O‘zbekiston | 14:47 / 04.07.2025
883
2 daqiqa o‘qiladi

Portlovchi va zaharli moddalar aylanmasiga bo‘lgan talablar kuchaytirildi

Vazirlar Mahkamasining «Yonish va portlash xavfi bo‘lgan muhitni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar, shuningdek, ayrim zaharli moddalar aylanmasini tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida» qarori qabul qilindi.

2025 yil 1 avgustdan boshlab portlovchi va xavfli moddalarni, ularni o‘z ichiga olgan materiallarni, shuningdek portlatish vositalarini yaratish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash va realizatsiya qilish uchun litsenziya berishda Favqulodda vaziyatlar vazirligi bilan kelishish zarur.

Ushbu faoliyat turlarini litsenziyalashda quyidagi talablarga rioya etilishi kerak:

  • Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligining atrof-muhitni muhofaza qilish normalariga muvofiqlik talablari;
  • Ichki ishlar vazirligi va Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmatining portlovchi va zaharli moddalarni, ularni ishlatgan materiallar va buyumlarni, shuningdek portlatish vositalarini maxsus transport vositalarida tashish zarurligi haqidagi talablari;
  • Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan normativlarga muvofiq tirik organizmga ta’sir etish darajasiga qarab I, II va III xavflilik sinflariga (o‘ta xavfli, yuqori xavfli va o‘rtacha xavfli) mansub zaharli moddalarga bo‘lgan qonunchilik talablari, shuningdek obektning sanitar-himoya zonasini belgilash bo‘yicha normativ hujjatlar talablari;
  • Favqulodda vaziyatlar vazirligining saqlash, tashish, foydalanish va utilizatsiya sohasidagi talablari.

Hujjat bilan yonish va portlash xavfi bo‘lgan muhitni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan kimyoviy moddalar, shuningdek ayrim zaharli moddalar aylanmasini tartibga solishni takomillashtirish chora-tadbirlari rejasi tasdiqlandi.

Mavzuga oid