Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Doniyor Qodirov prezident maslahatchisi lavozimidan ketdi
U endi departament rahbari hisoblanadi.

Foto: Prezident matbuot xizmati
Prezident administratsiyasidagi o‘zgarishlar doirasida Doniyor Baxtiyorovich Qodirov prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimidan ozod etildi.
Endi u Prezident administratsiyasi Jamoat xavfsizligi va qonun ustuvorligi bo‘yicha departamenti rahbari lavozimiga tayinlandi.
Doniyor Qodirov muqaddam IIV Transportda xavfsizlikni ta’minlash bosh boshqarmasiga rahbarlik qilgan, 2018-2019 yillarda IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i bo‘lgan.
2021 yil yanvarida prezidentning huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtirish masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari lavozimiga o‘tgan, 2023 yil avgustida shu soha bo‘yicha maslahatchiga aylangandi.
Shuningdek, prezidentning quyidagi maslahatchilari o‘z lavozimlarini saqlab qolgan:
G‘ofurjon G‘aniyevich Mirzayev O‘zbekiston prezidentining kadrlar bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi — bungacha uning lavozimi prezidentning kadrlar siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi — O‘zbekiston prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi direktori deb nomlanardi.
Ravshan Ayubovich G‘ulomov O‘zbekiston prezidentining iqtisodiy siyosat bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi (oldingi lavozimi prezidentning iqtisodiy rivojlanish masalalari bo‘yicha maslahatchisi).
Mansurbek Polvonzoda Olloyorov O‘zbekiston prezidentining ijtimoiy himoya bo‘yicha maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori lavozimiga tayinlandi (oldingi lavozimi prezident maslahatchisi — Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktori).
Ruslanbek Quroltayyevich Davletov O‘zbekiston prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga tayinlandi (oldingi lavozimi prezidentning ijtimoiy-siyosiy, diniy-ma’rifiy va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi).