O‘zbekiston | 17:42
2406
3 daqiqa o‘qiladi

UzIMEI bo‘yicha vazir Shermatovga senator so‘rovi yuborildi

Senator Qobul Tursunov UzIMEI tizimi bo‘yicha raqamlashtirish vaziri Sherzod Shermatovga so‘rov yubordi. Unda texnik muammolarni bartaraf etish, IMEI2 kodni ro‘yxatdan o‘tkazish va tizimdagi byurokratiyani yumshatish bo‘yicha qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berish so‘ralgan.

Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qobul Tursunov raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatovga senator so‘rovi yubordi. Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar berdi.

O‘zbekistonda 2019 yildan buyon mobil qurilmalarni IMEI-kodi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish amaliyoti joriy etilgan, 2024 yildan esa ularni O‘zbekistonga olib kirishda majburiy deklaratsiya to‘ldirish talab etiladi. Agar deklaratsiya to‘ldirilmasa, qurilmani UzIMEI tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bojxona qiymatining 30 foizi miqdorida to‘lov belgilangan.

Senator so‘rovida aytilishicha, so‘nggi paytlarda mazkur jarayondagi muammolar ijtimoiy tarmoqlarda turli muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Jumladan, uzimei.uz, my.gov.uz saytlari va BIRDA ilovasi orqali ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati cheklangani tufayli ayrim hollarda xizmat haqi sun’iy oshirilmoqda.

Shuningdek, ikkinchi SIM-karta uchun IMEI2-kodni alohida ro‘yxatdan o‘tkazish va buni faqat qurilmani avval ro‘yxatdan o‘tkazgan joyda amalga oshirish talabi fuqarolar uchun qo‘shimcha murakkablik va xarajatlarni yuzaga keltirmoqda.

Yuqorida keltirilgan holatlardan kelib chiqqan holda, «Parlament nazorati to‘g‘risida»gi qonunning 15-moddasiga asosan, vazirdan uzimiei.uz va my.gov.uz platformalari hamda BIRDA mobil ilovasidagi texnik muammolarni bartaraf etish, IMEI2-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish, shuningdek, UzIMEI tizimida mavjud byurokratik talablarni yumshatish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar haqida 10 kun ichida ma’lumot taqdim etishi so‘ralmoqda.

Ma’lumot uchun, Sherzod Shermatov 2022 yilda Kun.uz'ga bergan intervyusida UzIMEI tizimi haqidagi savollarga ham javob bergan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili UzIMEI tizimi operatori – "Information Technology Center" MChJdagi 49 foiz davlat ulushini xususiylashtirishga qaror qilingan edi. Lekin 2025 yilda e’lon qilingan yangi xususiylashtirish dasturiga bu kompaniya kiritilmadi.

UzIMEI operatori, shuningdek, bir necha oy oldin ochiqlangan eksklyuziv huquqqa ega kompaniyalar reyestriga ham kiritilmagan.

Mavzuga oid