘zbekiston osmonida g‘ayrioddiy hodisa kuzatildi. Xususan, Kun.uz'ga obunachilar tomonidan yuborilgan video taxminan 02:30 larda Toshkent viloyati Angren shahrining tog‘ga yaqin hududida olingan. Videotasvirlarda osmonda qatorlashib uchayotgan jismlarni ko‘rish mumkin. Kuzatuvchilar uni raketaga o‘xshatgan.
«O‘zbekkosmos» agentligi rasmiysi Ahror Agzamov Kun.uzʼga ushbu holatni tushuntirib berdi.
«Videoda osmonda bir chiziqda harakatlanayotgan 25 ga yaqin yorqin nuqtalar zanjiri aks etgan. Juda katta ehtimol bilan bu nuqtalar — SpaceX kompaniyasining Starlink aloqa sun’iy yo‘ldoshlari. 2 iyul kuni AQSh sharqiy vaqti bilan 02:28 da SpaceX Floridadagi kosmodromdan ana shunday 27 ta sun’iy yo‘ldoshni uchirgan.
Uchirilganidan so‘ng dastlabki bir necha kun davomida sun’iy yo‘ldoshlar bir-biriga juda yaqin, taxminan 500 km balandlikdagi past orbitada harakatlanadi. Shu sababli ular yer yuzidan bir hil chiziq bo‘ylab harakatlanayotgan nur zanjiri kabi ko‘rinadi. Keyinchalik ular ishchi orbitasiga tarqalib ketadi va ancha kamroq ko‘zga tashlanadi», deydi O‘zbekkosmos mutaxassisi.

Ahror Agzamovning aytishicha, quyosh botganidan so‘ng, ammo osmon hali butunlay qorong‘i bo‘lmagan vaqt – sun’iy yo‘ldoshlarni kuzatish uchun eng maqbul davr hisoblanadi. Yerda allaqachon qorong‘i, lekin baland orbitadagi sun’iy yo‘ldoshlar hali ham quyosh nuri bilan yoritilayotgan bo‘ladi va ularning yaltirashi yerga qaytadi.
Aytib o‘tish kerakki, obunachilar yuborgan video tongga yaqin olingan. Bu ham xuddi mutaxassis ta’kidlagan vaqtga o‘xshaydi – osmon yorishmoqda, yer esa hali qorong‘i.
«Sun’iy yo‘ldoshlar soatiga taxminan 27 000 km tezlikda harakatlanadi va Yer atrofida to‘liq aylanishni taxminan 90 daqiqada amalga oshiradi. Videodagi harakat tezligi past orbitadagi obektlar uchun odatiy ko‘rinishdir.
Shulardan xulosa qilib, juda katta ehtimol bilan O‘zbekiston osmonida ko‘rilgan hodisa – aynan 2 iyul kuni uchirilgan Starlink sun’iy yo‘ldoshlari bo‘lgan. Bu zamonaviy kosmik davrga oid go‘zal, ammo ilmiy jihatdan tushunarli hodisadir», deydi «O‘zbekkosmos» agentligining yangi texnologiyalarni joriy etish bo‘limi boshlig‘i Ahror Agzamov.
Mavzuga oid

19:19 / 25.06.2025
Crew Dragon kosmik kemasi tijorat ekipaji bilan XKSga uchib ketdi

11:33 / 09.06.2025
O‘zbekistonda dalalarda somon yonishi sun’iy yo‘ldosh orqali kuzatilmoqda

09:43 / 28.05.2025
SpaceX'ning Starship kemasi to‘qqizinchi sinov parvozi muvaffaqiyatsiz tugadi

22:35 / 25.05.2025