Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Deputatlar dala chetlariga ekin ekishga oid bahsli qonunni o‘zgarishlar bilan qabul qildi
Fermerlarga juda katta majburiyat va javobgarlik yuklovchi normalar tahrirlandi va qonun loyihasi Senatga yuborildi. Ekin ekish dalaning barcha chetlariga emas, faqat suv yoqasidagi chetlariga majburiy ekani, 3 karra soliq butun yer maydoniga emas, faqat ekin ekilmagan joyga nisbatan qo‘llanishi, ma’muriy jarima esa faqat subijarachilarga taalluqli bo‘lishi belgilanmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 15 iyul kungi majlisda fermerlarga dala chetlariga ekin ekish majburiyatini yuklovchi qonun loyihasini ikkinchi va uchinchi o‘qishlarda qabul qilib, Senatga yubordi.
Ushbu qonun loyihasi 1 iyul kuni birinchi o‘qishdan o‘tganida, munozaraga sabab bo‘lgan va 22 deputat qarshi ovoz bergandi.
Loyihaning birinchi o‘qishdagi talqinida, jumladan, quyidagilar nazarda tutilgan edi:
- O‘simliklar karantini va himoyasi agentligini dala chetlari, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda tegishli qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish yoki mahsulot yetishtirish hisobini yuritish va nazorat qilish bo‘yicha vakolatli organ etib belgilash;
- har yili 1 aprelga qadar bunday hududlarda ekin ekilmasa, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga o‘zlariga tegishli barcha qishloq xo‘jaligi yerlari uchun yer solig‘ini 3 baravar miqdorda hisoblash;
- qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalaridan foydalanuvchilar, ijarachilar va ikkilamchi ijarachilar ekin maydonlari chetlariga, kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarga ekin ekish va mahsulot yetishtirish majburiyatlarini bajarmagan taqdirda, ularga bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 7 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 7 baravaridan 10 baravarigacha jarima solish.
15 iyul kungi majlisda Qonunchilik palatasining Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov qonun loyihasining yangi versiyasini taqdim etdi.

U kiritilgan o‘zgarishlarga izoh berishdan oldin, dala chetlariga ekin ekish bo‘yicha davlat rahbarining 2024 yil 30 dekabr kungi qarori asosida joriy etilgan tartibni eslatib o‘tdi. Bu tartibga ko‘ra:
- dastlab, O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi mahsulot yetishtirishga bo‘lgan talabni hisobga olgan holda, har bir tuman va mahallaning iqlim sharoitidan, bu yerdagi aholining tajribasidan kelib chiqib, dala chetlarida suv ta’minoti va ekin ekish imkoniyati mavjud bo‘lgan yerlarni har yili 1 yanvarga qadar tanlab oladi va viloyat hokimliklariga taklif beradi;
- shundan keyin, hokimliklar tomonidan dala chetlariga ekin ekish ishlarini tashkil etish va yetishtiriladigan mahsulotning prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha har yili 1 fevralga qadar qarorlar qabul qilinadi;
- yerdan foydalanuvchilar, ijarachilar va yer egalari asosiy ekin bilan band bo‘lib, dala chetlariga ekin ekishga mobodo vaqti yetmasa yoki resurs jihatdan ekin ekish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, mazkur yerlar ikkilamchi ijaraga berilishi kerak;
- dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirganlarga rag‘batlantiruvchi mexanizmlar ham mavjud: ularga fitosanitariya sertifikati bir yil davomida bepul beriladi; mevali payvandtaglik ko‘chatlarni sotib olish xarajatlarining 50 foizi miqdorida, biroq har bir mevali payvandtagli ko‘chatga 25 ming so‘mdan oshmagan holda subsidiya ajratiladi; har bir mahsulot yetishtiruvchiga Karantin agentligining hududiy inspektorlari biriktiriladi va ko‘mak beriladi.
“Qisqa qilib aytganda, amaldagi qonunchilikda dala chetlaridagi ekin ekilishi belgilangan maydonlarda yer egasi o‘zi ekin ekishi yoki ikkilamchi ijaraga bergan holda ekin ekilishini tashkil qilishi belgilangan. Agarda vazifa bajarilmasa, ya’ni yer egasi o‘zi ekin ekmasa – oshirilgan soliq to‘lashi, ikkilamchi ijarachi ekin ekmasa – jarimaga sabab bo‘ladi”, dedi Ravshan Mamutov.
U birinchi o‘qishda tanqidga uchragan qonun loyihasini qayta ishlashda kiritilgan 6 ta asosiy o‘zgarishni sanab o‘tdi.
1. Qonun loyihasining birinchi o‘qishda qabul qilingan matnida ekin ekish majburiyati “dala chetlarida, shuningdek, sug‘orish va drenaj tarmoqlari atrofidagi yerlar”ga nisbatan tatbiq etilishi belgilangan edi. Bu normaga aniqlik kiritilib, ushbu majburiyat “dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi yerlar”ga taalluqli bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Ya’ni dalaning barcha chetlariga emas, faqat suv yoqasidagi chetlariga ekin ekish majburiy bo‘ladi.
2. Loyihaga “qonunchilikka muvofiq mahsulot yetishtirish belgilangan maydonlarda maqbul ekin ekish” tushunchasi kiritildi. Ya’ni, dala chetlariga har yili Karantin agentligi belgilab beradigan ekinlar ekilishi kerak.
3. Amaldagi qonunchilikda huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga mos bo‘lishi kerakligi belgilanganidan kelib chiqib, mahsulot yetishtirmaganlik uchun yer egasining qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan barcha yerlari uchun 3 baravar oshirilgan soliq hisoblash g‘oyasidan voz kechildi. Uning o‘rniga, yer solig‘ini 3 baravar oshirilgan holda hisoblash faqat yer uchastkasining ekin ekilmagan qismiga taalluqli bo‘ladi.
4. Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilayotgan qo‘shimchalar ham qayta ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, jarima faqatgina dala chetlarini ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga nisbatan qo‘llanadi. Jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravarigacha emas, 1 baravaridan 3 baravarigacha bo‘ladi.
5. Respublikaning ayrim hududlarida iqlim sharoitidan kelib chiqib aprel oyida ham ko‘chat va birlamchi ekin ekilishi holatlari mavjudligini inobatga olib, dala chetlariga ekin ekish muddati 1 aprelgacha emas, 1 maygacha deb belgilandi.
6. Tadbirkorlik sub’yektlariga nisbatan yangi turdagi javobgarlik va jazo choralari joriy etishga 3 yillik moratoriy (2023 yil 1 iyuldan boshlangan) amal qilayotganidan kelib chiqib, ikkilamchi ijarachilar uchun ma’muriy jarima jazosi 1 yildan so‘ng, ya’ni 2026 yil 1 iyuldan kuchga kiradi.
Qayd etish lozim, 2026 yil 1 iyuldan muddati tugaydigan bu moratoriydan tashqari, hozir boshqa bir moratoriy ham amal qilmoqda. Prezident farmoniga ko‘ra, 2025 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 yanvargacha kichik va o‘rta biznes sub’yektlari zimmasiga yangi majburiyatlar yuklatilishini nazarda tutadigan normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish to‘xtatilgan.
Qonun loyihasi bu ikkita moratoriyga zidligi haqida birinchi o‘qishdagi muhokama paytida “Adolat” partiyasi deputati Gulnora Abduvohidova gapirgan edi. Lekin ikkinchi o‘qishdagi muhokamada faqatgina kelasi yil muddati tugaydigan birinchi moratoriy eslandi, 2028 yilgacha amal qiladigan ikkinchi moratoriy haqida gap-so‘z bo‘lmadi.

