Jamiyat | 17:34 / 17.07.2025
5235
2 daqiqa o‘qiladi

Piskentda bank kassiri haydovchilar to‘lagan jarimani o‘zlashtirib yuborgani ma’lum bo‘ldi

Qoidabuzarlik qilgan haydovchilar tuman YHXB binosidagi bank shoxobchasiga jarimani to‘lab ketavergan. Shoxobcha kassiri esa to‘langan pullarni o‘zlashtirib yuborgan. Buning oqibatida haydovchilarning jarimasi “yopilmay” qolgan. “6 oydirki sarsonman, MIB kartamga ham, mulkimga ham taqiq qo‘ydi. Menga o‘xshaganlar yuzlab ekan”, deydi puli o‘zlashtirilgan haydovchi.

Fotokollaj: Kun.uz

Toshkent viloyatining Piskent tumanida bank kassiri haydovchilarning jarima uchun to‘lagan pulini o‘zlashtirib yuborgani aniqlandi. Bu haqda Kun.uz’ga murojaat yo‘llagan fuqaro ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, jarima pullarini o‘zlashtirgani aytilayotgan S.Nazarova Piskent tumani YHXB binosidagi bank shoxobchasida ishlagan. 

Fuqaro Umid Qodirov 2024 yil 26 dekabr kuni Lacetti mashinasida tezlikni oshirib, radarga tushgan. Unga 375 ming so‘m jarima yozilgan. Haydovchi jarimani chegirma bilan to‘lagan. Biroq u to‘lagan pul mablag‘i shoxobcha kassiri tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

3 ta to‘langan jarimam bor edi. MIB kartamga va mulkimga taqiq qo‘yib qo‘ydi. Surishtirsam men kabilar yuzlab ekan. 6 oydirki sarsonman. Tergov 6 oy surilib, ancha jabr ko‘rdik. Suddan keyin nima bo‘larkin, yana 6 oy yurmasmikanman, degan shubha bor-da”, deydi Umid Qodirov.

Piskent tumani prokuraturasi fuqaro Umid Qodirovning murojaatiga javoban S.Nazarova va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 167-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilayotganini bildirgan.

Kassir va boshqalar qancha miqdordagi jarima pullarini o‘zlashtirishgani hozircha ma’lum emas. Kun.uz jinoyat ishi tafsilotlari bilan qiziqib, Toshkent viloyati prokuraturasiga so‘rov yubordi.

Mavzuga oid