Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
"O‘tkan kunlar" romani koreys tiliga tarjima qilindi
O‘zbek romanchilik maktabining asoschisi Abdulla Qodiriyning "O‘tkan kunlar" romani koreys tiliga tarjima qilindi.

Foto: "Dunyo" AA
Asar tarjimasi Kemyong universiteti professori Kim Chung Sun tomonidan amalga oshirildi.
Kitobni tarjima qilish va uni nashr etish jarayoni qariyb 2,5 yil davom etdi. Bu vaqt mobaynida roman tarjimasi mukammal chiqishi uchun tarjimon ko‘plab izlanishlar olib bordi. Xususan, tarjimani koreys kitobxonlariga yanada tushunarli va qiziqarli yetkazish maqsadida professor Kim Chung Sun 21-31 mart kunlari O‘zbekistonda bo‘ldi. Safar davomida Abdulla Qodiriy uy-muzeyi hamda asar voqealari bo‘lib o‘tgan shaharlar – Toshkent, Marg‘ilon, Qo‘qon, Farg‘onada qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professor-o‘qituvchilari bilan tarjima jarayoni yuzasidan fikr almashdi.
Janubiy Koreyalik tarjimon, shuningdek, Abdulla Qodiriyning nevarasi Xondamir Qodiriy bilan uchrashib, adib haqida va umuman "O‘tkan kunlar" asarining yaratilishi haqida ko‘plab ma’lumotlar oldi va ulardan tarjimani yanada boyitishda foydalandi.
Seul shahrida kitob taqdimotiga bag‘ishlangan tantanali marosim o‘tkazildi. Tadbirda Janubiy Koreya parlamenti va hukumati, vazirlik va idoralari, ommaviy axborot vositalari, diplomatik korpus vakillari hamda faol vatandoshlar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan O‘zbekiston elchisi Alisher Abdusalomov Kemyong universiteti professoriga ushbu tarjimani amalga oshirishdagi beqiyos mehnati va fidokorona sa’y-harakatlari uchun minnatdorlik bildirdi. Elchi o‘z nutqida, mazkur tadbir faqatgina bir kitobning tarjimasi va namoyishi bilan cheklanib qolmasdan, balki O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik, o‘zaro hurmat va umumiy madaniy qadriyatlarning yorqin ramziga aylanganini ta’kidladi. Shu ma’noda, taqdimot marosimi ikki xalq o‘rtasidagi ma’naviy yaqinlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiluvchi muhim madaniy voqelik sifatida alohida ahamiyatga ega ekani qayd etildi.
Shuningdek, diplomat koreyalik o‘quvchilar "O‘tkan kunlar" asarini mutolaa etar ekan, o‘zbek xalqi tarixiga, milliy ruhiga, madaniy merosi va zamonaviy taraqqiyot yo‘liga nisbatan yanada chuqurroq va samimiy qiziqish uyg‘onishiga umid bildirdi.
Mavzuga oid

18:28 / 10.07.2025
Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol hibsga olindi

09:56 / 10.07.2025
O‘zbekistonning Koreyadagi turizm brendi elchisi tayinlandi

23:21 / 07.07.2025
Tramp 1 avgustdan Janubiy Koreya va Yaponiya tovarlariga 25 foizli bojlar joriy etilishini e’lon qildi

17:11 / 06.07.2025