Jahon | 10:05
7043
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada Stalinni oqlash avj oldi. Kommunistik partiya Xrushchyovning mashhur ma’ruzasini xatoga chiqardi

Rossiya kommunistlari Xrushchyovning 1956 yilgi KPSS XX s’yezdida Stalinni qoralagan ma’ruzasini «xato va noxolis» deb tan oluvchi rezolyutsiyani qabul qildi. Ular, shuningdek, Volgograd nomini yana Stalingradga o‘zgartirishni taklif qilmoqchi. So‘nggi yillarda Rossiyaning o‘nlab shaharlarida Stalin haykallari paydo bo‘ldi.

Foto: AFP

Rossiya Kommunistik partiyasi KPSS MQ birinchi kotibi Nikita Xrushchyovning partiya XX s’yezdida Iosif Stalin shaxsini qoralagan ma’ruzasini noto‘g‘ri deb e’lon qildi. Rossiya Kommunistik partiyasining Moskva viloyatidagi qurultoyida qabul qilingan rezolyutsiyada Xrushchyovning «Shaxsga sig‘inish va uning oqibatlari to‘g‘risida»gi ma’ruzasini «noto‘g‘ri va siyosiy tarafkashlik» deb atash zarurligi ta’kidlangan, deb yozadi RIA «Novosti» 6 iyul, yakshanba kuni.

Bir kun avval «Interfaks» o‘z ixtiyoridagi rezolyutsiya loyihasi matniga tayanib, hujjat Stalinga nisbatan «to‘liq tarixiy adolatni tiklash»ga qaratilgani haqida xabar bergan edi.

Xrushchyov tomonidan KPSS XX s’yezdining yopiq majlisida taqdim etilgan ma’ruzada «I.V.Stalinga qarshi soxtalashtirilgan faktlar va yolg‘on ayblovlar mavjud, uning davlat va partiya faoliyati haqidagi haqiqat buzib ko‘rsatilgan», deya agentlik o‘z ixtiyoridagi rezolyutsiya loyihasidan iqtibos keltiradi.

Kommunistlar, shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putinga Volgograd va Volgograd viloyatini avvalgi «Stalingrad va Stalingrad viloyati» nomiga qaytarish bo‘yicha murojaat bilan chiqish niyatida ekanini e’lon qildi.

So‘nggi yillarda Rossiyaning o‘nlab shaharlarida Stalin haykallari paydo bo‘ldi. May oyida Moskva metrosida sovet diktatori bo‘lgan haykaltaroshlik kompozitsiyasi ochildi. Ayni paytda Stalin qatag‘onlari qurbonlari yodgorliklari vayron qilinmoqda. Aprel oyida Volgograd aeroporti «Stalingrad» deb o‘zgartirildi.

Mavzuga oid