Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Yangi formatdagi klublar mundialining plyus va minuslari
Sensatsiyalar, katta pullar, ob-havo muammolari va charchagan futbolchilar. Turnir qanday voqealar bilan yodda qoldi?

Foto: Eva Marie Uzcategui/Getty Images
Agar siz futbolchi bo‘lmasangiz, futbol uchrashuvini tomosha qilishdan zavq olsangiz – klublar o‘rtasidagi jahon chempionati ayni muddao. Axir Chempionlar Ligasi finali o‘tkazilib, milliy jamoa tanaffusga kuzatilgan vaqt esingizdami? Ancha bo‘lib ketdi, to‘g‘rimi? Ana o‘sha kundan boshlab to kechagi oqshomgacha biz yana futbol tomosha qildik.
Allaqachon futbolni sog‘ingan, sevimli klublarimizning mashg‘ulotlarini bo‘lsa ham tomosha qilish uchun videolarni qidirib yurishimiz kerak bo‘lgan paytda kechagi finalni muhokama qilyapmiz. Yangi emotsiyalarni his qildik, «PSJ»ni ham yengish mumkinligini ko‘rdik, Saudiya Arabistoni futboli bemalol Yevropa bilan raqobat qila olishini kuzatdik, «Chelsi» va «Manchester Siti»ning yangi yulduzlariga jiddiy raqobat ostida baho berdik.
Yana tunni bedor o‘tkazdik, uxlab qolgan bo‘lsak, ertalab turib, tungi o‘yinlar natijasini, gollarni ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Xullas, har qancha salbiy fikrlar, tanqidlar bo‘lmasin, futbol muxlisi uchun futbol tomosha qilish har qanaqasiga eng sevimli mashg‘ulot ekanini inobatga olsak, bu turnir ham bizga o‘sha onlarni taqdim etdi.
Shunday bo‘lsa-da, yangi turnir, yangi formatda, futbol uchun biroz begona bo‘lgan mamlakatda bo‘lib o‘tdi va tabiiyki, futbol ommasi turli jihatlarni tahlil qilishi, shu paytgacha o‘zi o‘rganib qolgan o‘lchovlar qolipiga bu musobaqani ham solib ko‘rishi tabiiy. Ayniqsa, kelasi yili ayni shu vaqtda milliy jamoalar o‘rtasida jahon chempionati aynan shu stadionlarda, shu shartlarda bo‘lib o‘tishini hisobga olsak, bunday fikrlar doim qiziq va o‘rinli bo‘ladi. Quyida kecha yakuniga yetgan turnir haqidagi ba’zi xulosalarni taqdim etamiz.
Ob-havo noqulayligi, kechiktirilgan uchrashuvlar

Foto: Marcio Machado/Getty Images
Eng avvalo, noqulay ob-havo tufayli ba’zi o‘yinlar o‘z vaqtida boshlanmagani va hatto ba’zi uchrashuvlarda katta tanaffuslar yuzaga kelganini aytish mumkin. Masalan, «Benfika»ning «Oklend»ga qarshi o‘yinida muxlislar ikkinchi bo‘lim boshlanishini naq 130 daqiqa kutishga majbur bo‘lishdi.
«Bu futbol emas, maynavozchilik. AQSh yirik musobaqalarni o‘tkazishga mos joy emas», – deb keskin fikr bildirgandi xuddi shu «Benfika»ga qarshi o‘yin oxirlarida tanaffus yuzaga kelganida «Chelsi» bosh murabbiyi Enso Mareska.
Sababi, deyarli barcha o‘yinlar mamlakatning sharqiy qismida bo‘lib o‘tdi va bu hududlarda ayniqsa iyun oylarida bo‘ronlar ko‘p bo‘ladi. Ma’lumotlarga qaraganda, so‘nggi o‘n yilda chaqmoq urishi oqibati vafot etganlarning 75 foizi aynan iyun-avgust oylariga to‘g‘ri kelar ekan. Xavfsizlik protokolida qat’iy yozib qo‘yilgan: agar chaqmoq stadiondan 16 km radiusda sodir bo‘lsa, avtomatik ravishda o‘yin to‘xtatilishi kerak. Bu haqida stadion direktoriga xabar beriladi, u esa hakamga bu haqida bildiradi. Kelasi yilgi mundialda ham shunday voqealardan bo‘lishidan qutulib bo‘lmaydi.
Faqat bu emas, futbolchi va muxlislar havo o‘ta issiqligidan ham aziyat chekishdi. 1-turdagi «PSJ» va «Atletiko» o‘yini mahalliy vaqt bilan soat 12:00 da boshlandi va o‘sha paytda havo harorati +40 darajani tashkil etib, namlik 60 foizgacha ko‘tarilgandi.
Guruh bosqichlaridagi muxlislar tashrifi, bo‘sh tribunalar

