Jahon | 14:39
975
2 daqiqa o‘qiladi

AQShda yosh bolalar o‘rtasida nikotin bilan zaharlanish soni keskin oshdi

Aksariyat holatlar nikotin paketchalari va veyplar uchun suyuqliklar bilan bog‘liq.

Foto: Anadolu Agency

Qo‘shma Shtatlarda olti yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘rtasida nikotin bilan zaharlanish soni keskin oshdi, deb xabar berdi NBC News Amerika pediatriya akademiyasining Pediatrics jurnalida chop etilgan tadqiqotiga tayanib.

Tadqiqotga ko‘ra, 2010 yildan 2023 yilgacha Qo‘shma Shtatlardagi toksikologik markazlar olti yoshgacha bo‘lgan bolalarda nikotin bilan zaharlanish bo‘yicha 134 663 ta murojaatni qayd etgan. Deyarli barcha hodisalar uy sharoitida sodir bo‘lgan.

Shifokorlar, ayniqsa, ommabop Zyn brendi mahsuloti - nikotin paketchalari deb ataladigan narsalardan xavotirda. Mualliflarning fikricha, ushbu mahsulotlar bilan bog‘liq zaharlanish darajasi 2020 yilda 100 ming bolaga 0,48 holatdan 2023 yilda 4,14 holatga yetgan. Uch yil davomida o‘sish 763 foizni tashkil etgan.

Tadqiqotda ta’kidlanishicha, nikotin paketchalarida tamaki yo‘q, lekin kuchli stimulyator bo‘lgan 6 milligrammgacha nikotin bo‘lishi mumkin. Mahsulotlar odatda meva yoki yalpiz ta’miga ega bo‘lib, qadoqlash bolalardan maxsus himoyaga ega emas. Ushbu mahsulotlar AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) tomonidan chekishni tashlash uchun yordam sifatida tasdiqlanmagan.

«Bularning bolalar qo‘liga tushishi vaqt masalasi edi. Bu achinarli, ammo ajablanarli emas», dedi Michiganda ishlovchi pediatr va Amerika pediatriya akademiyasi vakili doktor Molli O’Shi.

Mavzuga oid