Sport | 09:30 / 06.07.2025
9904
9 daqiqa o‘qiladi

«PSJ» 9 kishi bo‘lib «Bavariya»ni klublar mundialidan chiqarib yubordi

Musialaning og‘ir jarohati ko‘pchilikni shokka tushirdi, Dembele esa golini Jotaga bag‘ishladi.

«PSJ» ikki chetlatishdan keyin ham g‘alabani saqlab qoldi

KJCh. Chorakfinal
«PSJ» - «Bavariya» 2:0
5 iyul. Atlanta. «Mersedes-Bens»
Gollar:
Dezire Due, 78 (1:0), Usmon Dembele, 90+6 (2:0).
«PSJ»: Donnarumma, Hakimi, Markinos, Pacho, Mendesh, Ruis (Zair-Emeri, 80), Vitiniya, Nevesh, Barkolya (Dembele, 70), Due (Ernandes, 80), Kvaratsxeliya (Beraldo, 84).
«Bavariya»: Noyyer, Upamekano, Ta, Kimmix, Keyn, Koman (Myuller, 80), Olise, Laymer, Musiala (Gnabri 46), Satanishchich (Boe 34, Gerreyro, 88), Pavlovich (Goretska, 80).
Ogohlantirishlar: Laymer, 68 (Bavariya), Dyye, 76 (PSJ).
Chetlatishlar: Pacho, 82 (PSJ), Ernandes, 90+2 (PSJ).

«PSJ» klublar o‘rtasidagi jahon chempionati yarimfinaliga chiqdi. Luis Enrike shogirdlari ikki kishi kam bo‘lib qolganiga qaramay, «Bavariya»ni mag‘lub etishning uddasidan chiqdi.

«Al-Hilol» va Lotin Amerikasi vakillari iroda va sifatli futbol bo‘lan barchani hayron qoldirdi, ammo ko‘pchilikni Yevropaning grand jamoalari to‘qnashuvi qiziqtirardi. «Bavariya» va «PSJ» esa aynan shunday jamoalardir.

To‘g‘ri, ikki jamoaga ham turnir davomida savollar paydo bo‘ldi. Parijliklar guruh bosqichida «Botafogo»ga yutqazib qo‘ydi (0:1), Luis Enrikening hujum chizig‘i esa sermahsullik ko‘rsata olmayapti. «Bavariya» «Oklend Siti»ni tor-mor etganidan keyin (10:0) boshqa bunday kuchli o‘yin namoyish etmadi — Vensan Kompani juda ko‘p rotatsiya qildi va bu o‘yin sifatiga ta’sir ko‘rsatmay qolmadi. Guruh bosqichida myunxenliklar kutilmaganda «Benfika»ga yutqazdi (0:1), 1/8 finalda «Flamengo» to‘sig‘idan qiynalib o‘tdi (4:2).

Ikki klub ham — to‘pga egalik qilishni yoqtiradigan jamoalar sirasiga kiradi, shu tufayli o‘yindagi asosiy intriga hududlarga kim egalik qilish masalasi bo‘lishi oldindan tayin edi. Kompani va Enrike to‘pga egalik qilishga urg‘u qaratiladigan dominant futbol namoyish etadi va bunday jamoalar pley-offda uchrashganida, o‘yin qanday kechishini kuzatish doim qiziq bo‘ladi.

Ilk daqiqalarda o‘yinda «PSJ» ustunlik qiladigandek ko‘ringandi — o‘yin boshlangani haqidagi hushtak chalinganidan ko‘p o‘tmay Xvicha to‘pni Olisedan olib qo‘ydi va Duega pas berdi, hujumchi olis burchakni aniq nishonga olishiga bir necha santimetr yetmay qoldi. 10-daqiqaga kelib esa maydonning «Bavariya» raqib jarima maydoni joylashgan ikkinchi qismida muqim o‘rnashib olib, ketma-ket pozitsion hujumlar uyushtira boshladi. Asosiy urg‘u Laymer, Kimmih va Olise o‘ziga xos uchburchak hosil hosil qilgan o‘ng qanotda faol o‘ynashga qaratildi — ushbu futbolchilardan to‘pni olib qo‘yish amalda imkonsiz edi. Ikkinchi qanotdagi Komanga olis uzatmalar bilan to‘p yetkazib berildi va u ko‘p hollarda raqibning faqat bir himoyachisi qarshisida qoldi.

Ammo myunxenliklar kutilganidan kamroq supervaziyatlarga ega bo‘lishdi, bunday vaziyatlar yaratilganida esa Donnarumma o‘zini ko‘rsatdi. 

Kompani birinchi bo‘limdayoq majburiy almashtirish qildi: Stanishich jarohat oldi, uning o‘rniga chap qanotga Laymer o‘tkazildi, o‘ng qanotda Stanishichning o‘rniga tushgan Boe harakat qildi, bu esa Kvarsxeliyaning ishini osonlashtirdi.