Foto: Carl Kafka/Getty Images
Qishda klublar o‘rtasidagi jahon chempionatini ta’riflarkan, FIFA prezidenti Janni Infantino turnirni 63 ta superboulga tenglashtirgandi. Superboul amerikacha futbol bo‘yicha AQShdagi liga finali bo‘lib, auditoriyasi va o‘ziga jalb qilish bo‘yicha mamlakatdagi rekordchi tomosha hisoblanadi.
Guruh bosqichlaridan bo‘sh tribunalar musobaqaning ilk kunlarida asosiy muhokama mavzusi bo‘ldi va turnirga qarshi bo‘lganlar uchun kuchli argumentga aylandi. FIFA hatto chipta narxlarini pasaytirishi ham yordam bermadi.
Xayriyatki, pley-off bosqichidan jonlanish kuzatildi, haqiqatan top afishadagi o‘yinlarda muxlislar stadionlarni to‘ldirib o‘tirdi. Jumladan, final 80 mingdan ortiq muxlisni sig‘diradigan stadionda tashkil qilindi va bo‘sh o‘rindiqlar deyarli yo‘q edi.
Tabiiyki, milliy jamoalar o‘rtasidagi chempionatda bunday holatlar kuzatilmaydi, zero har bir jamoaning o‘ziga xos fanbazalari bor va raqibdan, o‘yin taqdiridan qat’i nazar qo‘llab-quvvatlash uchun ko‘p sonli ishqibozlar tashrif buyurishi shubhasiz.
O‘yinlar vaqti biz uchun noqulay edi
Vaqt tafovuti aynan o‘zbekistonlik muxlislarga uchrashuvlarni tomosha qilishda noqulaylik tug‘dirgani shubhasiz. Aksariyat o‘yinlar qoq yarim kechasi bo‘lganidan hamma o‘yinlarni tomosha qilishning iloji bo‘lmadi. Aytaylik, Yevropa vaqtida bo‘ladigan turnirlarda o‘yinlarning eng oxirgisi 00:00-01:00 oralig‘ida boshlanardi. Bemalol ishdan kelib, televizorni mos kanalga qo‘yish, boshqa ishlar orasida ham kuzatish imkoniyati bo‘ladi. Agar biror o‘yinda intriga oshib, qizib ketsa, astoydil ko‘rishga o‘tirish ham mumkin. Afsuski, AQShdagi turnirlarda buning iloji bo‘lmadi. Masalan, «Portu»ning «Al Ahli» bilan (4:4) yoki «Manchester Siti»ning «Al Hilol» bilan (3:4) o‘yinlari intriga va gollarga boy bo‘lsa-da, afishadan buni taxmin qilish qiyin edi. Demak, shu o‘yinlarni ko‘rishga niyat qilgan muxlislargina to‘g‘ridan to‘g‘ri kuzatish imkoniyatiga ega bo‘ldi, xolos.
Albatta, kelasi yili milliy jamoa ishtirokidagi o‘yinlarni tunning istalgan qismida tomosha qilishga tayyor bo‘lamiz. Ammo agar turnirni to‘liq qamrab olishni, iloji boricha ko‘proq futbol tomosha qilishni istasangiz, mehnat ta’tili olib, kun rejimingizni o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi.
Ortiqcha o‘yinlar klublar tayyorgarligi va futbolchilar jismoniy holatiga salbiy ta’sir qilishi mumkin

