O‘zbekiston | 20:35 / 10.07.2025
1765
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Shayxontohur tumanidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markaziga tashrif buyurdi

Shuningdek, prezident davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan «Imkoniyatlar olami» muassasasidagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri Shayxontohur tumanidagi «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazida bo‘ldi, deb xabar beradi Prezident matbuot xizmati.

Markazda 12 toifadagi muhtoj insonlarga 100 dan ortiq ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi. Buning uchun muassasada zamonaviy sharoitlar yaratilgan. Murojaatlarni qabul qilish, ehtiyojni baholash, xizmatni belgilash va xizmat ko‘rsatish jarayonlari insonlarga qulay tarzda yo‘lga qo‘yilgan.

«Eng muhimi, endilikda vazifa bir marta yordam bilan tugamaydi. Ijtimoiy xizmatdan foydalanuvchining keyingi holati, o‘zini o‘nglashi ham monitoring qilib boriladi. Mazkur barcha jarayonlar raqamlashtirilgan va daxldor tashkilotlar bilan bog‘langan», - deyiladi xabarda.

Shayxontohurdagi markazda 25 nafar mutaxassis hamda mahallalarda 51 nafar ijtimoiy xodim faoliyat ko‘rsatmoqda. Nogironligi bo‘lgan bolalar va shaxslar, yolg‘iz keksalar bilan manzilli tarzda ish yuritilmoqda.

«Bu yer har bir insonning dardi bilan yashaydigan, ularni rozi qiladigan dargoh. Bu tizim orqali jamiyatimizda ijtimoiy adolat, inson qadri qaror topadi», - dedi prezident.

Shu yerda davlat-xususiy sheriklik asosida «Imkoniyatlar olami» muassasasi tashkil etilgan. Davlat rahbari undagi sharoitlarni ham ko‘zdan kechirdi.

Muassasada 3 yoshgacha go‘daklar uchun erta aralashuv, nogironligi bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy moslashuv va reabilitatsiya, shuningdek, kunduzgi parvarish va qarab turish xizmatlari tashkil etilgan. Hozirda bu 80 ga yaqin insonning og‘irini yengil qilmoqda. Ularga 12 nafar malakali xodim mehr-e’tibor ko‘rsatmoqda.

Mavzuga oid