Jahon | 23:54 / 14.07.2025
1957
5 daqiqa o‘qiladi

Trampning «katta chiqishi»: hammasi o‘zgarishi mumkin

Bugun 14 iyul. Bu kunda dunyoda g‘ayritabiiy nimadir sodir bo‘ladi, deb ayta olmayman, lekin Amerika prezidenti Tramp Rossiya va Ukraina urushi bo‘yicha favqulodda chiqish qilishi aniq. U yarim yildan buyon Ukrainaga berilayotgan barcha yordamni to‘xtatdi, Kiyevga juda kuchli bosim qildi. Va bu bilan Rossiyaga urushda o‘zi ko‘zlagan minimal vazifalarni bajarishga imkon berdi. Lekin janob Putin oltinchi telefon suhbati vaqtida ham Trampga konkret gap aytmagach, endi respublikachi prezident urush diplomatiyasini o‘zgartiradigan ko‘rinadi. Quyida shu haqda.

Faqat «Patriot» emas

Xo‘sh, Donald Tramp bugungi katta chiqishida nimalar haqida gapirishi mumkin? Katta ehtimol, AQSh prezidenti Ukrainaga qurol-yaroq ko‘rinishidagi yordam paketi haqida e’lon qiladi. Agar shunday bo‘lsa, bu Trampning urush boshlanganidan buyon Kiyevga yuboradigan ilk harbiy yordam bo‘ladi. Uning davrida ukrainlar oz miqdorda qurol olib turdi, lekin bu Bayden davridagi tasdiqlangan paketlar edi.

Tramp prezidentlik kampaniyasi davridayoq Ukrainaga qurol yetkazib berishni qoraladi, «urushni bir kunda diplomatiya orqali to‘xtatishini» aytdi, lekin urushni to‘xtata oladigan yagona odam bilan olti martalab gaplashib, u odam Tramp tugul undan kattasining gapiga ham quloq solmasligini tushunib yetgach, strategiyasini o‘zgartiradigan ko‘rinadi. Bugun e’lon qilinishi mumkin bo‘lgan harbiy paket 500 million dollarga teng bo‘lishi mumkin.

Amerika nashrlarining yozishicha, Tramp e’lon qiladigan harbiy paket faqat Patriot havo hujumidan mudofaa tizimlari bilan cheklanib qolmay, hujum qurollarini ham o‘z ichiga oladi. Xususan, Kiyev Rossiya ichkarisigacha yetib boruvchi raketalar ham olishi mumkin.

«Trampning jahli chiqdi»

Respublikachi senator, Rossiyaga qarshi sanssiyalar yangi paketi bo‘yicha qonun loyihasi muallifi Lindsi Gremning aytishicha, prezident Tramp Rossiya prezidenti Putindan qattiq jahli chiqqan. «Ertangi bayonot juda keskin bo‘ladi», degan senator.

Tramp shu vaqtgacha Ukrainaga hujum qurollari berish variantini hatto ko‘rib chiqmayotgandi. Agar AQSh prezidenti chindan Kiyevga Rossiyaga hujum qilish imkonini beruvchi qurollar yuborsa, bu urushda jiddiy burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.

Amerika nashrlarining yozishicha, 3 iyuldagi telefon suhbati chog‘ida Putin Trampga 60 kun ichida katta yurish boshlashi, Ukrainaning Rossiya o‘ziniki deb e’lon qilgan barcha yerlarini to‘liq egallab olishini aytgan. Bundan jahli chiqqan Tramp Rossiyaga nisbatan fikrini keskin o‘zgartirgan. Tramp Rossiya prezidenti bilan suhbatdan ko‘p o‘tmay Fransiya lideri Makron bilan gaplashgan va «U hammasini olmoqchi», deb aytgan.

Tramp nega o‘zgardi?

Endi Donald Tramp nega bunaqa o‘zgarib qolgani haqida. Bilasizmi, aslida respublikachi Tramp uchun Ukraina qancha yerini boy berishi umuman qiziq emas. Lekin bir muammo bor – Tramp «Men bo‘lsam, urush boshlanmasdi, bu mantiqsiz urushni bir kunda tugataman», deb qo‘ygan. Endi «Bu Bayden, Zelenskiy va Putin boshlagan urush», degan gaplar o‘tmaydi, chunki janob Tramp olti oydan buyon Amerika prezidenti!

Endi Tramp gaplari blef bo‘lmaganini isbotlashi kerak. Ok, mister Tramp, 2022 yilgi urush boshlanib bo‘ldi, siz uni tugata olmadingiz, endi hech bo‘lmasa yangi bosqinga yo‘l qo‘ymang, qani sizning Armagedoningiz? Taxminan shunaqa chaqiruv qarshisida hozir janob Tramp.

Baydenni, Zelenskiyni yoki boshqa istalgan odamni gap bilan ayblash, piar kompaniya bilan «loyga bulash» mumkin, lekin Rossiyaning Ukraina bo‘ylab yangi hujumini gap bilan ham, piar kompaniya bilan ham to‘xtatib bo‘lmaydi. Buni nihoyat tushunib yetgan mister Tramp urush bo‘yicha strategiyasini o‘zgartirganga o‘xshaydi.

Azizlar, men bu fikrlarni Tramp Ukrainaga yangi qurollar berishi mumkinligi haqida ehtimol atrofida bildirdim. Bugun oqshom Tramp chiqib «Biz Ukrainaga bir olam kaska va aptechkalar yuboramiz», desa, bu fikrlar o‘z ahamiyatini yo‘qotadi. Ko‘ramiz, bugun qaysi Tramp chiqish qilarkin: chinakam Putindan jahli chiqqan, g‘azabnok Trampmi yoki 2018 yil Xelsinki sammitidagi Trampmi...

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid