Jahon | 13:06
2744
6 daqiqa o‘qiladi

Isroilga xalqaro bosim davom etmoqda: XJS orderlarni kuchida qoldirdi, Sloveniya sanksiya joriy qildi

Xalqaro jinoiy sud Binyamin Netanyahu va Yoav Gallantga chiqarilgan hibsga olish orderlarini bekor qilish bo‘yicha Isroilning so‘rovini rad etdi. Sloveniya esa «genotsidga da’vat qiluvchi bayonotlar» bergan Isroilning milliy xavfsizlik va moliya vazirlarini «persona non grata» deb e’lon qildi.

Foto: Reuters

16 iyul kuni Haagada joylashgan Xalqaro jinoiy sud sudyalari Binyamin Netanyahu va Yoav Gallantga chiqarilgan hibsga olish orderlarini bekor qilish haqidagi Isroilning so‘rovini rad etdi.

Reuters nashrining sud qaroriga tayanib yozishicha, sud Isroilning Falastin hududlarida sodir etilgan ehtimoliy jinoyatlar bo‘yicha kengroq tergovni to‘xtatib turish haqidagi talabini ham rad etdi.

Xalqaro jinoiy sud 2023 yil 21 noyabr kuni Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu, sobiq mudofaa vaziri Yoav Gallant va HAMAS yetakchisi Ibrohim al-Masriga (ya’ni Muhammad Deyf) nisbatan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar yuzasidan hibsga olish orderlari chiqargan edi.

Foto: Pool

2024 yil fevral oyida Muhammad Deyf halok bo‘lgani haqidagi ishonchli xabarlardan so‘ng unga nisbatan hibsga olish orderi bekor qilingan.

Ayni vaqtda Isroil Haagadagi sudning yurisdiksiyasini tan olmaydi va G‘azodagi urush jinoyatlari, xususan, genotsid sodir etayotganini rad qiladi. Shuningdek, rasmiy Tel-Aviv Netanyahu va Gallantga nisbatan chiqarilgan orderlarga qarshi da’vo ko‘targan.

«Isroil apellyatsiya palatasining aprel oyida chiqarilgan qaroriga tayanib XJS sudining yurisdiksiyasiga e’tiroz bildirdi hamda orderlarni asossiz deb hisoblayapti. Ammo sudyalar bu dalilni noto‘g‘ri deb topdi. Ular yurisdiksiya bo‘yicha qaror hali chiqarilmagani bois orderlar o‘z kuchida qolishini ma’lum qildi», deyiladi xabarda.

Mazkur ish bo‘yicha yurisdiksiya masalasida qachon qaror chiqishi noma’lum.

Avvalroq AQSh XJS tomonidan Netanyahuga order chiqarilgani ortidan Xalqaro jinoiy sudning to‘rt nafar sudyasiga hamda ushbu sudning prokurori Karim Xonga nisbatan sanksiyalar joriy qilgandi.

Foto: icc-cpi.int

Karim Xon Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu va Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order berilishida asosiy ishtirokchilardan bo‘lgan.

Bu – urush jinoyatlari bo‘yicha xalqaro tribunalga qarshi kiritilgan misli ko‘rilmagan jazo chorasi hisoblanadi. Sanksiya ostidagi sudyalardan ikkitasi aynan Isroilning orderlarni bekor qilish haqidagi iltimosini rad etgan sud hay’atida qatnashgan.

XJSning ushbu qarori yangragan kunlarda Sloveniya ham Isroilning ikki nafar o‘ta o‘ng qanotdagi vazirlarini — Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrichni «persona non grata» deb e’lon qildi. Isroil milliy xavfsizlik va moliya vazirlarining ikkalasi ham «genotsidga da’vat qiluvchi bayonotlar» berganlikda ayblanmoqda.

Foto: Itamar Ben-Gvir va Betsalel Smotrich

Ushbu jiddiy ayblov Sloveniya tashqi ishlar vaziri Tanya Feyjon tomonidan e’lon qilindi. Reuters'ga ko‘ra, Sloveniya ushbu chora-tadbirni ko‘rgan birinchi Yevropa Ittifoqi davlati bo‘ldi.

Isroil hukumati bu qarorga hozircha izoh bermadi. Ilgariroq esa Tel-Aviv G‘azodagi urush bo‘yicha genotsid ayblovlarini rad etib, 2023 yil 7 oktyabrdagi Hamas hujumiga javoban o‘zini himoya qilishga majbur bo‘lganini ta’kidlab kelayotgandi.

Tanya Feyjonning aytishicha, Sloveniya bu qarorni Bryusselda o‘tgan Yevroittifoq tashqi ishlar vazirlari yig‘ilishida Isroilga qarshi qo‘shma choralar bo‘yicha kelishuvga erishilmagach, mustaqil ravishda qabul qilgan:

«Bugun hukumat o‘zining birinchi milliy choralaridan birini e’lon qildi — ikki isroillik vazir endi Sloveniya hududida xush ko‘rilmaydigan shaxslar hisoblanadi. Bunday chora Yevropa Ittifoqida birinchi marta qo‘llanyapti. Biz yangi bosqichga o‘tmoqdamiz», - deya ta’kidladi u. Feyjon boshqa choralar ham ko‘rilayotgani, ammo hozircha tafsilotlar ochiqlanmasligini aytdi.

Foto: Tanya Feyjon

Tanya Feyjonning aytishicha, bu — G‘azodagi chidab bo‘lmas vaziyatni yaxshilash va tinch aholi azobini tugatish uchun Isroil hukumatiga bosim o‘tkazish chorasi hisoblanadi.

Sloveniya hukumati bayonotida aytilishicha, ikki isroillik vazir:

  • G‘arbiy Sohilda noqonuniy yahudiy posyolkalarni kengaytirishni ochiq qo‘llab-quvvatlamoqda;
  • Falastinliklarning majburiy ko‘chirilishini yoqlamoqda;
  • Falastin tinch aholisiga nisbatan zo‘ravonlikka chaqirmoqda.

O‘tgan yili Sloveniya Falastin davlatining mustaqilligini tan olgan edi. 2024 yil iyun oyida esa Buyuk Britaniya, Norvegiya, Avstraliya, Yangi Zelandiya va Kanada ham ayni ikki isroillik vazirga qarshi sanksiyalar joriy qilgan, ularni falastinliklarga qarshi zo‘ravonlikni qo‘zg‘atganlikda ayblagandi.

Foto: Al-Jazeera

Isroilning 2023 yil oktyabrdan buyon G‘azoda olib borayotgan urushi natijasida 58 000 dan ortiq falastinlik halok bo‘lgan, 100 mingdan ortiq insonlar jarohatlangan. G‘azo sektori deyarli vayron bo‘lib, millionlab insonlar uysiz qolgan.

Ma’lumot uchun, «Persona non grata» bu — lotincha ibora bo‘lib, «yoqimsiz shaxs» yoki «xush ko‘rilmaydigan shaxs» degan ma’noni anglatadi. Bu atama odatda biror davlat boshqa bir davlat vakilini rasmiy ravishda o‘z hududida istamasligini bildirganida qo‘llanadi.

Agar biror davlat boshqa davlat fuqarosini (odatda amaldorlar bo‘ladi) «persona non grata» deb e’lon qilsa, bu shaxs o‘sha davlatga kirish huquqiga ega bo‘lmaydi, unga viza ham berilmaydi. Agar u mamlakatda bo‘lsa — chiqib ketishga majbur bo‘ladi.

Mavzuga oid