Iqtisodiyot | 16:54 / 10.07.2025
2094
4 daqiqa o‘qiladi

Oylikni keyingi oylikkacha yetkazish: samarali taqsimot

Bir oy maosh uchun ertadan kechgacha ishlash va oylikni bir necha kunda ishlatib yuborish – ko‘pchilikda kuzatiladigan holat. Daromadlar va narxlarning bir-biriga nomutanosibligi moliyaviy muammolarni jiddiylashtiradi. Lekin oylikni taqsimlash va samarali xarajat qilish – qarzga botib ketish yoki pulsiz qolib ketishdan biroz bo‘lsa-da himoya qilishi mumkin.

Ushbu maqolada oylikni samarali taqsimlashning 3 bosqichi haqida so‘z yuritamiz.

1-bosqich: oylik tushgan kuni uni 3 qismga bo‘lib chiqing.

Bunda eng asosiysi o‘zingizga to‘g‘ri savol berish: Bu pullardan qanchasi yashash uchun, qanchasi kelajak uchun, qanchasi o‘zim uchun?

“50–30–20” qoidasiga asoslaning:

🏠 Zarur ehtiyojlarga 50 foiz ajratamiz: ijara, kommunal, oziq-ovqat, transport, dori-darmon

🎯 Shaxsiy xohishlarga 30 foiz pulni ajratamiz: kafe, kino, kiyim, sevimli bonus narsalar

💰 Jamg‘arma to‘plash yoki qarzlarni qaytarishga esa – 20 foiz.

Agar qarzlaringiz bo‘lmasa, nur ustiga a’lo nur. Demak, siz kelajak uchun jamg‘armaga ko‘proq pul olib qo‘yishingiz mumkin. Moliyaviy savodxonlikda eng asosiy qoida – to‘g‘ri jamg‘arish. Bu kutilmagan xarajatlar yuzaga kelganda shoklarni yumshatadi, ishonch va xotirjamlik hissini beradi.

📌 Maslahat: Har doim avvalo jamg‘armani ajratish zarur, keyin qolganini sarflash kerak. Chunki jamg‘arma shunday narsaki, ong uni zaruriy xarajat emas deb hisoblaydi va pulingizni beixtiyor maishiy narsalarga sarflab yuborishingiz mumkin.

2-bosqich: “Qayerga ketganini bilmayman” degan xarajatlarni hisoblab ko‘ring

Kun bo‘yi oz-ozdan ketgan pulni hisoblab ko‘rganmisiz? Shunchaki ko‘chada sayr qilib yurganingizda, biror do‘kondagi chiroyli suvenir e’tiboringizni tortadi, uni sotib olasiz. Kecha ko‘zingiz tushgan reklamadagi gazli ichimlikni ichgingiz kelib qoladi yoki shunchaki ovqat yetkazib beruvchi xizmatlarning reklamasi sizni ovqat buyurtma qilishga undaydi. Ba’zan shu kabi 50-100 ming so‘mlik 10 ta xarid butun oylikni yutib qo‘yadi.

👣 Nima qilish kerak:

📱 Har kun oxirida 5 daqiqa “Nimaga pul ketdi?” deb yozib chiqing. Bunda turli mobil ilovalar yordam beradi.

👀 7 kundan keyin qaysi sarflar ortiqcha ekaniga o‘zingiz amin bo‘lasiz.

🔪 Keraksiz narsalarni “kesing”. Lekin hamma ko‘ngilochar narsalardan voz kechish kerak emas.

💡 Maqsad: xarajatni qisqartirish emas, nazorat qilish!

3-bosqich: Har oyda “bitta real maqsad” qo‘ying

🎯 “Bu oy nimaga erishaman?”

• 500 ming so‘m jamg‘arish?

• Bir qarzdan qutulish?

• Bir hafta “kofesiz hayot”?

🗓 Har oyda bitta kichkina maqsad qo‘ysangiz, 6–12 oyda ulkan o‘zgarishlar bo‘ladi.

Maslahat:

• Maqsadni vizual qilib ko‘ring — stikerlarga yozib ko‘zguga yopishtiring, telefon foniga joylashtiring.

• Ertalab yoki kechqurun o‘zingizdan so‘rang: “Bugun shu maqsadga yaqinlashdimmi?”

Qisqa xulosa

Oylikni boshqarish – bu o‘zingni nazorat qilish emas, erkinlik yaratish.

Pulingiz qayerga ketayotganini bilsangiz, hayotga ta’sir qilish osonlashadi.

Mavzuga oid