O‘zbekiston | 16:59
837
7 daqiqa o‘qiladi

Central Asian University RUR va THE Impact Rankings 2025 xalqaro reytinglarida o‘z mavqeini mustahkamlamoqda

Central Asian University (CAU) o‘tgan bir yil davomida o‘zining akademik va boshqaruv salohiyatini sezilarli darajada rivojlantirdi. Buni ikki muhim yutuq tasdiqlaydi: universitet nufuzli Round University Ranking (RUR) 2025 reytingi bo‘yicha dunyoning eng yaxshi oliy ta’lim muassasalari ro‘yxatidan o‘rin egalladi hamda BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirishga universitetlar qo‘shgan hissasini baholovchi Times Higher Education Impact Rankings 2025 reytingida ilk bor ishtirok etdi.

Round University Ranking 2025 dagi yutuqlari

2025-yil iyun oyida 2010-yildan beri o‘tkazilib kelinayotgan va 100 dan ortiq mamlakatni qamrab olgan nufuzli global universitet reytinglaridan biri — Round University Ranking (RUR)ʼning yangi natijalar e’lon qilindi. Ushbu reyting universitetlar faoliyatini to‘rtta asosiy sohaga bo‘lingan 20 ta ko‘rsatkich bo‘yicha tahlil qiladi:

• o‘qitish sifati;

• ilmiy-tadqiqot faoliyati;

• xalqaro hamkorlik (International Diversity);

• moliyaviy barqarorlik (Financial Sustainability).

Baholash natijalariga ko‘ra, Central Asian University ilk bor dunyoning TOP-1000 ta eng yaxshi universitetlari qatoriga kirib, umumjahon reytingida 975-o‘rinni egalladi. Alohida yo‘nalishlar bo‘yicha universitet quyidagi natijalarni ko‘rsatdi:

• o‘qitish sifati ko‘rsatkichi bo‘yicha 936-o‘rin;

• xalqaro faollik toifasida 669-o‘rin, bu xorijiy universitetlar bilan keng hamkorlikni, xorijiy o‘qituvchilar va talabalarning mavjudligini, shuningdek, xalqaro akademik almashinuv dasturlarida faol ishtirok etishni anglatadi.

Bundan tashqari, universitet "Xalqaro xilma-xillik" mezoni bo‘yicha O‘zbekistonda 1-o‘rinni egallab, xalqarolashuv darajasi bo‘yicha mamlakatning boshqa oliy o‘quv yurtlaridan oldinga chiqib oldi. Moliyaviy barqarorlik reytingida CAU dunyoda 257-o‘rinni egallab, "Kumush liga"dan o‘rin oldi. Reytingning bu segmenti universitetlarning uzoq muddatli ishonchliligini baholashda ayniqsa muhimdir: kampusni rivojlantirishga sarmoyalar, ta’lim dasturlarini qo‘llab-quvvatlash uchun daromad yaratish qobiliyati, shuningdek, barqaror va "yashil" rivojlanish yo‘nalishidagi sa’y-harakatlar hisobga olinadi.

Shunday qilib, Round University Ranking 2025 natijalari CAU akademik standartlarni izchil oshirayotgani, ilmiy-tadqiqot infratuzilmasini rivojlantirayotgani va barqaror boshqaruv modelini shakllantirayotganidan dalolat beradi.

THE Impact Rankings 2025ʼdagi ilk ishtirok

Central Asian Universityʼning Times Higher Education Impact Rankings 2025’dagi birinchi ishtiroki ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi — bu universitetlarni nafaqat akademik ko‘rsatkichlar bo‘yicha, balki BMT tomonidan tasdiqlangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishga qo‘shgan hissasi bo‘yicha ham baholaydigan kam sonli jahon reytinglaridan biridir.

2025 yilda ushbu reytingda 130 mamlakatdan 2500 dan ortiq universitet ishtirok etdi. Reyting universitetlarning sifatli ta’limni ta’minlash, munosib mehnat va iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlash, barqaror shaharlarni rivojlantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish va adolatli institutlarni shakllantirish kabi yo‘nalishlardagi hissasini baholaydi.

Central Asian University umumiy hisobda 1501+ toifasida ilk bor ishtirok etdi va bir qator asosiy Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ko‘rsatkichlarni taqdim etdi:

• SDG 6 (Toza suv va sanitariya) - 601+ toifasi;

• SDG 8 (Munosib mehnat va iqtisodiy o‘sish) - 1001+ toifasi;

• SDG 4 (Sifatli ta’lim) - 1501+ toifasi;

• shuningdek, SDG 7, 10, 11, 12, 16 (toza energiya, tengsizlikni qisqartirish, barqaror shaharlar va jamoalar, mas’uliyatli iste’mol va ishlab chiqarish, tinchlik va adolat) - barchasi 801+ oralig‘ida.

Reyting natijalari iyun oyida Istanbulda bo‘lib o‘tgan Global barqaror Rivojlanish Kongressi 2025 doirasida e’lon qilindi. Unda barqaror rivojlanish bo‘yicha global yondashuvlar va universitetlarning ekologik va ijtimoiy mas’uliyatli kelajakni shakllantirishdagi roli muhokama qilindi.

Universitetlar bu turdagi reytinglarda nima uchun ishtirok etadi?

Ikkala reyting ham xalqaro miqyosda e’tirof etilishga intilayotgan universitetlar uchun muhim vosita hisoblanadi.

RUR universitetning o‘qitish sifati, ilmiy tadqiqotlari va global ishtiroki bo‘yicha jahon yetakchilari orasidagi o‘rnini baholash imkonini beradi, shuningdek, investorlar, hamkorlar va talabalar uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatadi.

THE Impact Rankings esa o‘z navbatida, universitetlarning ijtimoiy va ekologik hissasiga e’tibor qaratib, ularning insoniyat oldida turgan global muammolarni hal etishga qanchalik yordam berayotganini namoyish etadi.

CAU uchun ushbu reytinglardagi ishtirok va yutuqlar universitetning ta’lim va tadqiqot faoliyatini xalqaro standartlarga muvofiq yo‘lga qo‘yayotgani, ESG tamoyillarini (ekologik,ijtimoiy va boshqaruv amaliyotlarini) faol joriy etayotgani hamda barqaror rivojlanishning global kun tartibini amalga oshirishga hissa qo‘shayotganining muhim ko‘rsatkichidir.

Central Asian University rektori Kamran Gulamov reytinglardagi yutuqlarni sharhlab, ular universitet uchun shunchaki rasmiy ko‘rsatkichlar emasligini ta’kidladi: "Bu bizning yangi turdagi — dunyoga ochiq, ta’lim, ilmiy ish va boshqaruvda ilg‘or yondashuvlarga yo‘naltirilgan universitet qurish strategiyamizning tasdig‘idir. Biz nafaqat akademik hamjamiyatni rivojlantirish, balki butun mintaqaning barqaror kelajagiga hissa qo‘shishdek muhim vazifani zimmamizga olganmiz".

Bunday natijalar Central Asian University Markaziy Osiyo oliy o‘quv yurtlari orasida salmoqli o‘rin egallab, ishonchli va zamonaviy universitet sifatidagi obro‘sini shakllantirayotganidan dalolat beradi. O‘zbekiston oliy ta’lim tizimi uchun bu, shuningdek, milliy oliy o‘quv yurtlarining jahon akademik xaritasidagi o‘rni va global tashabbuslarga qo‘shilishining tobora ortib borayotganini ko‘rsatuvchi omildir.

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid