O‘zbekiston | 15:43 / 05.07.2025
899
2 daqiqa o‘qiladi

May oyida O‘zbekistonga 1,1 mlndan ortiq sayyoh tashrif buyurdi

Yamanning nufuzli Hadarmawt elektron nashrida "O‘zbekiston Eco Expo Central Asia 2025 ko‘rgazmasida kelajak ekoturizmini taqdim etdi" sarlavhali maqola e’lon qilindi.

Unda Toshkentdagi Central Asian Expo ko‘rgazma majmuasida Markaziy Osiyodagi eng yirik Eco Expo Central Asia 2025 xalqaro ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tgani haqida so‘z boradi.

"Ekologik texnologiyalarga, atrof-muhitni muhofaza qilish, barqaror rivojlanish va "yashil" iqtisodiyotga bag‘ishlangan ushbu ko‘rgazmada O‘zbekiston Turizmni rivojlantirish qo‘mitasi mamlakatning ekologik turizm sohasidagi yutuqlarini namoyish etdi. Milliy an’analar va zamonaviy texnologiyalarning uyg‘unligiga urg‘u berilgan O‘zbekiston paviloni ko‘rgazma ishtirokchilarida katta taassurot qoldirdi",– deb yozilgan maqolada.

Shuningdek, nashrda xorijiy sayyohlarning O‘zbekistonga bo‘lgan qiziqishi tobora ortib borayotgani urg‘ulangan. Ma’lum qilinganidek, birgina 2025 yil may oyining o‘zida mamlakatga 1,1 milliondan ortiq sayyoh tashrif buyurgan. Bu esa davlat tomonidan turizmni ochiq, ekologik va investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga qaratilgan islohotlarning samaradorligini tasdiqlaydi.

"Eco Expo Central Asia 2025 ko‘rgazmasida ishtirok etish O‘zbekistonning ekologik yo‘naltirilgan turizmni rivojlantirish bo‘yicha mintaqada yetakchi o‘rinni egallashga intilishini va ushbu sohada faol xalqaro hamkorlikka tayyorligini butun dunyoga namoyish etish imkoniyatini taqdim etdi. Milliy stend nafaqat O‘zbekistonning barqaror turizmining tashrif qog‘ozi, balki konstruktiv muloqot, tajriba almashish va kelajak uchun samarali yechimlarni ishlab chiqish maydoniga aylandi",– deya ta’kidlangan maqolada.

Mavzuga oid