O‘zbekiston | 23:19 / 18.07.2025
1067
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda daraxt kesish masalasidagi tortishuv, poraxo‘r bojxonachi, Mo‘g‘ulistondan keltiriladigan chorva – mahalliy dayjest

Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i bilan ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti tasdiqlandi. Toshkent va Farg‘onada ichki ishlar sohasidagi pensionerlar huquqbuzarliklar profilaktikasiga tanlov asosida jalb qilinadigan bo‘ldi. Qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarov Toshkent shahrida daraxtlarni kesishga cheklov bekor qilinishi kerakligini aytdi, unga e’tiroz bildirganlar ham bo‘ldi. Namanganda plastik karta orqali pora olgan bojxona inspektori ushlandi. O‘zbekistonga Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mol keltiriladi. Kun davomida Kun.uz yoritgan shu va boshqa muhim mahalliy yangiliklar bilan tanishtiramiz.

Video thumbnail
{Yii::t(}
O'tkazib yuborish 6s

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash boshlanadi

Iqtisodiyot va moliya vazirining buyrug‘i bilan ko‘chmas mulkni ommaviy baholash uslubiyoti tasdiqlandi. Ommaviy baholash Kadastr agentligi huzuridagi Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash milliy markazi tomonidan o‘tkaziladi.

Ommaviy baholashni o‘tkazish tartibi boshqa narsalar qatori, obektlar qiymatini aniqlash uchun zarur bo‘lgan ma’lumotlarni, shu jumladan, ko‘chmas mulk bozori to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish, ommaviy baholanishi lozim bo‘lgan obektlarni guruhlash, obektlar qiymatini aniqlashni o‘z ichiga oladi.

Ommaviy baholash 2025-2026 yillarda – tajriba tariqasida Toshkent shahrida, 2026-2027 yillarda – Nukus shahri va viloyat markazlarida, 2027 yil va undan keyingi yillarda – qolgan hududlarda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Toshkent va Farg‘onada ichki ishlar sohasidagi pensionerlar huquqbuzarliklar profilaktikasiga jalb qilinadi

Pensionerlar shartnoma asosida huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga ixtiyoriy tartibda, ichki ishlar organlari tomonidan tanlov asosida jalb qilinadi. Tanlovda ishtirok etadigan pensionerlarning soni cheklanmaydi.

Ichki ishlar organlari shartnoma asosida munosib pensionerlarni huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyatiga jalb qilish uchun tanlov tashkil etadi va o‘tkazadi. Tanlovning o‘z vaqtida va sifatli tashkil etilishi hamda o‘tkazilishini ta’minlash uchun Toshkent viloyati ichki ishlar bosh boshqarmasi yoki Farg‘ona viloyati ichki ishlar boshqarmasi rahbarining buyrug‘i bilan doimiy faoliyat yuritadigan tanlov komissiyasi tashkil etiladi.

Qurilish sohasidagi tadbirkor Murod Nazarov Toshkent shahrida daraxtlarni kesishga cheklov bekor qilinishi kerakligini aytdi

Uning so‘zlariga ko‘ra, daraxt kesishga qo‘yilgan cheklovlar korrupsiyani kuchaytiradi. U mazkur masalaga yechim sifatida quruvchi kompaniya zimmasiga kesilgan daraxtlar o‘rniga yangilarini ekishni yuklash kerakligini ko‘rsatdi.

Uning fikriga hamma ham qo‘shilmadi – deputat Bobur Bekmurodov daraxtlarni kesishni qonuniylashtirishga urinishlarga qarshi chiqdi. Deputat Javlon Abdullayev esa Murod Nazarovning taklifini ekologik jinoyatga tenglashtirdi.

Plastik karta orqali pora olgan bojxona inspektori ushlandi

Namangan viloyati bojxona boshqarmasi «Uchqo‘rg‘on» chegara bojxona postining bojxona nazorati va rasmiylashtiruv guruhi inspektori DXX tomonidan ushlandi.

U xorijdan keltirilgan 57 dona Iphone 16 PRO MAX telefonini Toshkent xalqaro aeroportida ishlovchi bojxona xodimi orqali IMEI kodi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazib berish evaziga har biri uchun 100 AQSh dollaridan, jami 5700 AQSh dollari hamda muqaddam fuqaro tomonidan chet eldan deklaratsiyada ko‘rsatmagan holda kiyim-kechaklarni olib kelgani yuzasidan chora ko‘rmagani evaziga 400 AQSh dollari talab qilgan.

Poraning bir qismini o‘zi va qarindoshiga tegishli bank plastik kartalariga o‘tkazib olganida DXX, Bosh prokuratura huzuridagi departament hamda Bojxona qo‘mitasi xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent shahri hokimligi fuqarolar barpo qilgan yashil hududni auksionda sotib yubordi

Uchtepa tumanidagi Ko‘ksaroy mahallasi aholisi tashabbus ko‘rsatib, mahalla hududidagi tashlandiq joyni obod qilgan, tekislagan, daraxt ekib, bolalar uchun attraksion o‘rnatgan edi. Ammo mahalliy hokimlik qariyb chiqindixonaga aylanib yotgan joyda paydo bo‘lgan bu yashil hududni auksionga chiqarib, sotib yubordi.

Endi hokimlik va aholi o‘rtasida nizo kelib chiqqan: fuqarolar hokimlikning qaroridan norozi, hokimlik esa «Kim sizlarga obod qil dedi?» qabilida ish tutmoqda.

O‘zbekistonga Mo‘g‘ulistondan 100 ming bosh mol keltiriladi

O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida 2025–2026 yillarda qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sohalarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarning asosiy ko‘rsatkichlari belgilandi:

Davlat rahbari imzolagan hujjat:

- Mo‘g‘ulistondan O‘zbekistonga 100 ming bosh mayda shoxli mollarni olib kelish va ularni mahalliy sharoitda naslchilik-seleksiya ishlari yordamida ko‘paytirish orqali ularning sonini 2029 yil yakuniga qadar 1 mln boshga yetkazish;

- bosqichma-bosqich jun va kashemirni qayta ishlash hamda tayyor mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish;

- meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlarining Mo‘g‘ulistonga eksport hajmini har yili oshirib borib, 10 barobarga ko‘paytirish choralarini ko‘rish;

-O‘zbekiston va Mo‘g‘uliston o‘rtasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish sohasida tajriba almashish va mutaxassislar malakasini oshirishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi.

Mavzuga oid