Jamiyat | 21:19 / 17.07.2025
4956
5 daqiqa o‘qiladi

“400 mln so‘m sarflagandik” – Toshkentda hokimlik fuqarolar barpo qilgan yashil hududni auksionda sotib yubordi

Uchtepa tumanidagi Ko‘ksaroy mahallasi aholisi o‘zi tashabbus ko‘rsatib, mahalla hududidagi tashlandiq joyni obod qildi: tekisladi, daraxtlar o‘tqazdi, bolalar uchun attraksionlar o‘rnatdi. Ammo mahalliy hokimlik qariyb chiqindixonaga aylanib yotgan joyda paydo bo‘lgan bu yashil hududni auksionga chiqarib, sotib yubordi.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Toshkent shahrining Uchtepa tumani hokimligi aholi barpo qilgan yashil hududni auksionga chiqarib, tadbirkorga sotib yubordi. Kun.uz aholidan kelib tushgan murojaat asosida holatni joyiga borib o‘rgandi.

Tumanning Ko‘ksaroy mahallasi aholisi tashabbus ko‘rsatib, kanal bo‘yida uzoq yillardan buyon tashlandiq holatda yotgan yer maydonini ko‘kalamzorlashtirishga kirishgan. Buning uchun ko‘p mehnat va yaxshigina mablag‘ sarflagan. Ular mahallamizda kichkina bo‘lsayam yashil hudud bo‘lsa, odamlar chiqib dam olib o‘tirishsa, bolalar yayrab o‘ynashsa, deya niyat qilishgan edi. Biroq ularning niyati chippakka chiqdi: daraxtlar o‘tqazilib, tayyor bo‘lgan kichik bog‘ hokimlik tomonidan auksionga chiqarilib, sotib yuborildi. 6 sotixli maydonni 4 va 2 sotixli lotlarda ikki tadbirkor sotib olgan.

Endilikda hokimlik va aholi o‘rtasida nizo kelib chiqmoqda: fuqarolar hokimlikning harakatidan norozi, hokimlik esa “kim sizlarga obod qil dedi?” qabilida ish tutmoqda.

Fuqarolarga ko‘ra, 2023 yilda Uchtepa tumanining sobiq hokimi Farhod Abdullayev aholi bilan uchrashib, bu yerni bog‘ qilish kerakligini aytgan. Shundan so‘ng mahalla ahli pul yig‘ib, yashil zona barpo etishga kirishgan.

2024 yilning noyabrida bog‘imiz bitdi. Hozir 8 oydan beri bolalar o‘ynayapti. Kechki salqinda ayollar, otaxonlar chiqishadi. 2-3 oy oldin hokimiyat bizni sudga berdi. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchtepa tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan noqonuniy qurilmalar buzilishi belgilandi. Lekin biz nimani buzishni bilmay qoldik. Chunki bu yerda noqonuniy qurilmaning o‘zi yo‘q. Bu yerda faqat bog‘ bor. Sudda hech kim 180 ta daraxtning taqdiri va bolalar maydonchasi haqida o‘ylamadi”, deydi Baxtiyor Ibragimov.

Sudning hal qiluv qarorida keltirilishicha, yer maydonini ikki tadbirkor auksionda sotib olgan. Ular sudda to‘lagan pullari qaytarilsa yoki hokimlik boshqa hududdan joy ajratib bersa, e’tirozi yo‘qligini ma’lum qilgan.

1960-1970 yillarda bu hududda suvning bo‘yida katta jarliklar bo‘lgan. Bu yerlar ko‘p zavod va fabrikalardan chiqqan chiqindilar bilan ko‘mib, to‘ldirilgan. Mustaqillikdan keyin hududdan aholiga uy-joy berilgan. O‘shanda odamlar yerni kovlab, chiqindidan tozalashga harakat qilgan. Obod qilgan joyimizdan 400 mashina chiqindi olib chiqdik, 200 mashina tuproq to‘kdik. Manzarali daraxtlar o‘tqazganmiz, 9 xil attraksion qurganmiz. Bularni hammasiga 400 mln so‘mdan ortiq mablag‘ sarfladik. Bitta ish o‘rni yaratib, bog‘bon qo‘yganmiz. Chiroqlar o‘rnatilgan. Maqsadimiz obod qilish edi”, deydi Bahodir Ibragimov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu yerlar sanoat zonasi qurish uchun berilgan. Agar ishlab chiqarish bo‘lsa, “svet”, gaz va suv ta’minotiga ta’sir qilishi mumkin.

Kun.uz holat yuzasidan izoh olish maqsadida Uchtepa tumani hokimligida ham bo‘ldi. Tuman hokimi o‘rinbosari Aziz Naimovga ko‘ra, yer maydoni auksionga qo‘yilayotganda daraxt ham, bolalar maydonchasi ham bo‘lmagan.

Biz bu joyni auksionga qo‘ygan paytimizda bolalar maydonchasi bo‘lmagan. Fuqaro bu joyni sotib olgandan keyin ular bolalar maydonchasi qurib qo‘ydi. Shuni qilsak, joylashib ololmaydi degan ma’noda. Keyin sudga berdik. Unda biz yutib chiqdik”, deydi Aziz Naimov.

Hokim o‘rinbosari daraxtlar va bolalar maydonchasi taqdiri haqidagi savolga javoban buni sud hal qilishini bildirdi.

Shahzod O‘roqboyev,
Kun.uz

Mavzuga oid