Jahon | 09:05
4347
5 daqiqa o‘qiladi

AQSh savdo urushining yangi bosqichi: Tramp Yaponiya, Koreya va Qozog‘istonga 25% boj soldi

AQSh prezidenti Donald Tramp 1 avgustdan boshlab Yaponiya, Janubiy Koreya, Qozog‘iston va yana o‘nlab davlatlardan import qilinadigan tovarlarga yangi bojlar joriy etilishini bildirib, ularga maktub yubordi. «Ushbu xat, sezilarli savdo defitsitiga qaramay, AQSh siz bilan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ko‘rsatadi», - deyiladi To‘qayevga yo‘llangan maktubda.

Foto: REUTERS/Eduardo Munoz

AQSh Prezidenti Donald Tramp dushanba kuni Yaponiya va Janubiy Koreya kabi kuchli ta’minotchilardan tortib, kichik savdo hamkorlari bo‘lgan davlatlargacha bo‘lgan mamlakatlarga, 1 avgustdan boshlab AQSh tomonidan keskin oshirilgan boj stavkalari kuchga kirishini ma’lum qilishni boshladi. Reutersʼning yozishicha, bu — Tramp joriy yil boshida boshlagan savdo urushining yangi bosqichini anglatadi.

Yaponiya va Janubiy Koreya kabi asosiy ittifoqchilardan import qilinadigan barcha tovarlarga AQSh importchilari uchun 25 foizlik boj joriy etilishi Wall-street’ni larzaga soldi, lekin Osiyo bozorlarida bu xabar nisbatan xotirjam qabul qilindi.

Tramp o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida AQSh tomonidan 14 ta mamlakatga yuborilgan maktublarni e’lon qildi. Ular orasida Serbiya, Tailand, Tunis va Qozog‘iston kabi kichik eksportchilar ham bor. Bu maktublarda qo‘shimcha muzokaralar uchun imkoniyatlar nazarda tutilgan bo‘lsada, aks javob choralari ko‘rilsa, bunga ham shunday javob qaytarilishi haqida ogohlantirilgan.

«Har qanday sababga ko‘ra siz bojlaringizni oshirsangiz, siz tanlagan raqamga qo‘shimcha tarzda bizning 25% boji ustiga qo‘shiladi», — deb yozgan Tramp Yaponiya va Janubiy Koreyaga yo‘llagan maktublarida.

Xususan, Tramp xat yuborilgan davlatlarga quyidagi boj stavkalarini joriy qilmoqchi ekanligini ma’lum qildi:

·       Tunis, Malayziya va Qozog‘iston: 25%

·       Janubiy Afrika, Bosniya va Gersegovina: 30%

·       Indoneziya: 32%

·       Serbiya va Bangladesh: 35%

·       Kambodja va Tailand: 36%

·       Laos va Myanma: 40%

Nashrga ko‘ra, yangi bojlar 1 avgustdan kuchga kiradi va ilgari e’lon qilingan avtomobil, po‘lat yoki alyuminiy kabi sektoral bojlar bilan birlashtirilmaydi.

Xususan, Markaziy Osiyodagi qo‘shnimiz Qozog‘iston prezidenti Qosim Jo‘mart To‘qayevga yo‘llangan xatda 1 avgustdan boshlab Qozog‘istondan import qilinadigan barcha tovarlarga 25% boj stavkasi joriy etilishi yozilgan.

«Sizga ushbu maktubni yuborish men uchun katta sharaf, chunki bu bizning savdo aloqalarimizning mustahkamligini va AQSh sizning buyuk mamlakatingiz bilan sezilarli savdo defitsitiga qaramay, hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini ko‘rsatadi», — deyiladi maktubda.

Trampning ta’kidlashicha, AQSh va Qozog‘iston yillar davomida savdo munosabatlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘lgan, ammo hozir Vashington uzoq muddatli defitsitga qarshi kurashni muhim deb biladi.

Bu bojlar AQSh hududida bevosita mahsulot ishlab chiqaradigan kompaniyalarga tatbiq etilmaydi.

Aprel oyida Tramp ma’muriyati tomonidan «global savdo urushi» boshlanganidan so‘ng mamlakatlar bilan kelishuvlarga erishish uchun vaqt kamayishni boshlagan edi. Bu moliyaviy bozorlarda beqarorlik keltirib chiqardi va ko‘plab hukumatlar o‘z iqtisodiyotlarini himoya qilish uchun choralar ko‘ra boshladi.

Dushanba kuni Tramp muzokaralar muddati sifatida belgilangan chorshanba sanasini 1 avgustgacha uzaytiruvchi farmonni imzoladi. «Bu muddat qat’iy, lekin 100% qat’iy emas. Agar ular qo‘ng‘iroq qilib, boshqa yo‘l tutmoqchimiz desa, biz bunga ochiqmiz,» — dedi Tramp.

Tramp muzokaralar natijasi borasida ko‘p davlatlarni noaniqlikda qoldirib kelmoqda. Hozirgacha AQSh faqat ikki davlat — Buyuk Britaniya va Vetnam bilan to‘liq kelishuvga erishgan. Xitoy bilan esa iyun oyida tarif stavkalari bo‘yicha umumiy kelishuv bo‘lgan.

Evroittifoqqa xat yuborilmaydi

Yevropa Ittifoqiga yuqori tariflarni belgilovchi maktub yuborilmaydi, degan Reutersʼga YeI manbalari. YeI Komissiyasi prezidenti Ursula fon der Lyayen va Tramp o‘rtasida «yaxshi muloqot» o‘tdi. Komissiya bayonotida aytilishicha, ular chorshanbagacha savdo bitimi tuzishga umid qilmoqda.

YeI rahbarlari kengroq bitim o‘rniga tezkor va yengilroq bitimga borish yoki iqtisodiy kuchdan foydalangan holda ko‘proq foyda olish borasida ikkilanmoqda edi. Ular iyulga qadar keng qamrovli bitimdan umidni uzgandi.

Tramp, shuningdek, kecha Braziliyada yig‘ilgan BRIKS davlatlari yetakchilarini va ularning «AQShga qarshi siyosati»ni qo‘llagan davlatlarga qo‘shimcha 10% boj bilan tahdid qilgandi. BRIKS tarkibiga Braziliya, Rossiya, Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlar kiradi.

Mavzuga oid