«Bu hazilmi?» – peruliklar prezident maoshining ikki baravar oshirilganini keskin muhokama qilishyapti
Peru prezidenti Dina Boluartening oylik maoshi 4400 dollardan qariyb 10 067 dollargacha oshirildi. Bu miqdor Perudagi eng kam ish haqidan taxminan 30 baravar yuqori. Mahalliy aholi iqtisodiy vaziyatning yomonligi va qashshoqlik darajasining balandligi sharoitida bu qarorga salbiy munosabatda bo‘lyapti.

Foto: Reuters
Peru prezidenti Dina Boluarte o‘z oylik maoshini ikki baravarga ko‘paytirib, taxminan 10 ming AQSh dollariga yetkazmoqchi. Reuters’ning yozishicha, bu qaror ko‘plab peruliklarning g‘azabini qo‘zg‘atyapti.
Mamlakat Iqtisodiyot vazirligining e’lon qilishicha, Boluartening maoshi 35 568 solga (10 067 dollar) ko‘tarildi. Bu miqdor Perudagi eng kam ish haqidan taxminan 30 baravar yuqori.
Qayd etilishicha, prezidentning maoshi avval 15 600 sol (4400 dollar) bo‘lgan. Bu miqdor 2006 yilda sobiq prezident Alan Garsiya uni 42 000 soldan pasaytirganida joriy qilingan.
Iqtisodiyot vaziri maoshlar oshirilishi allaqachon Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanganini ma’lum qildi. Hukumat o‘sishni Lotin Amerikasidagi 12 ta hamkasbi bilan solishtirganda uning avvalgi maoshi faqat Boliviya prezidentinikidan yuqori ekani va 11-o‘rinni egallagani bilan izohlagan.
Reuters hukumat bergan ma’lumotlar qanchalik haqiqatga to‘g‘ri kelishini mustaqil ravishda tekshira olmagan. O‘tgan yili e’lon qilingan Rio Times baholashlarida Lotin Amerikasi prezidentlarining maoshi 3 ming dollardan 22 ming dollargacha, o‘rtacha 9,6 ming dollar atrofida ekani ko‘rsatilgan.
«Bu – hazil. Peru bo‘ylab o‘ta qashshoqlik hukm surmoqda va prezident o‘rnak ko‘rsatishi kerak», deya ta’kidlagan nafaqaxo‘r Rolando Fonseka.
Peru iqtisodiyoti so‘nggi ikki yil ichida Boluarte davrining boshida hukumatga qarshi norozilik namoyishlari tufayli yuzaga kelgan tanazzuldan so‘ng tiklandi. Biroq SOVID-19 pandemiyasi davrida yomonlashgan qashshoqlik darajasi 30 foizga yaqinligicha qolyapti. Boluarte keyingi yilning aprel oyidagi saylovlardan keyin 2026 yil iyul oyida o‘z vakolatlarini tugatadi.
«U ketish arafasida va maoshini oshirishning hojati yo‘q, kasalxonalar va bemor bolalarga yordam ko‘rsatishi kerak», deya Reuters Limadagi uy bekasi Karmen Xuaresning fikrini keltirib o‘tgan.
Boluarte 2022 yil oxirida hokimiyatga kelgandi. Datum va Ipsos Peru tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnomalarga ko‘ra, uning ma’qullash reytingi 2 foizdan 4 foizgacha bo‘lib turibdi.
U korrupsiya, xususan, Rolex soatlari bilan noqonuniy boyish ayblovlariga duch kelgan. Shuningdek, politsiya va harbiylarning 50 dan ortiq odam halok bo‘lgan hukumatga qarshi namoyishlarga munosabatini nazorat qilishdagi roli bo‘yicha tergov qilingan.
Boluartega impichment e’lon qilish bo‘yicha ko‘plab urinishlar uni qo‘llab-quvvatlovchi konservativ siyosiy partiyalar tomonidan to‘xtatilgan.
Ma’lumot uchun, Peruda 2018 yildan beri olti nafar prezident ishlagan bo‘lib, ularning uch nafari ayni paytda qamalgan.
Muxolifat vakili Xayme Kito Kongressda ish haqini oshirishni bekor qilish tashabbusini ilgari surishni rejalashtirayotganini aytdi.
«Bu shunday jiddiy muammolarga duch kelayotgan mamlakat ustidan kulishdir», dedi u.