Birinchi bo‘lim qo‘rqinchli epizod bilan yakunlandi — nemislar jamoasi yarimhimoyachisi Jamol Musiala og‘ir jarohat oldi. Uning to‘piq qismi boshqa tomonga qayrilib ketdi.

Birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarda 22 yoshli havbek pressing qilish uchun Janluidji Donnarummaga tashlandi. «PSJ» darvozaboni o‘zini ham, raqibni ham ayamay to‘pga tashlandi.

Videotakrorda Musialaning oyog‘i notabiiy ravishda boshqa tomonga qayrilib ketgani ko‘rindi. Uning atrofida to‘plangan futbolchilarning holati vaziyat qanchalik og‘irligini ko‘rsatib turardi. Donnarumma esa o‘zini aybdor his qilib yig‘lab yubordi.

Musialani shifokorlar zambilga solib olib chiqib ketishdi, u katta ehtimol bilan oyog‘ini sindirib olgan va kamida yarim yilga safdan chiqqan.

Ikkinchi bo‘limda Jamolning o‘rniga Gnabri o‘ynadi. Serj shu kunga qadar sotuvga qo‘yilgan futbolchilar ro‘yxatida edi, ammo Musialaning jarohati tufayli klub uni qo‘yib yuborishi qiyin bo‘ladi. Vinger o‘yinga faol qo‘shildi va raqib darvozasiga tahdid solishga harakat qildi, o‘yinning bir soati ortda qolganida esa penalti ishlashi mumkin edi, ammo Teylor nuqtani ko‘rsatmadi.

Bu vaqt davomida «Bavariya» safidagi eng yorqin futbolchi Manuel Noyyer bo‘ldi. Faxriy darvozabon Barkolya bilan yakkama-yakka vaziyatda ustun keldi, keyin esa pleymeykerlik qobiliyatlarini ishga solib, oldingi chiziqdagi sheriklariga aniq uzatmalar orqali birin-ketin hujumlarni boshlab berdi. Ammo 39 yoshli darvozabon o‘z uslubida golga sababchi bo‘lishi ham mumkin edi — Manu yaqin masofadagi sherigiga pas berishga urinib, to‘pni Xvicha turgan joyga qarab tepdi, ammo hujum yakunida Dembele aniq zarba berolmadi.

Ko‘p o‘tmay Due katta sahnaga chiqdi va bu safar omad ham, Noyyer ham yordam berolmadi. Chempionlar ligasi finali qahramoni bo‘lgan va Golden Boy mukofoti uchun asosiy nomzodga aylangan yosh futbolchi o‘ng qanotda to‘pni egallab, markazga ko‘chdi va yaqin burchakka aniq zarba berdi. Chap qanoti bir necha jamoadoshlari bilan himoyalanganiga ishonib qolgan Noyyer zarba olis burchakka yo‘naltirilishini kutgandi, ammo to‘p qayerdan kelganini ko‘rmay qoldi.

Keyin esa «PSJ» o‘zi barchasini barbod qilishi mumkin edi. Parijliklar himoyada tartibli o‘ynash o‘rniga vahimaga tusha boshladi. 82-daqiqada Pacho maydonga endigina tushgan Goretskaga yeta olmadi va uning oyog‘iga tepgach, maydondan chetlatildi.

Ko‘p o‘tmay Lyuka Ernandes Gerreyruning yuziga tirsagi bilan urib yuborib, jamoasini qiyin ahvolda qoldirdi. Ammo to‘qqiz kishi bo‘lib qolgach ham «PSJ» yengib bo‘lmas mashinaligicha qoldi, jamoa yaxshi himoyalandi, 90+6-daqiqada esa ajoyib qarshi hujum uyushtirdi. Dembelening dastlabki zarbasi to‘singa bordi, qaytgan to‘p parijliklarda qoldi va ikkinchi tempda davom etgan hujum yakunida Hakimi uch futbolchini aldab o‘tib, jarima maydonida bo‘sh qoldirilgan Usmonni to‘p bilan ta’minladi, u bu safar qaytarib bo‘lmas zarba yo‘lladi. Fransuz futbolchisi hisobni 2:0 ko‘rinishiga yetkazdi va golni Diogu Jota uslubida nishonladi...

Ammo bu hali hammasi emasdi. 90+9-daqiqada Mendesh oyog‘ini Myullerning boshi darajasida baland ko‘tardi, Entoni Teylor 11 metrlik nuqtani ko‘rsatdi. «PSJ» futbolchilari hakamga tashlandi, u esa videotakrorni ko‘rib kelib, qarorini bekor qildi — bu holatda futbolchining oyog‘i raqibning boshiga tegmagandi. Shundan keyin hakam hushtagini chaldi, «PSJ» dramatik kechgan bahsda g‘olib kelib, yarimfinalda «Borussiya» — «Real» juftligi g‘olibiga qarshi o‘ynaydigan bo‘ldi.

Mavzuga oid