Jahon | 19:01 / 16.07.2025
2230
2 daqiqa o‘qiladi

Istanbul sobiq meri Akrom Imomo‘g‘li 1 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi

U mansabdor shaxsni haqorat qilganlikda aybdor deb topildi. Biroq, sud uning siyosiy faoliyatini cheklamadi.

Foto: Reuters

Turkiyaning Istanbul shahri sobiq meri Akrom Imomo‘g‘li o‘z vazifasini bajarish chog‘ida mansabdor shaxsni omma oldida haqorat va tahdid qilganlikda aybdor deb topilib, 1 yilu 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi.

Jinoiy ishga Imomo‘g‘lining 2025 yil yanvarida Istanbul bosh prokurori Oqin Gurlek sha’niga aytgan bayonotlari sabab bo‘lgan. Aynan qanday bayonotlar haqida gap ketayotgani ma’lum emas.

Sud jarayoni Istanbuldagi Og‘ir jinoiy ishlar bo‘yicha sud zalida o‘tishi kerak edi, ammo zalning «yetarli darajada katta bo‘lmagani» sababli Silivri shahridagi Marmara jazoni ijro etish yopiq muassasasida bo‘lib o‘tdi.

Prokuratura Imomo‘g‘li uchun 2 yil 8 oydan 7 yilu 4 oygacha qamoq jazosini so‘ragan edi. Ayblov tomoni shuningdek, muayyan huquqlardan mahrum qilishni nazarda tutuvchi 53-moddani qo‘llashni so‘radi (ya’ni, «siyosiy taqiq»). CNN Turk nashrining yozishicha, hukmda sobiq merning siyosiy faoliyatiga hech qanday cheklov qo‘yilmadi.

Qayd qilinishicha, sudda Imomo‘g‘li ayblovlarni rad etib, jinoiy ish siyosiy sabablarga ko‘ra ekanini aytdi.

2025 yil mart oyida muxolifatdagi Jumhuriyat Xalq partiyasi (CHP) vakili, Istanbul shahri meri Akrom Imomo‘g‘li korrupsiya va terrorchi tashkilotlarga aloqadorlik bo‘yicha tergov doirasida Istanbulda hibsga olingan edi.

Bu CHP qurultoyi arafasida yuz berdi, unda Imomo‘g‘li navbatdagi prezidentlik saylovida nomzod sifatida ko‘rsatilishi kerak edi. Turkiyalik siyosatshunoslar Istanbul merini amaldagi prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘anning asosiy siyosiy raqibi deb hisoblaydi.

Mavzuga oid