Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh aeroportlarida tekshiruvdan o‘tishda poyabzal yechish talabi bekor qilindi
Aeroportlardagi ushbu talab – 2001 yilda Parijdan Mayamiga poyabzali ichiga portlovchi modda yashirib uchayotgan yo‘lovchi sabab joriy qilingandi. AQSh ichki xavfsizlik kotibiga ko‘ra, endilikda rivojlangan xavfsizlik texnologiyalari bilan bunga zarurat yo‘q. Oq uy esa bu mavzuda «oyoqlar yopiq, havo sifati tiklandi», deya hazil post qoldirdi.

Foto: Getty Images
Amerika Qo‘shma Shtatlaridagi aeroportlarda xavfsizlik tekshiruvi vaqtida yo‘lovchilar endi poyabzallarini yechishga majbur bo‘lmaydi — bu talab deyarli yigirma yildan so‘ng bekor qilindi.
AQSh Ichki xavfsizlik kotibi Kristi Noemning aytishicha, Transport xavfsizligi boshqarmasi (TSA) ushbu xavfsizlik talabini «darhol kuchga kiradigan tarzda» bekor qilmoqda.
«TSA endi yo‘lovchilardan xavfsizlik tekshiruv punktlaridan o‘tayotganda oyoq kiyimlarini yechishni talab qilmaydi. Ushbu o‘zgarish tekshiruv punktlarida yo‘lovchilar kutish vaqtini sezilarli darajada qisqartiradi va umumiy sayohatni yanada yoqimli hamda samarali qiladi, deb kutmoqdamiz. Ammo bu bilan birga xavfsizlik standartlarini saqlab qolishimiz va odamlarni himoya qilishimiz shart.
Bizning yondashuvimizning kaliti — bu bir necha bosqichli xavfsizlik. Yo‘lovchilar hali ham bir necha darajadagi tekshiruvlardan o‘tishadi. Ular shuningdek, shaxsni tasdiqlash bosqichini ham bosib o‘tishadi», degan Noem.
CNN nashrining yozishicha, mazkur qoidaning bekor qilinishi Jo Bayden ma’muriyati davrida ko‘rib chiqilgan edi. Biroq Noem bu tashabbusni prezident Donald Tramp berganini alohida ta’kidladi.
Noemning aytishicha, TSA xavfsiz joriy etish imkoniyati bo‘lsa, boshqa xavfsizlik qoidalarini (kamar, suyuqlik kabi) ham o‘zgartirishni ko‘rib chiqmoqda.
Aeroportlardagi poyabzalni yechish talabi joriy qilinishiga, Richard Reyd nomi bilan tanilgan «poyabzal bombachisi» sabab bo‘lgan. U 2001 yil dekabr oyida Parij–Mayami reysida poyabzali ichiga yashirilgan portlovchi moddani gugurt bilan yoqishga uringan edi. TSA tomonidan yo‘lovchilarning poyabzalini yechish talabi esa 2006 yil avgust oyida «davom etayotgan xavf» haqidagi razvedka ma’lumotlariga asoslanib joriy etilgan. Maqsad yo‘lovchilarning poyabzalini skanerlash orqali portlovchi moddalarni aniqlash va samolyot xavfsizligini ta’minlash bo‘lgan.
«O‘sha siyosat kuchga kirganidan beri o‘tgan 20 yilda xavfsizlik texnologiyamiz sezilarli darajada rivojlandi. TSA o‘zgardi. Yangi skanerlar va ayrim hududlarda ko‘proq ofitserlar ishga tushirildi», deydi AQSh ichki xavfsizlik kotibi.

Shuningdek, Noem «REAL ID» muvofiqligi ham xavfsizlikni kuchaytirishga yordam berishini, chunki bu orqali tekshiruvdan kim o‘tayotgani aniq bilinishini ta’kidladi.
AQSh aeroportlarida shu kungacha TSA PreCheck dasturida ishtirok etuvchi ishonchli yo‘lovchilar, 12 yoshgacha bo‘lgan bolalar va 75 yoshdan katta qariyalar poyabzalini yechmasdan o‘ta olgan. Biroq ular avval fon tekshiruvidan o‘tib, ariza to‘lovini to‘lashlari kerak edi. Noemning fikricha, bu dastur hali ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi, chunki bu boshqa yengilliklar bilan ham bog‘liq.
Bu mavzuda hatto Oq uy ham «oyoqlaringizni ozod qiling», degan post qoldirdi. «Oyoqlar yopiq, havo sifati tiklandi», deyiladi Oq uyning X ijtimoiy tarmog‘idagi hazil postida.
Aeroportga kirishdagi tekshiruv davomida oyoq kiyimni yechish talabi, xavfsizlikni konservativ yechimlar bilan ta’minlaydigan ko‘plab davlatlar mavjud. Jumladan O‘zbekiston aeroportlarida ham xalqaro reyslarga chiqishdan oldin tekshiruv davomida oyoq kiyimlar yechib, skanerdan o‘tkaziladi.