Jahon | 17:56 / 10.07.2025
7280
2 daqiqa o‘qiladi

Kiyevda Ukraina xavfsizlik xizmati polkovnigi otib ketildi

Kiyev shahrining Goloseyevskiy rayonida UXX xodimi o‘ldirilishi fakti bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Maxsus xizmatdagi manbaning tasdiqlashicha, otib ketilgan shaxs – polkovnik Ivan Voronich. Ukrainalik harbiy Roman Chervinskiyning aytishicha, Voronich UXXda «hozirda rossiyaliklar uchun ko‘plab muammolar tug‘dirayotgan» yo‘nalishga asos solganlardan biri bo‘lgan.

Foto: Ukraina milliy politsiyasi

Xavfsizlik xizmati va milliy politsiya jinoyatning barcha holatlarini aniqlash va aybdorlarni javobgarlikka tortish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda.

Tergovga qadar tekshiruv Ukraina Jinoyat kodeksining 348-moddasi (huquqni muhofaza qilish organi xodimi, jamoat tartibi va davlat chegarasini qo‘riqlash bo‘yicha jamoat tuzilmasi a’zosi yoki harbiy xizmatchining hayotiga tajovuz qilish) bo‘yicha davom etmoqda.

Ukraina xavfsizlik xizmati ofitserning shaxsiga aniqlik kiritmagan, biroq qator manbalarda u polkovnik bo‘lishi mumkinligi aytilgan.

Mahalliy pabliklarda kuzatuv kameralaridan olingan va qotillik aks etgan video paydo bo‘ldi. Qotil ishini bajargach, voqea joyidan yashiringan.

BBC’ning maxsus xizmatdagi manbasi u polkovnik Ivan Voronich ekanini tasdiqlagan.

Ukrainalik harbiy va razvedkachi, avvalroq UXXda ishlagan Roman Chervinskiy o‘z hamkasbi o‘ldirilgani haqida yozgan.

«Bugun shaxsan men va UXXning ko‘plab vatanparvar xodimlari uchun yo‘qotish yuz berdi. Dushman diversanti tomonidan ofitser (polkovnik) Voronich Ivan Ivanovich o‘ldirildi», – deb yozdi Chervinskiy ijtimoiy tarmoqda.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Voronich UXXda «hozirda rossiyaliklar uchun ko‘p muammo tug‘dirayotgan» yo‘nalishga asos solganlardan biri bo‘lgan.

Chervinskiy u ertalab soat 8 da uydan chiqayotganda «yaqin masofadan otilgan beshta o‘q uzish» bilan o‘ldirilganini qayd etgan.

Hozirda politsiyachilar Kiyevning Goloseyevskiy rayonidagi otishma tafsilotlarini o‘rganmoqda.

Chaqiruv bo‘yicha yetib kelishganida ular ko‘chada o‘qotar quroldan yaralangan erkak jasadi ustidan chiqishgan.

Hozirda voqea joyida rayon va bosh politsiya boshqarmalarining tergov-tezkor guruhlari, jinoyat qidiruv xodimlari, kinologlar va boshqa xizmatlar ishlamoqda.

Mavzuga oid