Jamiyat | 23:11 / 04.07.2025
6147
5 daqiqa o‘qiladi

«Shaytonarava» ishqi: kasallikmi yoki ijtimoiy muammo?

Bugun ko‘chalarimizda mashinani juda tez haydaydigan, piyodaga yo‘l bermaydigan, faqat kemerasi bor svetoforda to‘xtaydigan, bir so‘z bilan aytganda, «shaytonarava»sini dunyodagi eng aziz ne’mat deb biladigan «haydovchilar» nega bunchalik ko‘p ekanining bitta sababi haqida gaplashamiz. Ha, buning sabablari ko‘p. Ruhiyatga, genga, ilmsizlikka, dunyoqarashga bog‘liq o‘nlab sabablar keltirish mumkin. Lekin biz aytmoqchi bo‘lgan sabab eng jiddiysi, menimcha.

Ko‘chada bilganini qilib mashina haydaydigan befarosatlarni aslida avtoterrorist deb atash ham mumkin, lekin nima bo‘lganda ham, ular bizning vatandoshimiz. Shu uchun ularni hurmat bilan shunchaki befarosat haydovchilar deya qolamiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Mashina vasvasasi

Bizda insonlarning mashinaga bo‘lgan munosabatlari hayratlanarli. Ko‘chada qimmatroq mashinasini birov sal turtib ketgan haydovchilar xuddi xonumonidan ayrilganday holatga tushganini ko‘p ko‘rganman. Nega shunday ekanini ancha yildan beri o‘ylab kelardim. Menimcha, eng jiddiy sabab – mashina narxi. Bizda uzoq yillar insonlar daromadi va mashina narxi o‘rtasida farq juda katta edi. Oxirgi yillarda bozorga Xitoy elektrokarlari kirib kelib vaziyat biroz o‘zgardi, biroq mashina narxi baland bo‘lgani o‘zbeklar orasida uni shunchaki ulov emas, orzu qilib yetishadigan boylikka aylantirdi.

Masalan, qishloqdagi oilaing eng katta orzusi – yillab mehnat qilib, yig‘ib-terib, ba’zan ro‘zg‘ordan tejab Damas olish. Yaxshi-da, bizda to‘y hasham ko‘p, olifta moshinaga qancha odam sig‘ardi, Damas'ga katta oila bola-chaqasi bilan sig‘ib ketaveradi. Yoki Rossiyaga ishlagani ketgan yosh zabardast yigitning orzusi – bir necha yil qurilishda qiynalib ishlab, uyga qaytgach Gentra olish! Iloji bo‘lsa qorasidan, oynasi ham qora bo‘lsin, qizlar ko‘rganda «vau» desin.

Siz endi bir necha yil mehnat qilib, bir tinlab yig‘ib «Damas» olgan boyagi haydovchiga «Sekin hayda», deb ko‘ringchi. Bu haydovchi ko‘ziga «Damas» shunchaki mashina emas, bir necha yillik mehnatining samarasidek ko‘rinadi. Yoki boyagi Rossiyada ishlab Gentra olgan yigitga «Ey uka, sekinroq hayda, ko‘chada bolalar deb», ko‘ringchi, eshitadiganingizni eshitasiz. Axir u bola mardikorlik qilib Gentra'ni «bag‘illatib bosish uchun» olgan-ku! To‘y kortejida yurganda boshqa haydovchilarga xalaqit bermasa, onasi zo‘rg‘a uxlatgan bolani uyg‘otadigan yoqimsiz signal chalmasa, bo‘zyigit Gentra'ni nimaga olgan axir.

Bilasizmi, agar mashina jonvor arzonroq matoh bo‘lganida odamlar bu «shaytonarava»ga bunaqa mehr bermagan bo‘lardi, menimcha. Ahvol shunchalikka bordiki, insonlar mashinaga umri davomida erishgan natijasi deb qaraydigan bo‘ldi:

– Falonchi, umring davomida nimaga erishding?

– Qora Gentra oldim.

– Senchi, pistonchi?

– Mening Cobalt'im bor, yaqinda sotib KIA olaman, bo‘lib to‘lashga berishyapti ekan...

Bu juda yomon narsa, azizlar. Mashinaga shunchaki uzoqni yaqin qiladigan texnika deb qarashga odatlanishimiz kerak. Aytgancha, gapni mashina narxidan boshlagan edik. Men bugun sizlarga mashina juda arzon joy haqida gapirib bermoqchi edim. U yerda 1000 dollarga zo‘r Spark, 4500 dollarga Malibu, 2500 dollarga Captiva olish mumkin. Naq «avtosusambil» o‘ziyam! Men tavsiya qiladigan videoni ko‘rgach, «Captiva'm bor», deb maqtanadigan tanishlaringiz bemalol «2500 dollarlik mashinang bilan katta ketma», deyishingiz mumkin.

Bilsangiz kerak, Kun.uz'ning Subyektiv degan loyihasi bor. Loyihaning navbatdagi sonini hamkasblarimiz Janubiy Koreyada suratga olishdi. Dastur davomida juda arzon, lekin yaxshi holatdagi mashinalar sotiladigan bozorga sayohat qilishingiz, Shimoliy Koreya hujum qilganda yashirish uchun qurilgan yerosti bombapanalarini ko‘rishingiz, o‘zbekcha gapiradigan koreyslardan hayratlanishingiz, bir so‘z bilan aytganda, Janubiy Koreyani o‘zingiz uchun boshqacha rakursda kashf qilishingiz mumkin.

Hamkasblarimiz ko‘rsatuvni tayyorlash uchun ko‘p mehnat qilishgan. Boshqa davlatga borib uning hayoti haqida ko‘rsatuv tayyorlash juda qiyin ish. Shu sabab Subyektiv'ning bu galgi sonini albatta tomosha qiling.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid