Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
“Putin ham, Tramp ham 50 kundan keyin nima qilishni bilmaydi” - siyosatshunoslar
Tramp Putinga qarata: “Yo 50 kunda urushni to‘xtatasiz, yo savdo hamkorlaringizga 100 foiz boj kiritaman”, dedi. Uning bu ultimatumi Rossiya prezidentini sulhga majburlay oladimi? Siyosiy tahlilchilar Kamoliddin Rabbimov va Shuhrat Rasul Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida shu haqda so‘z yuritadi.

Shuhrat Rasul: Dastlab Trampning ultimatumi nima uchun paydo bo‘lganiga to‘xtalsak. Gap shundaki, Putin va Tramp o‘rtasidagi so‘nggi suhbatda prezident Putin birinchi marotaba Ukraina borasida o‘zining rejalarini oshkora aytgan. U 60 kun ichida Rossiya Konstitutsiyasiga kiritib olgan, lekin hozir Ukraina tasarrufida qolayotgan hududlarni to‘liq bosib olishni maqsad qilayotganini Trampga aytgan va bu Trampni juda ham darg‘azab qilgan.
Tramp so‘nggi haftadagi bayonotlarida Rossiyaga imkon bergandi va “hozirgacha egallagan hududlaringizda qolib, kelishuvga erishing” deyotgan edi. Shunga qaramay, prezident Putin o‘zining dastlabki pozitsiyalaridan chekinayotgani yo‘q.
Hozir Tramp prezident bo‘lgandan beri birinchi marta qat’iyat ko‘rsatyapti. Shu paytgacha har doim: “Putin bilan kelishib olamiz, Putinning o‘zi ham tinchlik istayapti, ishonchim komil, Rossiyaga ham tinchlik kerak” degan gaplarni aytar edi. Chunki Putinning o‘zi Trampga shu gaplarni aytib kelgan. Boshqacha aytganda, shu paytgacha Rossiya tomoni o‘zining fikrlarini oshkora aytmagan edi. Mana shu oxirgi telefonda shunday oshkoralik aytildi va bu Trampni rostdan ham darg‘azab qildi.
Vaziyat shu 2019 yilgi Trampning birinchi prezidentlik davrini eslatyapti. O‘shanda ham Tramp uch yil mobaynida “Putinga ishonamiz, Putin endi hujumga o‘tmaydi” degan ritorikani takrorlagan. Lekin keyin provokatsiyalar kuchayib ketib, Rossiya–Ukraina o‘rtasidagi konflikt yuzaga kelgan, natijada Tramp Ukrainaga 150 ta Javelin tankka qarshi raketalarini bergan edi.
Shunisi aniqki, yaqin 60 kun ichida Rossiya reja qilgan hududlarini to‘liq bosib ololmaydi. Buning uchun uzoq yillar kerak bo‘ladi. Lekin Rossiya iqtisodiyoti uzoq yillar urushishga qodir emas.
Fikrimcha, qaynoq urushning ham yakuni ko‘rinib qolyotgandek. Fundamental faktor bu – eng avvalo Rossiya iqtisodiy barqarorligining yo‘qolayotganida. Katta ehtimol bilan yilning oxiriga borib, rosa cho‘zilsa keyingi yilning birinchi choragida Rossiya iqtisodiyotida boshqarib bo‘lmaydigan jarayonlar boshlanadi va buni Rossiya tomoni sezib turibdi. Shuning uchun ham shu oxirgi, so‘nggi zarbani berib qolishni maqsad qilishgan deb o‘ylayman.
Biror bir harbiy mutaxassis hozir Rossiya foydasiga gapirayotgani yo‘q. Chunki Donbass viloyatining 30 foizi, Xerson viloyatining 25 foizi va Zaporojye viloyatining 30 foiz hududini 60 kun ichida Rossiya to‘liq egallab olishi – juda murakkab masala. 50 kundan keyin Rossiyaning o‘zi ham bu ishni uddalamaganini anglab yetadi va biz katta ehtimol bilan oktyabr oxiri yoki noyabrda urushning muzlatilishini kuzatishimiz mumkin.
— Nega Trampning bayonotidan keyin Moskva fond birjasida o‘sish kuzatildi?
Shuhrat Rasul: Chunki senator Grem 14 iyulda Tramp bayonot berishi va bu tarixiy chiqish bo‘lishi haqida anons qilib, dunyo ommasini shu nuqtaga jamlagan edi. Grem Rossiyaga qarshi 500 foizlik bojlar qabul qilinishi borasida ham so‘z ochgan, lekin Tramp amalda 100 foiz bojlar haqida aytdi va bu ham 50 kunga kechiktirildi. Shuningdek, nisbatan yumshoq choralar. Trampning bayonotlari avval taxmin qilinganidek bo‘lmagani uchun Moskva fond birjasining reaksiyasi ham shunga mos reaksiya bildirdi.
Tramp aytayotgan 100 foizlik bojlar – Rossiyadan neft sotib olayotgan davlatlar uchun, ularning neftni Rossiyadan sotib olmasligi uchun joriy qilinadigan bojlar.
Kamoliddin Rabbimov: Agar Putin hozir Amerikaning shartlariga ko‘nadigan bo‘lsa, u oldiga qo‘ygan vazifalarning birortasiga erishmagan bo‘ladi. Rossiya ham, Ukraina ham sulh borasida o‘zining konseptual shartlarini avvalroq, to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar vaqtida bildirgan edi. Ukraina aytyaptiki, “biz hozircha mana shu urush liniyasida to‘xtab turamiz, dunyoning birorta davlati bu hududlarni Rossiyaniki deb tan olmaydi, jumladan, Ukraina ham”. Rossiyaning shartlari esa bosib olgan hududlarning tan olinishi, Ukrainaning harbiy, siyosiy va iqtisodiy mustaqilligi cheklanishi, reparatsiyalar talab qilmaslik bo‘lgan. Ukraina bu talablarni butunlay rad qilgan.
Hozir Rossiya ham, Ukraina ham holsizlangan. Putinning strategiyasi yoki kutayotgan narsasi shu: Ukrainaga agar G‘arb, avvalo Amerika Qo‘shma Shtatlari yordam bermasa, Ukraina mudofaa tizimi tezda yiqiladi va men keyin tezroq hududlarni bosib olaman, degan bir kutish holati bor. Lekin bu amalga oshmayapti, G‘arbning harakatlariga e’tibor bersak, amalga oshmasa ham kerak.
Putinning hozirgi taktikasi – imkon qadar vaqtni cho‘zish. Tramp bugun de-fakto Ukraina tarafida, lekin qanday qilib Rossiyaga bosim qilishni va qanday qilib to‘laqonli Ukrainaga yordam berish bo‘yicha ham strategiyaga ega emas. Donald Trampni bilamiz, uning diplomatiyasi – maksimal tahdid qilish va mana shu qo‘rqitish, psixologik bosim orqali u yoki bu kompromissga, kelishuvga erishish. Lekin Putin bilan bu usul ish bermayapti.
Suhbatni to‘liq shaklda YouTube'da tomosha qilishingiz mumkin.
Mavzuga oid

18:35
Tramp Ukrainaga qurol va’da qildi, ammo uni kim va qanday yetkazib berishi - tushunarsiz

16:31
«Harbiy hamkorlik rejasiga muvofiq» - Surxondaryoda O‘zbekiston va Rossiya harbiylari mashg‘ulot boshladi

12:04
Rossiyada diversiya ishi bo‘yicha sudlangan 13 kishidan 3 nafarining muddati qisqartirildi

11:27