Jahon | 17:41 / 06.07.2025
1439
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda qullikni bekor qilish haqidagi hujjat 13,7 mln dollarga sotildi

Qullikni taqiqlovchi hujjat AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln tomonidan imzolangan. Ushbu chora AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 13-tuzatish sifatida mustahkamlangan.

Foto: Sotheby’s

Amerikalik milliarder Kennet S. Griffin Sotheby’s auksionida AQShda qullikni taqiqlovchi hujjatni sotib oldi, deb yozmoqda My Weekend.

Qayd etilishicha, hujjatning qiymati komissiya to‘lovlari bilan hisoblaganda 13,7 million dollarni tashkil etgan. Qullikni taqiqlovchi hujjat AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln tomonidan imzolangan. Ushbu chora AQSh Konstitutsiyasiga kiritilgan 13-tuzatish sifatida mustahkamlangan.

Senat 1864 yilda, Vakillar palatasi 1865 yilda ushbu tuzatishni qabul qilgan. Biroq ba’zi shtatlar, jumladan, Kentukki (1976) va Missisipi (1995) 20-asrda uni ratifikatsiya qilgan.

Griffin, shuningdek, 1864 yilda Linkoln tomonidan imzolangan Qullarni ozod etish to‘g‘risidagi proklamatsiyani 4,4 millionga sotib olgan.

O‘z bayonotida milliarder bu hujjatlar «insonlar tengligi g‘oyasini jamiyatda mustahkamlab, ulkan taraqqiyot bosqichi bo‘lgani»ni ta’kidlagan.

Kennet S. Griffin — Citadel xej-fondi asoschisi, san’at sohasidagi eng yirik kolleksioner va homiylardan biri. U ARTnews Top 200 Collectors ro‘yxatiga kiritilgan va Jasper Jons, Villem de Kuning Jyekson Pollok va Pol Sezann kabi rassomlarning asarlariga egalik qiladi.

Mavzuga oid