O‘zbekiston | 21:33 / 12.07.2025
7305
5 daqiqa o‘qiladi

Rasman: Toshkent propiskasi haqidagi qonun bekor qilinmoqda

Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash huquqiga ega shaxslarning toifalari haqidagi qonun 3 oydan keyin o‘z kuchini yo‘qotadi. Yangi qonun kuchga kiradigan 2025 yil 12 oktyabrdan e’tiboran, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning xabardor qilishga asoslangan yagona tartibi amal qila boshlaydi.

Foto: Kun.uz

“Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan shaxslar – O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari toifalarining ro‘yxati to‘g‘risida”gi qonun 2025 yil 12 oktyabrdan boshlab o‘z kuchini yo‘qotadi.

Shu sanadan e’tiboran, “O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini, chet el fuqarolarini hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida”gi, prezident tomonidan 10 iyul kuni imzolangan qonun kuchga kiradi.

Kuchini yo‘qotadigan qonunda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olinishi lozim bo‘lgan fuqarolarning 12 xil toifasi belgilangan edi. Uch oydan keyin bu tartib bekor qilinib, butun O‘zbekiston hududida yagona qoidalar amal qila boshlaydi.

Yangi qonunning 3-moddasiga ko‘ra, yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish – ruxsat etish xususiyatiga ega emas, deb belgilandi. Bu bilan, O‘zbekiston fuqarolari boshqa joyga ko‘chganda, ko‘chib borgan joyida ro‘yxatda turish uchun davlatdan ruxsat so‘rashi emas, balki davlatni xabardor qilishi tartibi joriy etilmoqda.

Qonunga ko‘ra, fuqarolar yashash joyi va turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart. Shaxsning yashashi uchun unga joy bergan mulkdor (yoki turar joyni tasarruf etish huquqiga ega shaxs) – unga qarashli joyda yashay boshlagan shaxsni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazishi kerak.

Registratsiya muddatlari:

  • O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z yashash joyi yoki turgan joyi o‘zgargan taqdirda, yangi yashash joyiga yoki turgan joyiga kelgan kundan e’tiboran 10 ish kunidan kechiktirmay, yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.
  • O‘zbekistonning xorijda doimiy yashovchi fuqarolari O‘zbekistonga kirgan kundan e’tiboran 10 ish kunidan kechiktirmay, yashash joy yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.
  • O‘zbekistonda doimiy yashamaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekistonga kirgan kunidan e’tiboran, agar O‘zbekistonning xalqaro shartnomalari va qonunchiligida boshqacha muddat nazarda tutilmagan bo‘lsa, 3 ish kunidan kechiktirmay turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishi shart.

Yangi qonunga asosan, O‘zbekiston fuqarolari yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tish uchun ichki ishlar organlarining migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmalari yoki davlat xizmatlari markazlariga borgan holda, yoxud YaIDXP orqali onlayn tarzda xabardor qilishi kerak.

Bolani o‘z ota-onasining yoki ota-onasidan birining yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) arizasi (roziligi) talab etilmaydi.

Turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishda, soliq organlarida hisobga olingan turar joyning ijara shartnomasi taqdim etilganda, turar joy mulkdorining (mulkdorlarining) arizasi (roziligi) talab etilmaydi.

O‘zbekiston fuqarosining yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganligining mavjud emasligi – uni turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etish uchun asos bo‘lmaydi.

O‘zbekiston fuqarosini yashash joyi yoki turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risidagi arizani ko‘rib chiqish muddati 1 ish kunidan oshmasligi kerak. Ro‘yxatdan o‘tgan shaxsga elektron va (yoki) qog‘oz shaklidagi ma’lumotnoma rasmiylashtiriladi.

Agar turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tganlik muddati tugagan bo‘lsa, ammo shaxs ushbu joyda bo‘lishda davom etsa, u 10 ish kuni ichida turgan joyi bo‘yicha yangidan ro‘yxatdan o‘tishi zarur.

Qonunga ko‘ra, ro‘yxatdan o‘tkazishda uy-joy maydonining ijtimoiy normasiga rioya qilish talab etiladi.

Mavzuga oid