Jahon | 14:13 / 19.07.2025
1949
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniya Patriot tizimlarini olish uchun navbatda birinchi bo‘lib turibdi

Oq uy Patriot havo mudofaa tizimlarini olish uchun navbatda Germaniyani Shveytsariyadan oldinga chiqardi. Yangi tizim taxminan sakkiz oy ichida tayyor bo‘ladi va Ukrainaga yuboriladi, deb yozadi Bild.

Foto: REUTERS

AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyati navbatdagi Patriot havo mudofaa tizimlarini olish uchun navbatdagi Germaniyani Shveytsariyadan oldinga chiqardi. Bu haqda 18 iyul, juma kuni The Wall Street Journal nashri uch yuqori martabali amaldorga tayanib xabar berdi.

Shveytsariya Mudofaa vazirligi avvalroq Qo‘shma Shtatlar Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish maqsadida yetkazib berishdagi «ustuvorliklarni ko‘rib chiqishga» qaror qilganini tasdiqlagan edi. Shveytsariya Qo‘shma Shtatlardan beshta Patriot tizimini sotib oldi, mamlakat ularni 2028 yilga qadar olishi kutilgandi. Nashrning yozishicha, tizim Ukrainaga jo‘natiladi, uni yetkazib berish uchun esa Germaniya to‘laydi.

Donald Tramp 14 iyul kuni Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilari Ukrainaga harbiy yuk yetkazib berish bo‘yicha kelishuv tuzganini, unga ko‘ra Yevropa davlatlari Amerika qurollarini, xususan, zamonaviy Patriot tizimlarini xarid qilib, Kiyevga topshirishini bildirdi.

NATO bosh kotibi Mark Ryuttening so‘zlariga ko‘ra, Germaniya, Buyuk Britaniya, Niderlandiya, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya va Kanada yetkazib berish uchun haq to‘lash tarafdori bo‘lgan.

Mavzuga oid