Jahon | 16:07 / 06.07.2025
5607
2 daqiqa o‘qiladi

Yaman husiychilari Isroil poytaxti aeroportiga raketa zarbasini berdi

Husiylar Ben-Gurion aeroportiga gipertovushli raketa bilan hujum qildi. Isroil Yamandan uchirilgan raketalar muvaffaqiyatli tutib qolinganini bildirdi.

Foto: SANA

Yaman husiychilari gipertovushli ballistik raketa bilan Isroil poytaxtidagi Ben-Gurion aeroportiga zarba berdi. Bu haqda «Ansar Alloh» harakati matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, husiychilar zarba berishda o‘zlari tomonidan muhim texnologik yutuq deya ta’riflanadigan «Falastin-2» raketasidan foydalangan. U 2024 yilda G‘azoni qo‘llab-quvvatlash operatsiyasi uchun yaratilgan edi.

Zarba nishonga tekkan va aeroportdagi harakatning to‘xtatilishiga olib kelgan.

Isroil Mudofaa armiyasi (TSAHAL) tunda Yaman tomonidan uchirilgan raketalar muvaffaqiyatli tutib qolinganini ma’lum qilgandi. O‘lik dengiz atrofi va O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilidagi ayrim hududlarda sirenalar yangragan.

Isroil va HAMAS o‘rtasida urush boshlanganidan keyin husiychilar bir necha bor Isroilga ballistik raketalar hamda dronlar bilan hujum qildi. Ular bu ishni G‘azo sektoridagi falastinliklarga birdamlik belgisi sifatida amalga oshirayotganliklarini ta’kidlab keladi.

Bundan oldin husiychilar iyun oxirlarida Isroilning Beer-Sheva shahriga raketa hujumlarini amalga oshirgandi. Shundan keyin mamlakat mudofaa vaziri Israel Kats Yamanga «Tehronning taqdirini» va’da qilgan edi.

Mavzuga oid