Eronga qarshi harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish xavfini tug‘dirdi – Shavkat Mirziyoyev
O‘zbekiston rahbari mintaqadagi xavfsizlikni ta’minlash, ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik, Falastin-Isroil ziddiyatini adolatli hal etish, tashkilotning o‘rta va uzoq davrdagi ustuvor rivojlanish yo‘nalishlari, shuningdek, iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari kabi masalalarga e’tibor qaratdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 4 iyul kuni Ozarboyjonning Xonkandi shahrida o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammitida nutq so‘zladi.
Davlat rahbari sammit butun dunyo hamjamiyati keskin inqirozni boshidan kechirayotgan murakkab bir sharoitda bo‘lib o‘tayotganini ta’kidladi.
«So‘nggi oylarda Janubiy Osiyo va Yaqin Sharqda yuz bergan voqealar barchamizni chuqur tashvishga solmoqda. Xalqaro huquq va global xavfsizlik institutlarining tanazzuli muloqot va hamkorlikni yanada zaiflashtirib, kuch ishlatish va zo‘ravonlikka keng yo‘l ochmoqda. Xususan, tashkilotimiz a’zosi bo‘lgan Eron Islom Respublikasiga nisbatan olib borilgan harbiy harakatlar butun mintaqani urush girdobiga tortish, keng miqyosdagi ekologik halokat o‘chog‘ining vujudga kelish xavfini tug‘dirdi. Eron va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha erishilgan kelishuvni qo‘llab-quvvatlaymiz. Ushbu qarorni mintaqadagi keskinlikni yumshatish, xavfsizlikni tiklash yo‘lidagi muhim qadam sifatida baholaymiz», dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston rahbarining ta’kidlashicha, bu kelishuv barcha muammolarni diplomatik va konstruktiv muzokaralar yo‘li bilan hal etish uchun mustahkam zamin yaratadi.
Shavkat Mirziyoyev ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik va ularni ishlatishdan tiyilish xalqaro xavfsizlikning eng dolzarb masalasi ekanini inobatga olib, dunyo hamjamiyatini yana bir bor yadro qurolidan xoli hududlar geografiyasini kengaytirishga chaqirdi.
Shu bilan birga, Falastin-Isroil ziddiyatini adolatli hal etmasdan turib, Yaqin Sharqdagi tinchlik va barqarorlikka erishish mumkin emasligini aytdi.
«Biz G‘azo sektorida harbiy harakatlarni to‘xtatish, ochlik va g‘ayriinsoniy sharoitdan azob chekayotgan aholiga gumanitar yordam ko‘rsatishga hech qanday to‘siq qo‘ymaslik, Birlashgan Millatlar Tashkiloti rezolyutsiyalariga muvofiq mustaqil Falastin davlatini tashkil etish tarafdorimiz», dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi tashkilot doirasidagi sheriklik bugungi kunda nafaqat tabiiy, balki muhim strategik ahamiyatga ega ekanini aytib, bir qator masalalarga e’tibor qaratdi.
«Eng avvalo, biz tashkilotning o‘rta va uzoq davrdagi ustuvor rivojlanish yo‘nalishlarini belgilab olishimiz kerak. Bu borada «Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035» konsepsiyasini qabul qilishimiz zarur. Hujjatda savdo, investitsiya, transport, energetika, sanoat, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, turizm va ta’lim kabi an’anaviy yo‘nalishlar bilan birga, innovatsiyalar, sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar sohalarida hamkorlikni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratish lozim.
Tashkilot doirasida tovar va xizmatlar savdosini soddalashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bosqichma-bosqich bartaraf etish, elektron savdoni rivojlantirish masalalari ayniqsa dolzarbdir.
Shunga e’tiboringizni qaratmoqchiman: hozirgi kunda o‘zaro savdo hajmi past darajada qolmoqda. Bu ko‘rsatkich 2024 yilda 95 milliard dollarni tashkil etib, davlatlarimiz umumiy savdo aylanmasining 10 foizini tashkil etdi.