Foto: Kevin C. Cox/Getty Images
Jahon va Yevropa chempionatlari ham asosan yozda o‘tkaziladi, bu yangilik emas. Ammo u yerda milliy jamoalar qatnashgani uchun ishtirokchi futbolchilar aytaylik, top-klublarga teng taqsimlanadi. Har qanday top-klubda aksariyat futbolchilar o‘sha turnirda ishtirok etadi va raqobatchi boshqa jamoalarda ham deyarli shunday. Katta turnirlardan keyingi mavsum boshidagi muammolar yoki JCh-2022 qishda o‘tganining ta’siri ham mana shu shaklda barcha teng jamoalarga teng ta’sir qiladi. Ammo klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida faqat ayrim klublar qatnashganidan, aynan ular uchun katta muammolar kelib chiqishi tabiiy.
Misol uchun, «Chelsi» kecha finaldan keyin dam olishga chiqib ketgan bo‘lsa, «Liverpul», «Arsenal» kabi KJChda qatnashmagan klublar shu hafta bir oylik dam olishdan qaytishdi va mashg‘ulotlarni boshlab ulgurishdi. Endi «Chelsi» futbolchilarini bir oy dam olishga jo‘nata olmaydi, bir oydan keyin mavsum boshlanadi – futbolchilar kerakli sport formasiga kirib olishi kerak. Boshqalar bilan bir xil ham tayyorlana olishmaydi – futbolchilar uzoq mavsumdan keyin dam olishi zarur.
Demak, sport formasi bo‘yicha ham, mavsumga tayyorgarlik bo‘yicha ham turnir ishtirokchilari boshqalardan yomonroq holatda bo‘ladi. Mavsum boshida bu o‘z ta’sirini ko‘rsatishi tayin.
Tabiiyki, klublar mavsumga tayyorroq bo‘lish maqsadida mavsumoldi yig‘inlarni tezlashtirishga, futbolchilarga keragidan ortiq yuklama berishga majbur bo‘ladi. Bu esa yangi mavsumda jarohatlar sonini ham oshirib yuborishi mumkin. Qatardagi mundial aynan mana shu tomondan ancha noqulay bo‘lgandi.
Rejalashtirilmagan futbol bayrami

