Jahon | 13:43
887
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya va AQSh mudofaa vazirlari Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasini muhokama qildi

Boris Pistorius va Pit Hegset Vashingtonda muzokara o‘tkazdi va Ukrainaga Patriot tizimlarini yetkazib berish bilan bog‘liq muammolarni «tez va jimgina» hal qilishga kelishib oldi.

Foto: AP

Germaniya va AQSh mudofaa vazirlari Boris Pistorius va Pit Hegset 14 iyul, dushanba kuni Vashingtonda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida Ukrainaga qurol yetkazib berish masalasini muhokama qildi. Amerikaning Bloomberg agentligi xabariga ko‘ra, Germaniya vaziri, xususan, amerikalik hamkasbidan Kiyevga ikkita Patriot tizimini taqdim etishni so‘ragan. Pistorius va Hegset, jurnalistlarning xabar berishicha, ushbu kelishuv bilan bog‘liq muammolarni «tez va jimgina» hal qilishga kelishib oldi.

Boris Pistorius o‘z nutqida Qo‘shma Shtatlarning hissasi «kollektiv xavfsizlik uchun ajralmas» bo‘lib qolayotganini aytdi, biroq Germaniya «Yevropani to‘xtatib turish va himoya qilish uchun kattaroq mas’uliyatni o‘z zimmasiga olishga tayyor» ekanini qo‘shimcha qildi.

Vazirning eslatishicha, Berlin 2029 yilgacha mudofaa uchun yalpi ichki mahsulotining 3,5 foizini sarflashni rejalashtirmoqda.

Jurnalistlarning AQSh va uning ittifoqchilari Ukrainaga Patriot havo mudofaa tizimlarini yetkazib berishni rejalashtiryaptimi degan savoliga Donald Tramp 14 iyul kuni NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuvda bu «bir necha kun ichida» amalga oshishini aytdi. «Bizda 17 ta Patriot tizimini jo‘natish uchun tayyorlanayotgan bitta mamlakat bor. U ularga kerak bo‘lmaydi. Shuning uchun biz o‘sha 17 ta tizimning aksariyati qayerga borishini kelishib olamiz. Ular urush tomoniga boradi», — deya qo‘shimcha qildi Tramp.

Patriot kelishuvida bu kompleksga ega bo‘lgan bir qancha davlatlar ishtirok etadi, dedi u. Ular buni «almashtiradi», dedi Tramp. «Ukraina haqiqatda katta miqdorda harbiy texnika oladi: havo mudofaasi ham, raketalar va o‘q-dorilar ham», — deya ma’lum qildi Ryutte.

Mavzuga oid