Jamiyat | 19:00 / 10.07.2025
1118
5 daqiqa o‘qiladi

Yaponiya bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ta’lim: Toshkent Kimyo universiteti yangi bosqichda

Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Hatori Takashi Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif buyurdi. Elchi universitetning o‘quv jarayonlari, tibbiyot klasteri va zamonaviy laboratoriyalar bilan tanishdi.

«Yaponiyada tug‘ilish ko‘rsakichining pasayib borishi sabab yuqori malakali chet ellik yosh mutaxassislarga talab ortmoqda. Shu bois biz ko‘plab yoshlarni Yaponiyada ishlash imkoniyati bilan ta’minlashga harakat qilyapmiz. Biroq Yaponiyada ishlash uchun birinchi navbatda yapon tilini bilish talab etiladi.

Bugun Toshkent Kimyo xalqaro universitetiga tashrif davomida universitetda yapon tili darslari yo‘lga qo‘yilgani va yaqin yillarda yapon tili fakulteti ochilishi rejalashtirilayotgani ma’lum qilindi. Bu esa yoshlarning Yaponiyada ishga joylashish imkoniyatlarini oshiradi.

Shuningdek, universitet rahbariyati xalqaro va yaponiyalik malakali professorlarni jalb etayotgani tufayli yaqin yillarda Toshkent Kimyo xalqaro universitetidan ko‘plab yuqori malakali mutaxassislar yetishib chiqishini kutish mumkin deb o‘ylayman», deydi elchi Hatori Takashi.

Tashrif davomida yoshlarni zamonaviy kasblar bo‘yicha tayyorlash, ularni Yaponiyada ishga joylashtirish imkoniyatlarini kengaytirish masalalari muhokama qilindi. Elchi o‘zbekistonlik yoshlar uchun yapon tilini mukammal o‘rganish nafaqat ish topish, balki xalqaro kompaniyalarda muvaffaqiyatli faoliyat yuritish uchun muhim ekanini ta’kidladi.

Shuningdek, Yaponiya elchisi universitet huzurida tashkil etilgan yapon tili to‘garagiga tashrif buyurdi va u yerda tahsil olayotgan o‘zbek talabalari bilan yapon tilida muloqot olib bordi.

Tashrif davomida elchi Toshkent Kimyo xalqaro universiteti qoshida faoliyat olib borayotgan Kimyo University Hospital klinikasi bilan ham yaqindan tanishdi. U yerda tashkil etilgan zamonaviy o‘quv-amaliy laboratoriyalar, klinik amaliyot zallari hamda talabalarga mo‘ljallangan yangi yotoqxona binolarini ko‘zdan kechirdi. Ular orqali talabalarga yaratilgan keng amaliy imkoniyatlarni yuqori baholadi.

Universitetning yapon tili o‘qituvchisi Ujiye Yuta o‘zbek yoshlarining til o‘rganish salohiyatini yuqori baholadi:

«o‘zbekistonlik yoshlar ko‘p tilli muhitda ulg‘aygani bois chet tillarini, jumladan, yapon tilini o‘rganishda yuqori qobiliyatga ega. Shu sababli ular yapon tilini tez va aniq talaffuz bilan o‘zlashtira oladi. Biroq hozirgi kunda yoshlar ko‘pincha telefon va ijtimoiy tarmoqlarga haddan tashqari ko‘p vaqt ajratayotgani ularning til o‘rganish jarayoniga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Agar yoshlar telefon va internetdan to‘g‘ri maqsadda foydalanib, til o‘rganishga ko‘proq vaqt ajratsalar, qisqa muddat ichida yapon tilini yuqori darajada egallashlari mumkin. Shu bilan birga, til doimiy amaliyot talab qiladi: so‘zlarni yodlash mumkin, ammo ularni muntazam ishlatmasangiz, unutib yuborasiz. Tilni mukammallashtirish esa uzluksiz mehnat talab qiladi.

Shu bois yoshlarni o‘z tillarini doimiy rivojlantirishga o‘rgatishimiz zarur. Shunday qilsak, o‘zbekistonlik yoshlar qisqa vaqt ichida yapon tilini mukammal biladigan yuqori malakali mutaxassis bo‘lib yetishib chiqadi, deb hisoblayman».

 Toshkent Kimyo xalqaro universiteti bugungi kunda nafaqat Yaponiya, balki AQSh, Janubiy Koreya, Italiya, Polsha, Turkiya va boshqa qator davlatlardagi nufuzli universitetlar bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ygan.

«Yapon tiliga qiziqishim 2-kurs oxiridan, ya’ni 2024 yildan boshlandi. Universitet bizga boshqa o‘quv markazidan o‘qituvchi chaqirib, shu yerda til o‘rganish imkoniyatini yaratdi. Bizdan yapon tilini o‘rta darajadan balandroq bilish talab qilinadi. Diplom olganimizdan keyin esa yapon kompaniyalariga bemalol ishga joylashishimiz mumkin», deya ta’kidladi talabalardan biri Munira Isomiddinova.

Shu bois, bu yerda tahsil olayotgan talabalar dunyoning turli mamlakatlarida nafaqat amaliyot o‘tash, balki o‘qishni davom ettirish va ishga joylashish imkoniyatiga ham ega bo‘lmoqda.

Hozirda universitetning 38 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha kunduzgi va kechki ta’lim shakllari uchun qabul jarayoni davom etmoqda.

 Web-page | Telegram | Facebook | Instagram

Mavzuga oid