Foto: Stu Forster/Getty Images
Albatta, musobaqa faqat salbiy bo‘yoqlardan iborat emas, ba’zi ijobiy tomonlari kirish qismida ham aytib o‘tildi. Eng muhimi, bu safargi chempionat o‘z geografiyasini, shu orqali auditoriyasini sezilarli darajada kengaytirib olgani bo‘ldi. O‘tgan asrda qit’alararo kubok sifatida o‘tkazilgan paytda faqat Lotin Amerikasi va Yevropa klubi yagona uchrashuvda jahon chempionini aniqlagan bo‘lsa, keyinchalik pley-off tashkil qilinib, boshqa konfederatsiya vakillari ham jalb qilingan. Ammo aksariyat hollarda Afrika yo Osiyo vakillari Yevropa klubiga yetib borolmas, finalgacha bo‘lgan qism baribir ko‘pchilik nigohidan chetda o‘tardi.
Bu safar esa har bir jamoa uchun kamida uchta o‘yin kafolatlangandi va guruhda turli qit’a klublari o‘zaro raqobat qildi. Muxlislar «Al Hilol»ni, Braziliya jamoalarini yaqindan tanidi, ularning har bir futbolchisini turli shartlarda kuzata oldi. Ayni damda birinchi turnir bo‘lgani uchun yangilik, ammo har to‘rt yilda o‘tkazilganda, tabiiyki, doimiy ishtirokchilar paydo bo‘ladi, tanish jamoalarni, tanish futbolchilarni kuzatish yanada qiziqroq.
Bu albatta, futbol auditoriyasi ham kengayishiga, birlashishiga olib keladi. Shartli «Real» bilan natijasi ma’lum birgina o‘yinini ko‘radigan shimoliy amerikalik muxlislar «Pachuka»ning o‘ziga teng bo‘lgan boshqa jamoalar bilan, balki Yevropaning boshqa klublari bilan o‘yinini o‘zgacha ishtiyoq bilan kutadi.
Turnirda doim favorit bo‘lgan UYeFAdan bir emas, bir necha jamoa qatnashishi esa tabiiyki, intrigani yanada oshirdi. 2012 yildan buyon faqat Yevropa vakili g‘olib bo‘layotgan turnirda sovrinni kim qo‘lga kiritishi haqida yangi va asosiy savol paydo bo‘ldi.
Shuningdek, turnir ayniqsa, boshqa qit’a jamoalari futbolchilari uchun ham o‘ziga xos yarmarka vazifasini o‘tab berdi, deyish mumkin. Aytaylik, «Palmeyras»ning kolumbiyalik yarimhimoyachisi Richard Rios anchadan beri klublarning kuzatuvida edi, ammo mana shu turnirdan keyin aniq takliflar paydo bo‘ldi. «Roma» u bilan jiddiy muzokaralarga kirishdi, «Portu», «Inter», «MYu» kabi klublar ham qiziqish bildirishgan.
Klublar uchun moliyaviy imkoniyatlar
Yevropa klublarini qiziqtirishi mumkin bo‘lgan va tashkilotchilarga kuzir bo‘lgan eng asosiy omil mana shu yerda. Ayniqsa, doim moliyaviy Fair Play bilan kurashib, sof daromad ikki barobar qadrli bo‘lib ketayotgan hozirgi davrda klublar uchun ayni muddao. Odatda yozda top-klublar ozgina pul ishlab olish ilinjida turnelar uyushtirishadi, Xitoy yoki AQShda noqulay bo‘lsa-da, turli o‘rtoqlik uchrashuvlarida qatnashishadi. KJCh taklif qilayotgan summalar esa nafaqat bunday turnelar, balki hatto Chempionlar Ligasinikidan ham ko‘p.
FIFA mukofot jamg‘armasini 1 milliard dollar deb e’lon qildi. Aytaylik, atigi uch o‘yinda qatnashib, birorta ham g‘alaba qozona olmagan Yevropa klubi ham kamida 40 million dollar pul olishi kafolatlangandi. G‘olib esa 125 million dollargacha ishlab olishi mumkin bo‘ladi. Tasavvur qiling, bu «Chelsi»ning butun mavsum uchun APLdan oladigan pulidan biroz kamroq, xolos.
Yevropa klublari uchun turnir ma’lum yo‘nalishdagi masalalarni hal qilishda yordam bersa, ba’zi klublarning bir necha yillik budjetini ko‘taradi. Masalan, «Oklend Siti» 3,5 mln dollarga yaqin pulga ega bo‘ldi va bu klubning qariyb ikki yillik budjetiga teng. Ya’ni ushbu yarim havaskor klub har safar klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida ishtirok etib yursa kifoya, puldan muammo bo‘lmas ekan.
Xulosa
Albatta, kamchiliklar yetarli, ammo bu birinchisi ekanini unutmaslik kerak. Yuqorida tilga olingan muammolarni hal qilish mumkin, boshqacha muhitda, boshqacha ob-havo sharoitida bundan ham yaxshiroq tashkil qilish mumkin edi va bu haqida FIFA o‘ylab ko‘rsa kerak. Shu bilan birga, turnirni butunlay qoniqarsiz, amalga oshmagan loyiha sifatida ham baholash qiyin. Qaysidir ma’noda uddalandi ham.
Yozishlaricha, o‘sha o‘tgan asr 30-yillaridagi ilk jahon chempionatlariga qiziqish juda kam bo‘lgan. Hatto asr o‘rtalarigacha mundialdan ko‘ra, olimpiadadagi futbolning e’tibori baland bo‘lgan, ko‘pchilik olimpiada bor ekan, alohida futbol bo‘yicha chempionat nimaga kerakligini tushunmagan ham.
Davrlar o‘tdi, mundialning o‘z tarixi, chempionlari, qahramonlari paydo bo‘ldi, esdan chiqmaydigan uchrashuvlar, hissiyotlar, unutilmas voqealar bilan birga bir butunlik hosil qildiki, ayni damda butun dunyoni bir nuqtaga qaratishga qodir bo‘lgan yirik musobaqaga aylandi.
Qachondir klublar bilan ham shunday bo‘lar, qachondir yetarlicha tarix yaralgach, bu turnir ham boshqacha his-tuyg‘ularni taqdim etar? Albatta, shunday bo‘ladi va «Chelsi» o‘z odatiga sodiq ravishda bu sovrinni ham har ehtimolga qarshi yutib olishni uddaladi.
Mavzuga oid

02:13 / 14.07.2025
«Chelsi» finalda dahshatli «PSJ»ni yirik hisobda yengdi

17:41 / 13.07.2025
Yozning asosiy o‘yini: «PSJ» va «Chelsi» klublar mundiali finalida to‘qnashadi

11:05 / 09.07.2025
«Chelsi»da yangi yulduz porlamoqda. Joau Pedru sobiq jamoasini ayamadi va londonliklarni finalga olib chiqdi

11:26 / 06.07.2025