Jahon | 15:28
2808
2 daqiqa o‘qiladi

Eron prezidenti Isroilning iyun oyidagi hujumida yaralangan - Fars

Mas’ud Pizishkiyon Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi yig‘ilishidagi ishtiroki vaqtida Isroil tomonidan uyushtirilgan hujum oqibatida oyog‘idan jarohat olgan.

Foto: Iranian Presidency Office

Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon Isroil tomonidan 16 iyun kuni uyushtirilgan hujum vaqtida oyog‘idan yengil jarohat olgan. Bu haqda Fars agentligi o‘z manbalariga tayanib xabar berdi.

Isroil Tehronga Eron Milliy xavfsizlik oliy kengashi yig‘ilishi vaqtida zarba bergan. Qayd etilishicha, hujum uchrashuv o‘tkazilgan binoning kirish qismiga uyushtirilgan. Eronlik yuqori martabali amaldorlar avariyaviy lyuk orqali evakuatsiya qilingan.

Agentlikning yozishicha, hujum Livandagi «Hizbulloh» harakati yetakchilaridan biri Hasan Nasrullohni o‘ldirish operatsiyasiga o‘xshash tarzda ishlab chiqilgan. Eron rasmiylari ehtimoliy agent kirib kelgan bo‘lishi mumkinligiga oid versiyasini o‘rganmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 13 iyundan boshlab Isroil Eronga zarba berib, yadroviy inshootlarga, yuqori martabali harbiy xizmatchilarga va yadroviy sohadagi olimlarga hujum qildi. Eron bunga javoban Isroilga raketa va uchuvchisiz uchoqlar uchirdi. AQSh 22 iyunga o‘tar kechasi mojaroga qo‘shilib, Fordo, Natanz va Isfahondagi yadroviy inshootlarga raketalar va bunkerga qarshi bombalar bilan zarba berdi. Ikki kundan keyin Eron oldindan ogohlantirib, Qatardagi AQSh harbiy bazasiga hujum qildi. 24 iyun kuni Isroil va Eron AQSh bosimi ostida o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘ldi – garchi birmuncha vaqt o‘zaro otishmalar davom etdi.

Mavzuga oid