Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Antibiotiklardan tashqari boshqa oddiy dorilar ham organizmning tabiiy himoya tizimini buzishi mumkinligi aniqlandi
Allergiyaga qarshi vositalar, antidepressantlar va gormonal preparatlar ichaklarda og‘ir diareya chaqiruvchi mikrobning ko‘payishiga sabab bo‘ladi. Antibiotik bo‘lmagan mazkur dorilar foydali bakteriyalarni yo‘qotsa-da, zararli mikrob – salmonellaga ta’sir qilmasligi ma’lum bo‘ldi.

Foto: Getty images
Inson ichagi oddiy hazm qilish a’zosi emas. Unda millionlab mikroorganizmlar, “mikrobiom” deb ataluvchi foydali bakteriyalar yashaydi. Ular hazmga yordam beradi, immunitetni mustahkamlaydi va tanani tashqi tahdidlardan himoya qiladi.
Shu vaqtgacha, asosan, antibiotiklar mikrobiomga kuchli zarar yetkazishi mumkin degan qarash mavjud edi. So‘nggi izlanishlarga ko‘ra, allergiyaga qarshi vositalar, antidepressantlar va gormonal preparatlar ham antibiotiklar singari foydali bakteriyalarni yo‘q qilishi ehtimoli mavjudligi aniqlandi.
Professor Liza Mayer boshchiligida Tubingen universiteti olimlari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqotda 53 xil dori vositasi o‘rganildi. Bu dorilar inson ichagidan olingan mikroorganizmlar jamlanmasiga yuborildi. Natijada har uch doridan biri organizmda salmonella bakteriyasi (og‘ir diareya chaqiruvchi mikrob)ning ko‘payishiga turtki bo‘lishi oydinlashdi.
Yana bir muhim holat shuki, antibiotik bo‘lmagan mazkur dorilar foydali bakteriyalarni yo‘qotsa-da, zararli mikrob – salmonellaga ta’sir qilmasligi ma’lum bo‘lgan. Bu jarayon ichakda muvozanatning buzilishi va patogen mikroblar ta’siri kuchayishiga olib keladi.
«Avval faqat antibiotiklar xavfli deb o‘ylardik. Endi esa boshqa dorilar ham ichki himoya tizimi – mikrobiomni yemirishi mumkinligini isbotladik», – deydi mutaxassislar.
Tana himoyasiz qolsa, oddiy mikroblar ham og‘ir asoratlarni hosil qiladi. Bu, ayniqsa, immuniteti zaif, keksa yoki surunkali kasalligi bor insonlar uchun juda xavfli bo‘lishi mumkin.
Tadqiqotchilar barcha yangi dori vositalari ishlab chiqarayotganda ularning mikrobiomga qanday ta’sir ko‘rsatishini ham tekshirishni tavsiya qilmoqda. Ayniqsa, antigistamin (allergiyaga qarshi), ruhiy holatga ta’sir qiluvchi yoki gormon modulyatorlari kabi vositalarda bu jihat e’tibordan chetda qolmasligi kerak.
Shunday ekan, oddiy dori ichishdan oldin uni qancha muddat davomida qabul qilish zarurligini shifokor bilan maslahatlashish muhim: kasallikni davolayman deb, tananing eng muhim himoya qal’asi – ichak mikrobiomini zaiflashtirib qo‘ymaslik kerak.
Mavzuga oid

12:33 / 11.07.2025
Buxoroda sifati kafolatlanmagan dorilar savdosiga chek qo‘yildi

12:13 / 03.07.2025
Zangiotada sifatsiz dori vositalari va buyumlari savdosiga chek qo‘yildi

08:45 / 18.06.2025
Sifat sertifikatiga ega bo‘lmagan dorilar savdoga chiqarilishining oldi olindi

11:36 / 17.06.2025