O‘zbekiston | 09:22
1350
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistondan 5,2 mlrd so‘mlik tilla buyumlarni noqonuniy olib kelgan shaxs ushlandi

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha boshqarmalari xodimlari tomonidan tezkor tadbir o‘tkazildi.

Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Unda, Qirg‘izistondan “Vodil avto” chegara bojxona posti orqali Farg‘ona viloyati hududiga o‘tgan vaqtida Andijon shahrida yashovchi fuqaro to‘xtatilib, o‘rnatilgan tartibda tekshirildi.

Natijada, ushbu shaxs egnidagi kiyimlari ostiga yashirgan holda, jami 859 dona zargarlik buyumlari va 1 dona qo‘l soatini qo‘shni davlatdan olib kelgani aniqlandi.

Ekspertlar xulosasiga ko‘ra, kimyoviy tarkibi oltin hisoblangan, brilliant toshlari bilan bezak berilgan mazkur zargarlik buyumlarining sof og‘irligi 4 kg 155 gr. bo‘lib, umumiy bahosi 5 mlrd 213 mln so‘mni tashkil etadi.

Aniqlanishicha, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida yashovchi 10 nafarga yaqin savdogarlar tomonidan Turkiya davlatidan Qirg‘izistonga olib kelingan ushbu zargarlik buyumlarini mazkur shaxs 400 AQSh dollari xizmat haqi evaziga chegara bojxona postidan o‘tkazib berishi kerak bo‘lgan.

Hozirda unga nisbatan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi doirasida ushbu qimmatbaho buyumlar egalarining shaxsiga aniqlik kiritilmoqda.

Mavzuga oid