Jamiyat | 17:19 / 11.07.2025
1777
7 daqiqa o‘qiladi

Idish yuvish gubkasi: hojatxona tagligidan 456 baravar ko‘p bakteriya saqlaydigan oshxona buyumi haqida nimalarni bilasiz?

Foto: Getty images

Gubkadagi namlik, issiqlik va oziq-ovqat qoldiqlari mikroblar ko‘payishi uchun ideal muhit yaratadi. Siz esa har kuni “zararkunandalar uyasi”ga aylangan ana shunday tozalash vositasi bilan idish-tovoqlarni yuvayotgan bo‘lishingiz mumkin. Mazkur buyum har bir kvadrat santimetrida o‘rtacha 362 xil bakteriya turini to‘playdi. Ayrim holatlarda esa bitta gubkada 45 milliardgacha mikroorganizmlar mavjudligi aniqlangan. Ushbu maqolada oshxona gubkasida uchraydigan bakteriya turlari, ularning sog‘liqqa salbiy ta’siri hamda idish yuvish vositasidan xavfsizroq foydalanish yo‘llari haqida so‘z yuritiladi.

Mikroblar armiyasiga mezbonlik qilayotgan tozalash vositasi

Tashqi ko‘rinishdan zararsizdek tuyulgan oshxona gubkasi (machalkasi) aslida uydagi bakteriya eng ko‘p to‘planadigan buyumlardan biri sanaladi. Unda yig‘iladigan zararli moddalar miqdori unitaz o‘rindig‘idagidan bir necha ming barobarga ko‘p. Ayniqsa, u ho‘l holatda uzoq vaqt bir joyda qoldirilganida turli kasalliklarni keltirib chiqaruvchi mikroorganizmlar uchun ideal “inkubator”ga aylanadi: iliqlik, doimiy namlik va oziq-ovqat qoldiqlarining mavjudligi mikroblar uchun qulay yashash muhitini yaratadi.

Ilmiy manbalarga ko‘ra, gubkada inson salomatligi uchun xavf tug‘diradigan quyidagi bakteriyalar yig‘iladi:

  • Salmonella – oshqozon-ichak tizimi faoliyatiga ta’sir qiluvchi eng keng tarqalgan patogenlardan biri bo‘lib, u gubkada 7 kungacha yashay oladi. Salmonella bilan zararlanish ovqatdan zaharlanish holatlarining asosiy sabablaridan biridir. Infeksiya kuchli ich ketishi, harorat ko‘tarilishi, umumiy holsizlikni yuzaga keltiradi.
  • Stafilokokk (staphylococcus aureus) – bu bakteriya teri va yumshoq to‘qimalarda turli infeksiyalarni paydo qiladi. U yaralar, hatto o‘pka va qon infeksiyalarini ham hosil qilishi mumkin.
  • Ichak tayoqchasi (escherichia coli, E. coli) – mazkur mikroorganizmlarning ayrim turlari odam organizmida tabiiy holatda mavjud bo‘lsa-da, uning zararli shtammlari ichak yallig‘lanishini yuzaga keltiradi. Holat ich ketishi, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi kabi alomatlar bilan namoyon bo‘ladi.
  • Listeriya (listeria monocytogenes) – ushbu bakteriya homilador ayol, yangi tug‘ilgan chaqaloq, qariya va immuniteti past odamlar uchun xavfli hisoblanadi. U past haroratda ham yashay oladi, shuning uchun sovitilgan mahsulotlar orqali ham tarqalish qobiliyatiga ega.
  • Kampilobakter (campylobacter) – ko‘pincha xom go‘shtda uchraydi. U organizmga tushgach, 2-5 kun ichida o‘zini namoyon qilib, diareya, isitma, qorin og‘rig‘i, ko‘ngil aynishi va qusish kabi simptomlarga sabab bo‘ladi.

Bu bakteriyalar gubkadan bevosita qo‘llarga, undan esa ovqatlar, oshxona sirtlari yoki idishlarga o‘tib, organizmga kirib boradi.

