Jahon | 10:08
1007
2 daqiqa o‘qiladi

Bloomberg: London Ukraina uchun AQShdan qurol sotib olishga tayyor

Yevropa davlatlari Kiyev uchun AQShdan qurol sotib olish borasida turlicha fikrda. Ammo Buyuk Britaniya bunga rozi bo‘lishi mumkin.

Foto: REUTERS

Buyuk Britaniya o‘zining yevropalik hamkorlari bilan AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina uchun yirik miqyosdagi qurol sotib olishni nazarda tutuvchi tashabbusidagi ishtirokini muhokama qilmoqda, buning uchun Kiyevning Yevropadagi ittifoqchilari to‘laydi. Bu haqda 17 iyul, payshanba kuni vaziyatdan xabardor manbaga tayanib, Bloomberg agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, muzokaralar dastlabki bosqichda, biroq Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer Londonning xaridlarda ishtirok etishi mumkinligiga shama qilgan. Londonda Germaniya kansleri Fridrix Mers bilan mamlakatlar o‘rtasida yangi hamkorlik shartnomasi imzolanishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida Starmerga Buyuk Britaniya Donald Trampning rejasiga qo‘shiladimi, degan savol berildi. «Biz ittifoqchilar bilan imkoniyatlarni (Ukrainaga) taqdim etish uchun ishlayapmiz», deb javob berdi Starmer va London bu imkoniyatlarni «samarali» qilishga harakat qilayotganini qo‘shimcha qildi.

Bir necha kun avval AQSh prezidenti Ukrainaga keng ko‘lamli harbiy yordam ko‘rsatish, jumladan, Kiyev uzoq vaqtdan beri so‘rab kelayotgan qimmat Patriot havo mudofaa tizimlarini yetkazib berish rejasini taqdim etgan edi. Trampning bayonotiga ko‘ra, gap «yetkazib berishga tayyor» bo‘lgan kamida 17 ta qurilma haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin.

Bu raqam hatto Kiyevni ham hayratda qoldirdi — Ukraina harbiy razvedkasi rahbari o‘rinbosari Vadim Skibitskiy gap to‘liq batareyalar emas, balki kompleksning bir qismi bo‘lgan uchirish qurilmalari haqida ketayotganini taxmin qildi. The New York Times gazetasining yozishicha, Ukraina ixtiyorida bor-yo‘g‘i sakkizta Patriot havo mudofaa tizimi mavjud.

Mavzuga oid