Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Trampdan yangi dedlayn – 50 kun. Bu nima degani?
Azizlar, biz kecha Donald Tramp Rossiya – Ukraina urushi bo‘yicha «katta chiqish» qilishi, unda muhim gaplar yangrashi mumkinligi haqida rolik e’lon qilgandik. Video oxirida Tramp Ukrainaga kaska va aptechka berish bilan cheklansa ham ajablanmang, degandik. Trampning «g‘azabnok» chiqishi bundan ham oshib tushdi.
Kutib oling, mister prezidentdan yangi dedlayn: Tramp Rossiyaga 50 kun muhlat berdi. Avval bir kun, keyin uch kun, keyin uch hafta, endi 50 kun. Janob Tramp xuddi kelishilgan futbol o‘yinidagi bir jamoa g‘alaba golini urushini kutayotgan hakamga o‘xshab ketyapti. Kechagi videomizda aytganimizdek, bu hamon o‘sha – Xelsinki sammitida «Amerika razvedkasiga emas, Putinga ishonaman», degan Tramp ekan.

Rossiyaga 50 kun muhlat
Donald Tramp kutilganidek alohida bayonot bermadi, shunchaki NATO bosh kotibi Ryutte bilan uchrashuvda Rossiyaga nisbatan go‘yoki «tanqidiy fikrlar» bildirdi. Tramp hatto bayonot matnini ham tayyorlamagandi, shu sabab raqamlar, muddatlar bo‘yicha chalkashib ketdi, juda ko‘p noaniq gaplar aytdi.
Bayonotdagi eng muhim gap – Rossiyaga 50 kun muddat berilgani bo‘ldi. Trampning so‘zlariga ko‘ra, 50 kun ichida Rossiya Ukraina bilan tinchlik kelishuviga erishmasa, Moskvaga qarshi keskin bojlar joriy qilinadi. Amerika matbuotida Putin Trampga 60 kundan keyin Ukraina bo‘ylab yangi hujum boshlashini aytgani haqida xabar chiqqandi. Tramp Rossiyaga 50 kun vaqt berganiga qaraganda, ularning suhbatida chindan shu masala ko‘tarilgan.
Tramp so‘zi davomida Rossiyaga qarshi cheklovlar deganda ikkilamchi sanksiyalar nazarda tutilganini aytdi. Ya’ni, Rossiya mahsulotini sotib olgan davlat kompaniyalari Amerikaga olib kiradigan mahsuloti uchun 100 foizgacha boj to‘lashi mumkin.
17 ta «Patriot»
Trampning aytishicha, Ukraina 17 ta «Patriot» havo hujumidan mudofaa tizimlari oladi. Trampning gaplaridan kelib chiqadiki, NATO davlatlari o‘zlarida mavjud 17 ta tizimni Ukrainaga yuboradi. Evaziga AQSh o‘sha davlatlarga yangi «Patriot»lar sotadi. Ya’ni, bu hech qanaqasiga AQShning Ukrainaga harbiy yordami bo‘lmaydi. Shunchaki Vashington o‘zida ishlab chiqarilgan bu qurol Ukrainaga yuborilishiga qarshilik qilmay, o‘rtada mo‘maygina pul ishlab oladi.
Trampning bayonotidagi eng qiziq gap uning xotini bilan suhbati haqida bo‘ldi. AQSh prezidentining gaplaridan birinchi xonim Melanya Tramp Rossiyaga nisbatan tanqidiy qarashda ekanini sezish mumkin. «Uyga borib birinchi xonimga «Men Vladimir bilan ajoyib suhbat o‘tkazdim, deyman. Birinchi xonim esa «Chindanmi? Ular hozirgina yana bir shaharni bombalashdi», deydi. Men Putinni qotil deya olmayman, lekin u rahmsiz yigit, buni vaqt ko‘rsatdi. U ko‘plarni aldadi, Klintonni, Bushni, Obamani, Baydenni, meni esa aldolmaydi. Ba’azan bunaqa quruq gaplar naf qilmay, harakat qilish kerak bo‘ladi», dedi Tramp.
Rossiya uchun yaxshi chiqish
Amerika nashrlarida Kiyevda Trampning bayonotini xavotir bilan kutishayotgani haqida yozishgandi. Ular bir narsani bilishgan ekan, chindan Trampning bayonoti Rossiya uchun ayni muddao bo‘ldi. Chunki unda kutilganidek Kiyevga hujum qurollari berilishi, umuman hech qanday harbiy yordam haqida e’lon qilinmadi. 50 kunlik muddat ham juda qulay, bu strategik manyovr qilish uchun yetarli vaqt.
Rossiyada ham Tramp bu qadar yumshoq chiqish qilishini kutishmagandi. Trampning bayonotidan 20 daqiqa o‘tib Moskva birjasi indeksi 3 foizga ko‘tarildi. Bu bahordan buyon kuzatilgan eng yuqori o‘sish bo‘ldi. Ayniqsa «Gazprom», «Rosneft» va «Lukoyl» kabi neftga bog‘liq kompaniyalar aksiyalari eng ko‘p qimmatladi. Chunki bozor Tramp Rossiya neftiga qarshi sanksiya e’lon qilishini kutgandi.
Ana shunaqa gaplar, azizlar. Janob Tramp yana bizni ajablantira olmadi. Respublikachi hamon dedlayn ulashishda davom etmoqda. Nima deb o‘ylaysiz, 50 kunlik muhlat tugagach, Trampning keyingi dedlayni qancha muddatga bo‘larkin?
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov
Mavzuga oid

23:36 / 15.07.2025
Tramp Zelenskiy Moskvaga hujum qilmasligi kerakligini aytdi

21:23 / 15.07.2025
Qurollanishning yangi davri boshlandi. Harbiy budjeti eng katta davlatlar qaysi?

19:18 / 15.07.2025
Rossiyada migrantlarning xorijga pul o‘tkazmalarini cheklash taklif qilindi

18:43 / 15.07.2025