Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Og‘ziga choyshab tiqdim” – Toshkentda 2 yoshli bolani qiynab, o‘limiga sabab bo‘lgan tarbiyachi qamaldi
Olmazor tumanidagi xususiy bog‘cha tarbiyachisi bolani tushlik vaqtida uxlamagani uchun shafqatsizlarcha qiynagan: ko‘tarib yerga uloqtirgan, og‘ziga choyshabni tiqib azoblagan, tepgan va yuziga urgan. Bu qiynoqlardan og‘ir tan jarohati olgan bola koma holatida shifoxonaga olib borilgan va oradan 2 kun o‘tib vafot etgan. Sud tarbiyachini 6,5 yilga ozodlikdan mahrum qildi.

Foto: Kun.uz
Toshkent shahridagi “Jajji nihollar” nomli nodavlat maktabgacha ta’lim muassasasi tarbiyachisi hamda uslubchisi jinoiy jazoga tortildi. Ular bog‘cha tarbiyachisini 3 kun shafqatsizlarcha qiynagan.
Kun.uz tanishgan sud hujjatida keltirilishicha, 1997 yilda tug‘ilgan Laylo Alimova “Jajji nihollar” nomli xususiy bog‘chada tarbiyachi, 1957 yilda tug‘ilgan Vazira Giyazova esa uslubchi vazifasida ishlagan.
Vazira Giyazova 2024 yil 9 dekabrdan 11 dekabr kuniga qadar bo‘lgan vaqt oralig‘ida 2022 yilda tug‘ilgan Zubayr Anvarjonovni ovqatlanishni xohlamaganligi uchun bosh qismidan urgan, kiyimlaridan tortib sudragan hamda ko‘tarib, yotgan karavotiga zarb bilan otib yuborgan.
Zubayrga 2024 yil 9-11 dekabr kunlari tarbiyachi Laylo Alimova ham o‘ta shafqatsiz munosabatda bo‘lgan. U tushlik vaqtida uxlamagani uchun bolani bir necha marotaba ko‘tarib yerga uloqtirgan. Hatto Zubayrning og‘ziga choyshab tiqib qiynagan, bo‘ynidan bo‘g‘ib, yerga yotgan joyida gavdasining orqa qismiga bir necha marotaba oyoqlari bilan tepgan. Shuningdek, ko‘targan holda xona oynasidan tanasini chiqarib, uni tashlab yuborish bilan qo‘rqitgan, so‘ngra zarb bilan yerga uloqtirgan. Tarbiyachi bu harakatlari orqali bolaga hayot uchun xavfli bo‘lgan og‘ir tan jarohati yetkazgan.
Laylo Alimova sudda aybiga to‘liq iqror bo‘lgan. U ushbu jinoyatni jahl ustida sodir etib qo‘yganini aytib, chin ko‘ngildan pushaymonligini bildirgan va suddan yengillik so‘ragan.
“2024 yil 11 dekabr kuni odatdagiday soat 8:00 larda ishga kelib, o‘zimga biriktirilgan guruhga kelgan bolalarni ota-onasidan sog‘-salomat qabul qilib oldim. Ularga ertalabki nonushtasini berib, so‘ng mashg‘ulot o‘tkazdim. Tushlik vaqtida bolalarga ovqat berdim. So‘ngra uxlashlari uchun karavotiga yotqizdim. Bu vaqtda Zubayr Anvarjonov karavotga yotmasdan, narigi xona eshigi oldida yig‘lab turgandi. Jahlim chiqib uni oyog‘im bilan uch marotaba tepib yubordim. Birinchi marta tepganimda Zubayr tanasi bilan devorga urildi. So‘ng uni ko‘tarib kelib, karavotiga otib yubordim.
Shu vaqt xonaga uslubchi Vazira Giyazova kirib keldi. U yig‘lab yotgan Zubayr Anvarjonovni qo‘li bilan bir marotaba turtib, ko‘tarib karavotiga otdi va “uxlamasang o‘ldiraman, uxla” deb xonadan chiqib ketdi. Oradan bir qancha vaqt o‘tib, Zubayr o‘rnidan turib olganini ko‘rdim va ushbu holatdan jahlim chiqib, uning oldiga bordim hamda qo‘limning kaft qismi bilan yuziga urdim. Taxminan 10-15 daqiqadan so‘ng Zubayr yana yotgan joyidan boshini ko‘tardi. Jahlim chiqib, uxlashini aytdim va yuziga ikki marotaba urdim. So‘ngra o‘z o‘rnimga o‘tirib, telefon apparatimni o‘ynashda davom etdim”, degan tarbiyachi o‘z ko‘rsatmasida.
Oradan 2-3 daqiqa o‘tgach Laylo Alimova bola uxlamaganini yana sezib qolgan hamda uni yotgan joyidan ko‘tarib, karavotiga otgan. 10-15 daqiqadan so‘ng esa Zubayr baribir uxlamaganini ko‘rib, “bo‘g‘ib qo‘yaman hozir” deya uni yana otib yuborgan. Bu holat bir necha bor takrorlangan.
“Soat 14:21 larda Zubayrning oldiga stul qo‘yib o‘tirdim va unga “uxla, ovozingni o‘chir” dedim. U uxlamasdan yig‘layvergach, ovozini o‘chirish maqsadida og‘ziga o‘zining choyshabini tiqdim va bir necha marta og‘zini qo‘lim bilan yopib, bo‘g‘ib, yuzlariga urdim”, degan Laylo Alimova.
Bola tinchlanavermagach tarbiyachi uni zarb bilan polga otib yuborgan. Shundan so‘ng Zubayr ko‘zi ochiq holatda harakatsiz bo‘lib qolgan. Laylo Alimova uni hojatxonaga olib kirib, yuzini yuvgan, so‘ngra joyiga yotqizib qo‘ygan. Zubayrning harakatsiz yotganidan qo‘rqib ketgan tarbiyachi boshqa xodimalarni chaqirgan. Bolaga birinchi yordam ko‘rsatishga harakat qilishgan, ammo u o‘ziga kelmagan. Shundan so‘ng tez tibbiy yordam xodimlari yetib kelib, uni shifoxonaga olib ketishgan.
Zubayr Anvarjonov ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan 2024 yil 14 dekabr kuni shifoxonada vafot etgan.
Sud hukmi bilan Laylo Alimova Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandida (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchining o‘lishiga sabab bo‘lishi) nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda 6,5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Vazira Giyazovaga esa Jinoyat kodeksining 110-moddasi (Qiynash) 2-qismi “a,v” bandlari bilan 3 yil ozodlikni cheklash jazosi berilgan.
Mavzuga oid

14:40 / 01.07.2025
G‘ijduvonda bolalarni kaltaklagan tarbiyachi ishdan ketdi

10:12 / 27.02.2025
“Tanzilandiya” nomli xususiy bog‘chada bolalar muntazam kaltaklangani aytilmoqda

14:32 / 25.01.2025
Sergelidagi bog‘chada tarbiyachining qo‘pol munosabati oqibatida bolaning oyog‘i sindi

19:42 / 29.10.2024