Jahon | 20:57 / 14.07.2025
2705
3 daqiqa o‘qiladi

AQSh Zangezur yo‘lagini 100 yilga ijaraga olmoqchi

Ozarboyjonning g‘arbiy viloyatlari va uning eksklavi – Naxchivan Muxtor Respublikasini bog‘lovchi, Armanistonning Syunik viloyati orqali o‘tuvchi yo‘lak bo‘yicha mojaro 10 yildan beri davom etmoqda. AQSh uni ijaraga olish orqali muammoni hal qilmoqchi.

Foto: AFP

Qo‘shma Shtatlar Armaniston va Ozarboyjon o‘rtasidagi Zangezur yo‘lagi ustidan nazoratni o‘z zimmasiga olishga tayyor, agar bu boshi berk ko‘chaga kirib qolgan arman-ozarboyjon muzokaralarini olg‘a siljitishga yordam bersa. Bu haqda Turkiyadagi AQSh elchisi Tom Barak jurnalistlarga ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Vashington Zangezur yo‘lagini 100 yilga ijaraga olishga tayyor.

«Ular (Armaniston va Ozarboyjon) 32 km yo‘l ustida bahslashmoqda, lekin bu hazil emas. Bu o‘n yildan beri davom etmoqda — 32 km yo‘l. Keyin Amerika kelib, yaxshi, biz buni o‘zimizga olamiz, deydi. Bizga 32 km yo‘lni 100 yilga ijaraga bering, shunda mojaroga barham beriladi», dedi elchi.

Amerikaning xususiy kompaniyasi ushbu loyihani amalga oshirishda kafil bo‘lishi mumkin, deb yozdi Middle East Eye. Tashabbus Turkiyadan chiqdi va AQSh uning taklifiga rozi bo‘ldi, deb aniqlik kiritdi nashr manbasi. Biroq Armaniston ushbu kompaniya yo‘lning Naxchivandan o‘tuvchi qismida ham ishlashi kerakligini ta’kidlagan. Ozarboyjon esa buni qabul qilib bo‘lmaydigan aralashuv sifatida baholagan.

Zangezur yo‘lagi – Ozarboyjonning g‘arbiy viloyatlari va uning eksklavi – Naxchivan Muxtor Respublikasini bog‘lovchi, Armanistonning Syunik viloyati orqali o‘tuvchi logistika yo‘nalishi loyihasi.

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘z mamlakatining Zangezur yo‘lagiga qiziqishini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, loyiha strategik va iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lib, uning ochilishi butun mintaqa uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.

Armaniston loyihaning «Dunyo chorrahasi» deb nomlanishini istamoqda, chunki «Zangezur yo‘lagi» atamasi Syunik mintaqasi suverenitetiga tajovuz qiladi. Ozarboyjon esa yo‘lak Armanistonning to‘liq nazorati ostiga o‘tkazilmasligini ta’kidlaydi: Boku Yerevan bu yo‘lakka to‘siqsiz kirishni kafolatlay olmaydi, deb hisoblaydi.

Mavzuga oid