Oshxona gubkasi hojatxona o‘rindig‘idan ham iflosroq

“Scientific repors” jurnalida e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, ishlatilgan oshxona gubkasining har bir kvadrat santimetrida 362 xil turdagi bakteriya aniqlangan. Ya’ni kichkina bir tangadek joyning o‘zida yuzlab turli mikroblar mavjud bo‘lgan. Bundan tashqari, ba’zi keyslarda ushbu bakteriyalarning soni shu kichik joyda 45 milliardgacha yetgani aniqlangan.

Germaniyalik mikrobiolog Markus Egert boshchiligidagi yana bir izlanishda mazkur ko‘rsatkich 54 milliardgacha chiqqani qayd etilgan. Tadqiqotchilar bu miqdorni “inson najasidagi bakteriyalar soniga yaqin” deb baholagan.

Filadelfiyadagi Drexel universiteti olimlari 100 dan ortiq uy oshxonalarini tahlil qilib, idish-tovoq yuvish gubkasi hojatxona tagligiga qaraganda bakteriyani o‘zida 456 baravar ko‘proq saqlashini isbotladi. Yana bir tadqiqotda esa oshxona peshtaxtalarida har 25 sm² da 316 ta, hojatxona qopqog‘ida esa 398 ta bakteriya aniqlangan. Solishtiradigan bo‘lsak, xuddi shu o‘lchamdagi oshxona rakovinasida 32 000 ta, gubkaning o‘zida esa 7,9 milliondan ortiq bakteriya topilgan.

Gubkani uzoq vaqt almashtirmasdan ishlatish undagi mikroblarning tez ko‘payishi va butun oshxona bo‘ylab tarqalishiga olib keladi. Uni faqat yomon hid chiqqanda yoki ko‘zga ko‘rinadigan darajada kirlanganda almashtirish esa sog‘liq uchun jiddiy xavf tug‘diradi.

Oshxona machalkasidan to‘g‘ri foydalanish uchun:

  • Ishlatib bo‘lganingizdan keyin gubkani yaxshilab chayib, siqib quriting;
  • Oziq qoldiqlarini olib tashlang;
  • Gubkani ho‘l joyda emas, ochiq, quruq idishda saqlang;
  • Uni har haftada kamida bir marta almashtiring;
  • Yoqimsiz hid chiqa boshlasa, eskirishini kutmay darhol almashtiring;
  • Stol yoki gaz sirtini artishda gubka o‘rniga qog‘oz sochiq yoki dezinfeksiyalovchi salfetka ishlating.

Alternativlar

Mutaxassislar gubkani tez-tez almashtirish yoki undan butunlay voz kechib, muqobil vositalardan foydalanishni tavsiya etadi. Masalan, bir martalik qog‘oz sochiqlar stol, peshtaxta, go‘sht yoki sabzavotdan tushgan suyuqliklarini artishda juda qulay. Ular ishlatilgach darhol tashlanadi, shuning uchun bakteriyalar to‘planmaydi. Mikrofiber salfetkalar esa qayta-qayta foydalanish mumkin bo‘lgan vosita bo‘lib, sirtlarni samarali tozalaydi, tez quriydi va bakteriyalarni kamroq to‘playdi.

Bundan tashqari, bambuk tolalaridan tayyorlangan matolar ekologik tozaligi va tabiiy antibakterial xususiyati bilan ajralib turadi. Silikon gubka yoki cho‘tkalar esa uzoq muddat xizmat qilishi, oson tozalanishi hamda zararli mikroorganizmlarni o‘zida kam saqlashi bilan afzal hisoblanadi. Shuningdek, paxtadan to‘qilgan matolar ham yaxshi alternativ sanaladi, faqat ularni tez-tez yuvib, quritib turish kerak.

Unutmang, bir oyda 4 ta yangi gubka xarid qilish bitta antibiotik tabletkasidan arzonroq, ammo sog‘liq uchun ko‘proq foydali!

Diyoraxon Nabijonova

Mavzuga oid