Iqtisodiyot | 21:57 / 08.07.2025
936
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 6 oy ichida ilk marta kamaydi

Iyun oyida zaxiralar qiymati 1,15 mlrd dollarga kamayib, 48,55 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxira oltinning fizik hajmi o‘tgan oyga nisbatan 290 ming unsiyaga oshdi. “Xavfsizlik yostiqchasi”ning 2,2 foizga “puchayishi” jahon bozorida oltin narxi biroz pasaygani fonida yuz beryapti.

Foto: Bloomberg

2025 yil 1 iyul holatiga, O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari 48,55 mlrd dollarni tashkil qildi. Zaxiralar qiymati o‘tgan oyga nisbatan 1,15 mlrd dollar yoki 2,2 foizga kamaygan. Bu haqdagi ma’lumotni Markaziy bank taqdim etdi.

Iyun oyi davomida zaxiralarning valuta qismi 1,9 mlrd dollarga, 9,6 mlrd dollargacha qisqargan bo‘lsa, oltin qismi 0,8 mlrd dollarga, 38,4 mlrd dollargacha ko‘paygan.

Zaxiralar tarkibida oltinning fizik hajmi 11,7 troya unsiyani tashkil qilib, o‘tgan oyga nisbatan 290 ming unsiyaga oshgan.

Jahon bozorida oltin narxlarining oshib borishi fonida o‘tgan yilning dekabr oyidan beri O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari faqat oshib kelayotgandi. 1 iyun holatiga qayd etilgan 49 mlrd 665 mln dollarlik zaxiralar – mamlakat uchun tarixiy rekord bo‘lgandi.

Goldprice ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyi yakunlari bo‘yicha 1 unsiya oltin narxi 3264 dollarni tashkil etib, 9,5 dollarga yoki 0,2 foizga arzonlagan. 8 iyul holatiga, 1 unsiya oltin narxi 3323 dollarni tashkil qilmoqda.

Dushanba kuni AQSh prezidenti Donald Tramp 14 ta mamlakat rahbariga yuqori tarif stavkalari bilan tahdid qilgan bayonotlarni e’lon qilgandi. Lekin u 9 iyuldan 1 avgustga qadar bu tariflarni, shuningdek, ko‘pchilik savdo hamkorlari uchun keng o‘zaro tariflarni amalga oshirishni kechiktirish to‘g‘risidagi farmonni imzolaganida, bozorning xavotirlari biroz yumshadi.

Mavzuga oid