Jahon | 12:21
798
3 daqiqa o‘qiladi

2025 yilning iyuni G‘arbiy Yevropa tarixidagi eng issiq oy bo‘ldi

Iyun oyidagi issiqlik rekordi ketma-ket uchinchi yil yangilandi, deya ma’lum qildi Copernicus xizmati. Vaziyat O‘rta Yer dengizining rekord darajada yuqori harorati tufayli yomonlashdi.

Foto: Reuters/ScanPix

G‘arbiy Yevropa meteorologik kuzatuvlar boshlanganidan beri eng issiq iyun oyini boshdan kechirdi. Bu haqda 9 iyul, chorshanba kuni Yevropa Copernicus iqlim o‘zgarishi monitoringi xizmati (C3S) ma’lum qildi. Global iqlim o‘zgarishi fonida harorat rekordi ketma-ket uchinchi yil yangilandi.

C3S hisobotiga ko‘ra, Yevropa o‘rtacha global ko‘rsatkichdan bir necha barobar tezroq isimoqda. Yozning boshida G‘arbiy Yevropada o‘rtacha kunlik harorat noyob ko‘rsatkichga yetdi. Shunday qilib, bir qator mamlakatlarda havo 40 °C gacha qizidi, Ispaniya va Portugaliyada esa harorat 46 °C ga yetdi, deb xabar berdi Copernicus.

«Yevropada iyun oyidagi jazirama to‘lqinlar avval juda kam kuzatilgan», dedi tashkilot direktori o‘rinbosari Samanta Berjyess. Berjyessning so‘zlariga ko‘ra, issiqlik O‘rta Yer dengizi yuzasining rekord darajadagi yuqori harorati bilan kuchaygan: 1991-2020 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan uch daraja yuqori. 30 iyun kuni u rekord darajadagi 27 °C ga yetdi.

Iyun oyidagi eng ekstremal sharoitlar Portugaliya, Ispaniya, Fransiya, Italiya va Bolqon mamlakatlarida qayd etilgan. Shunday qilib, Lissabon shimolida 48 °C harorat qayd etildi, bu «haddan tashqari issiqlik stressi» toifasiga to‘g‘ri keladi, deyiladi hisobotda.

Birinchi navbatda qazib olinadigan yonilg‘ining yonishi natijasida yuzaga kelgan global isish nafaqat haddan tashqari issiqlikni, balki boshqa ta’sirlarni ham keltirib chiqarmoqda: o‘ta qizib ketgan atmosfera va okeanlar bug‘lanishni kuchaytiradi, bu esa yog‘ingarchilikni yanada qizg‘in qiladi. Copernicus ma’lumotlariga ko‘ra, iyun oyida o‘rtacha harorat sanoatdan oldingi darajadan 1,3 °C yuqori bo‘lgan, bu xizmat global isishni baholash uchun foydalanadigan davr. Xizmat bu davrni 1850 va 1900 yillar oralig‘ida deb hisoblaydi.

Mavzuga oid