Jahon | 15:12
1227
2 daqiqa o‘qiladi

Sankt-Peterburgda migrantlar uchun taksi va kuriyerlik sohasida ishlash taqiqlanmaydigan bo‘ldi

Shahar ma’muriyati bu choralarni iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligini tan oldi.

Foto: Vedomosti

Sankt-Peterburg ma’muriyati migrantlarni taksi va kuriyerlik sohasida ishlashini taqiqlash haqidagi qonun loyihasini iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq emasligini tan oldi. Bu haqda NTV xabar berdi.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, to‘liq taqiq Rossiyaning shimoliy poytaxtida xizmatlar narxining 50 foizgacha oshishiga va sifati yomonlashishiga olib kelishi mumkin.

Shahar Qonunchilik kengashining transport komissiyasi raisi Aleksey Tsivilyov so‘zlariga ko‘ra, 65 ming taksichidan 34 mingga yaqini noqonuniy – reyestr, soliq va patensiz ishlaydi. Rasmiylar qoidalarni qat’iylashtirish o‘rniga, avvalgi choralar samarasizligini tan olib, qoidalarni tartibga solishga qaror qildi.

Shu bilan birga, migrant kuriyerlarga ham taqiq qo‘yilmaydi, biroq skuterlar va velosipedlar tezligiga cheklovlar kiritildi, bunday transport harakati taqiqlangan ko‘chalar ro‘yxati joriy etildi.

Leningrad viloyatida migrantlarning taksi haydovchisi bo‘lib ishlashiga taqiq 2024 yilda qo‘yilgan va bu hozir ham amalda.

Rossiyada migrantlarning mehnat faoliyatidagi cheklovlar ko‘pincha xavfsizlik, maxfiy ma’lumotlardan foydalanish va yuqori ijtimoiy mas’uliyat bilan bog‘liq sohalarga tegishli. Qoidaga ko‘ra, migrantlarga sog‘liqni saqlash sohasida, ayniqsa davolash va parvarish bilan bog‘liq lavozimlarda, shuningdek, bolalarni o‘qitish va tarbiyalash bilan bog‘liq ta’lim sohasida ishlash taqiqlangan.

Shu bilan birga, taqiqlar yo‘lovchi tashish transportiga, jumladan, taksi va avtobuslarga, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish organlariga, shuningdek, davlat sirlari bilan bog‘liq bo‘lgan sohalarga, tog‘-kon sanoati va spirtli ichimliklar savdosiga taalluqlidir.

Bundan tashqari, ba’zi hollarda kutubxonalar va arxivlarda ishlashga cheklovlar qo‘llaniladi, agar u ichki davlat fondlari yoki ma’lumotlar bazalariga kirishni nazarda tutsa.

Mavzuga oid