Qonun loyihasining fermerlar uchun juda katta javobgarlik keltirib chiqaruvchi birinchi shaklini qo‘llab-quvvatlagan Liberal-demokratik partiya raisi, Fermerlar kengashi rahbari Aktam Hayitov loyihaning ikkinchi o‘qishdagi versiyasini ham qo‘llashini bildirdi.
“Qonun loyihasining hozir taqdim qilinayotgan shakli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarga og‘irlik tug‘dirmayapti, aksincha, ularga yengillik, qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutyapti”, – dedi u.
Hayitovning so‘zlariga ko‘ra, fermerlarning: “Dala cheti aynan qayerda boshlanib, qayerda tugaydi?” degan savoliga ishchi guruhlar javob beradi.
“Qonun loyihasiga “qonunchilikka muvofiq” degan jumlalar atay kiritildi. Chunki amaliyotda kattaroq bir muammo bor edi: dala chetining chegaralari qayerda? Fermerlarning dalasiga tutash maydonlarni “bu sening dala cheting, nimaga ekilmagan” deb, ularning zimmasiga yuklash yoki ularga topshiriq berish holatlari ko‘p bo‘ladi. Endi 1 yanvargacha dala chetining aniq o‘lchami belgilab beriladi. Aniq o‘lchamni tumanlarda tuzilgan, O‘simliklar himoyasi va karantin agentligi boshchiligidagi ishchi guruh belgilab berib, shu o‘lchamda nima eksa bo‘ladi – hudud iqlim sharoitidan kelib chiqib mahsulotlarni ham ko‘rsatib beradi.
60 gektarlik maydonning dala cheti 1 gektar chiqadigan bo‘lsa, u yer bo‘yicha albatta Suv xo‘jaligi vazirligining joylardagi bo‘limlari xulosasi olinadi, ya’ni bunga suv bormi-yo‘qmi, irrigatsiya-melioratsiya tarmoqlari, zovurlarning qaysi qismida ekish mumkin.
Bu yerda fermerlarga ikkilamchi ijara huquqi ham berilgan. Agar fermer xo‘jaligi rahbari dala chetida mahsulot yetishtirishga imkoniyati yetmasa, bu hudud elektron bazaga kiritilib, shu hududdagi yoshlarga, ishsizlarga va boshqa fuqarolarga taklif etiladi. Ular ana shu taklif asosida ikkilamchi ijaraga olib, mahsulot yetishtirish imkoniyatiga ega”, dedi Aktam Hayitov.
Qonun loyihasi ikkinchi va uchinchi o‘qishlardan o‘tdi va Senatga yuboriladigan bo‘ldi. So‘nggi ovoz berishda loyihani 107 deputat qo‘lladi, 3 deputat qarshi chiqdi, 2 deputat betaraf qoldi, 4 deputat ovoz bermadi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston parlamenti qonun loyihalarining birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘qishdan o‘tgan versiyalari matnini ochiqlamaydi. Aksariyat holatlarda qonunlar barcha bosqichlardan o‘tib, davlat rahbari tomonidan imzolanganidan keyingina to‘liq holda taqdim etiladi.
Mavzuga oid

19:02 / 15.07.2025
“Vahshiylik shu darajada bo‘ladimi?..” - zaharli dori sabab vodiyda asalarilar qirilib bitmoqda

07:55 / 10.07.2025
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish uchun imtiyozli mablag‘ ajratiladi

10:27 / 09.07.2025
Ekinlar urug‘liklarining sifatini baholash tizimi isloh qilinadi

12:36 / 08.07.2025