Iqtisodiyot | 18:37
2494
5 daqiqa o‘qiladi

Importda yana muammo: Texnik tartibga solish agentligi muzlatkich va sovitkichlarni O‘zbekistonga kirgizmayapti

Agentlik aprel oyida chiqqan prezident farmonini ijro etish mexanizmlari hali ishlab chiqilmagan degan vaj bilan, vitrina sovutkichlarni bojxonadan o‘tkazishga ruxsat bermayapti, tovar 3 oydan beri ushlab turilibdi, deya ma’lum qildi UzBev rahbari Alfiya Musina. Muzqaymoq ishlab chiqaruvchi tadbirkor esa 8 oydan beri muzlatkich olib kirolmayotganini aytdi.

Alfiya Musina / Savdo-sanoat palatasi YouTube sahifasidagi efirdan kadr

O‘zbekistonda tadbirkorlar xorijdan muzlatkich va sovitkichlarni olib kirishda muammolarga duch kelmoqda. Bu haqda 27 iyun kuni Savdo-sanoat palatasi o‘tkazgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.

O‘zbekiston prezidentining shu yil 18 apreldagi farmoniga asosan, 1 maydan boshlab muvofiqlik deklaratsiyasini sertifikatlashtirish organlarida ro‘yxatdan o‘tkazish tartibi bekor qilinib, ularni shakllantirish va hisobga olish axborot tizimi orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgandi.

Shunga qaramay, Alkogolsiz ichimlik va sharbat ishlab chiqaruvchilar uyushmasi (UzBev) ijrochi direktori Alfiya Musinaning aytishicha, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi “farmonni ijro etish mexanizmlari hali ishlab chiqilmagan” degan vaj bilan vitrina sovutkichlarni bojxonadan o‘tkazishga ruxsat bermayapti.

“Bugungi kunda sertifikatni bekor qilish va xalqaro amaliyotga o‘tish talabiga, xususan, ishlab chiqaruvchidan muvofiqlikni deklaratsiya qilish talabiga qaramay, afsuski, ishlab chiqaruvchilar tomonidan O‘zbekistondagi kichik va o‘rta biznesga bepul foydalanish uchun olib kirilayotgan vitrina muzlatkichlari sertifikatlashdan o‘tmayapti. Tovar 3 oydan ortiqroq vaqtdan beri ushlab turilibdi”, – dedi Musina.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan vitrina muzlatkichlari har doim ham biznesning barcha talablariga javob bermaydi. UzBev ijrochi direktori muammo yechimi borasida yordam so‘radi.

Muzqaymoq ishlab chiqaruvchi tadbirkor

Ochiq muloqotning boshqa bir ishtirokchisi, muzqaymoq ishlab chiqaruvchi tadbirkorning ma’lum qilishicha, 8 oydan buyon bojxona omborida turib qolgan muzlatkichlar bilan ham shunday muammo yuzaga kelgan.

“Bular 3 oy deyishyapti. Bizning muzlatkichlarimiz esa 8 oydan beri turibdi, olib chiqolmayapmiz. Omborda turibdi. Do‘konlar muzqaymog‘imizni sotishi uchun muzlatkichlarni tekinga beramiz. Bu masalada yordam berishingizni so‘raymiz”, – dedi u.

Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov “prezident kerakli qarorni imzolab bergani, lekin pastdagi tizimda bunaqa bo‘layotgani uchun kerakli idora javob berishi”ni aytdi.

“Nimaga ijro bo‘lmayotgani haqida [Texnik tartibga solish agentligi direktori] Akmal aka Jumanazarovga yozib yubordim. To‘g‘ri aytyapsiz, ertaga sentabrda chiqsa, u paytda muzlatkich kerak emas-ku”, – dedi Vahobov.

“Mavsumni yo‘qotib bo‘ldik allaqachon. Ochiq gap, o‘zi bizda 6 oy mavsum bo‘ladi. Ochilmagan eshigimizni ochib beringlar, iltimos”, – dedi muzqaymoq ishlab chiqaruvchi tadbirkor.

Iqtisodchi Otabek Bakirov Bojxona qo‘mitasi saytidagi statistik ma’lumotlarni o‘rganib, vitrina sovitkich va muzlatkichlarning O‘zbekistonga importi to‘xtab qolgan bo‘lishi mumkinligini yozdi.

“[2025 yil] iyun oyida 6,4 mln dollarlik sovitkich va muzlatkichlar import qilingan. O‘tgan yili iyunda 7,0 mln dollardan ko‘proq sovitkich va muzlatkichlar importi qayd etilgan. Atigi 8,2 foizga qisqarish bo‘pti-ku, deyishga shoshilmang.

O‘tgan yili iyunda har bir sovitkich va muzlatkich o‘rtacha 262 dollardan import bo‘lgan bo‘lsa, bu yil bu ko‘rsatkich 103 dollarga tushib ketgan. Ya’ni amalda faqat maishiy muzlatkichlar import qilingan xolos, narxi karrasiga qimmatroq bo‘lgan vitrina sovitkich va muzlatkichlari O‘zbekistonga kirmagan, aniqrog‘i kiritilmagan”, – deydi Bakirov.

Eslatib o‘tamiz, shu yil 8 aprel kungi selektorda prezident Shavkat Mirziyoyev standartlashtirish va sertifikatlashtirish tizimidagi tadbirkorlarning “qo‘lini bog‘lab”, korrupsiyaga sabab bo‘layotgan jiddiy muammolar haqida gapirgandi.

“Vazirlar, hokimlar qachon tadbirkorlarni eshitib, qaysi standartni yangilash, qaysi birini bekor qilish, nima mahsulotni majburiy sertifikatsiya ro‘yxatidan chiqarishni o‘ylab ko‘rdi? Afsuski, bunga ijobiy javob yo‘q”, – deya e’tiroz bildirgandi davlat rahbari.

Mavzuga oid