Mazkur yo‘nalishda strategik masalalarni muhokama qilish, savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni kelishish maqsadida joriy yil Toshkentda savdo vazirlarimizning uchrashuvini o‘tkazish taklifini ilgari suramiz. Bundan tashqari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari savdosi bo‘yicha tezkor ma’lumot almashish va to‘siqsiz yetkazishga qaratilgan «yashil yo‘laklar» tizimini yaratish dolzarbdir», dedi Mirziyoyev.
Shuningdek, O‘zbekiston rahbari sarmoyaviy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, investitsiya muhitini yanada shaffof va jozibador qilish maqsadida uzoq muddatli «Ekoinvest» dasturini qabul qilish tashabbusini ilgari surdi. Bu dasturning asosiy maqsadi mintaqamizdagi istiqbolli loyihalarga xususiy investorlar, banklar va xalqaro moliya institutlarini keng jalb etish, deb hisoblashini aytdi.
«Yana bir ustuvor yo‘nalish. So‘nggi vaqtdagi geosiyosiy voqealar xalqaro logistika zanjirlarining uzilish xavfi naqadar yuqoriligi hamda muqobil transport yo‘laklarini shakllantirish strategik ahamiyatga ega ekanini yana bir bor isbotladi. O‘tgan yili Xitoy–Qirg‘iziston–O‘zbekiston temir yo‘li loyihasini amalga oshirishni boshlaganimiz muhim voqea bo‘ldi. Kelgusida ushbu magistral tarmoq Transafg‘on yo‘lagi bilan tutashib, keng mintaqamizdagi tranzit tarmoqlarini samarali birlashtirish imkonini beradi.
Transport va logistika sohasini raqamlashtirish ishlarini tizimli asosda yo‘lga qo‘yish maqsadida Raqamli transport va bojxona idorasini tashkil etish to‘g‘risidagi tashabbusni amalda tatbiq etish vaqti keldi, deb hisoblaymiz va ekspertlar darajasidagi muzokaralarni jadallashtirish tarafdorimiz. Mintaqada yangi aviaqatnovlar yo‘nalishlarini ochish, aviakompaniyalar o‘rtasida innovatsion hamkorlik shakllarini yo‘lga qo‘yish, turizm va aviatsiya sohalari o‘rtasida marketing bo‘yicha integratsiyalashgan strategiyalarni ishlab chiqish dolzarb vazifalardan biridir. Ushbu masalalarni muhokama qilish maqsadida Milliy aviakompaniyalar forumini Samarqandda tashkil etishni taklif qilamiz», dedi Mirziyoyev.
O‘zbekiston yetakchisi turizm sohasida sayyohlar oqimini ikki barobar oshirish uchun mamlakat yetarli salohiyatga egaligini ta’kidladi. Tashkilot doirasida Turizm xizmatlarini kengaytirish bo‘yicha «yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqish ayni shu ezgu maqsadga xizmat qilishini aytdi.
Shuningdek, Shavkat Mirziyoyev global iqlim kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan davlatlarning intilish va sa’y-harakatlarini birlashtirish muhimligini ta’kidladi.
«Boku shahrida muvaffaqiyatli o‘tgan COP-29 global iqlim sammitida qabul qilingan majburiyatlar va kelishuvlar to‘liq amalga oshirilishining qat’iy tarafdorimiz. Tashkilot doirasida cho‘l hududlarida o‘rmonlar tashkil qilish, rekreatsiya zonalarini barpo etish bo‘yicha Transchegaraviy «yashil dasturi»ni ishlab chiqishni taklif etamiz», dedi u.
Shavkat Mirziyoyev so‘zining yakunida tashkilot faoliyatini takomillashtirish maqsadida tashkil etilgan Yuqori darajadagi qo‘mitaning ishini ijobiy baholadi.
«Qo‘mitaga kelgusi sammitga qadar Tashkilot faoliyatini isloh qilish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar ishlab chiqish vazifasini topshirsak, o‘ylaymanki, ushbu fikrimni ma’qullaysizlar. Bunday islohotlar hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqish, Tashkilotning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori va nufuzini yanada oshirish hamda uning faoliyatini zamon talablariga mos ravishda takomillashtirishga xizmat qilishi shubhasiz», dedi O‘zbekiston rahbari.
Mavzuga oid

20:05 / 04.07.2025
Moskva viloyatidagi Ozarboyjon diasporasi rahbari Rossiya fuqaroligidan mahrum qilindi

19:18 / 04.07.2025
Shavkat Mirziyoyevning Ozarboyjonga tashrifi yakunlandi

17:51 / 04.07.2025
Shavkat Mirziyoyev Xonkendida Pokiston bosh vaziri bilan uchrashuv o‘tkazdi

17:41 / 04.07.2025