Fan-texnika | 17:31 / 15.07.2025
1476
2 daqiqa o‘qiladi

Renault Fransiya prezidenti uchun zirhli Rafale ishlab chiqardi

Krossover Fransiyaning Centigon kompaniyasidan zirh oldi. Tashqi tomondan Fransiya bayrog‘i ranglaridagi dekoratsiya va flagshtok bilan ajralib turadi.

Foto: Renault

Renault avtokonserni Fransiya prezidenti uchun maxsus ishlab chiqilgan gibrid Rafale modeli asosidagi eksklyuziv zirhli krossoverni taqdim etdi. Mashina zirh bilan jihozlangan va ichki qismi qayta ishlangan.

Tashqi tomondan prezidentning Renault Rafale avtomobili Fransiya bayrog‘i ranglaridagi dekoratsiya va flagshtok bilan ajralib turadi, kuzov esa issiqlikni aks ettiruvchi effektli Bleu Prsidence eksklyuziv ranglarga bo‘yalgan. Ta’kidlanishicha, avtomobilning bo‘yoqlari quyoshda davlat bayrog‘i ranglarida yaltirab turadi.

Krossover Fransiyaning Centigon kompaniyasidan zirh oldi, Renault avtomobil himoyasi tafsilotlariga oydinlik kiritmadi. To‘liq boshqaruvli shassi va podveska zirhning og‘irligini hisobga olgan holda modernizatsiya qilindi. Mashina Michelin shinalari bilan jihozlangan 20 dyuymli g‘ildiraklarga ega. Unga 300 ot kuchiga ega dvigatel o‘rnatilgan.

Renault salonning orqa qismi g‘ildirakli ofis sifatida yaratilganini ta’kidladi. Klimat nazorati tizimini optimallashtirish va yo‘lovchilar uchun akustik qulayliklarga alohida e’tibor qaratildi. Ichki bezakda avtomobil sanoatida kam uchraydigan Pireney Noir Grand Antique marmari ishlatilgan, shuningdek, panellar lazer o‘yma naqshli qimmatbaho teri bilan qoplangan.

Mavzuga oid