Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar, Hamasning bayonoti va Suriya bilan sulhga rozi bo‘lgan Isroil – kun dayjesti
O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqea va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomada tanishtiramiz.

Hamas: Isroil G‘azodagi asirlarni ozod qilishga doir sulhni rad etdi
HAMAS harbiy qanoti Al-Qassam brigadalari «Isroil G‘azoda saqlanayotgan barcha asirlarni ozod qilishni nazarda tutgan otashkesim bitimini rad etgani» hamda agar kelishuvga erishilmasa, harakat uzoq davom etadigan urushga tayyor ekanini bildirib, bayonot berdi.
Al-Jazeera nashrining yozishicha, guruh so‘nggi oylarda barcha asirlarni birdan ozod qilishga qaratilgan «kompleks kelishuv» taklif qilgan, biroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyaxu va uning o‘ta o‘ngchi vazirlari tomonidan rad etilgan.
HAMAS urushni to‘xtatish, Isroil qo‘shinlarining chiqib ketishi va G‘azo aholisiga insonparvarlik yordamini kiritishni kafolatlovchi bitim tarafdori ekanini ta’kidladi.
Abu Ubaydaning aytishicha, agar Isroil hozirda Qatarda davom etayotgan bilvosita muzokaralarni tark etsa, HAMAS hech qanday qisman kelishuvlarga — jumladan hozir muhokama qilinayotgan 60 kunlik bitimga — qaytishni kafolatlamaydi. Bu kelishuvga ko‘ra, 10 nafar asir ozod etilishi kerak edi.
HAMAS hozirda G‘azoda 50 kishini garovda saqlamoqda, shundan 20 nafari tirik ekani taxmin qilinmoqda.
Juma kuni Oq uyda kongressmenlar bilan kechki ovqat chog‘ida so‘zga chiqqan AQSh prezidenti Donald Tramp, yana 10 nafar garovdagilar tez orada ozod qilinishini aytdi.
«Biz asirlarning ko‘p qismini qaytarib oldik. Yana 10 nafari yaqin orada ozod etiladi, va umid qilamizki, bu tez orada yakunlanadi», — dedi Tramp, ammo tafsilot keltirmadi.
U so‘nggi haftalarda otashkesim va garovdagilar kelishuvi «yaqin» ekanini takrorlab kelmoqda, biroq hozirgacha hech qanday real natija e’lon qilinmagan.
Isroil askarlari hanuzgacha qamal ostidagi G‘azoga gumanitar yordam kirishiga yo‘l qo‘ymayapti, ochlikdan aziyat chekayotgan falastinliklarni esa GHF tomonidan boshqarilayotgan joylarda o‘ldirishda davom etmoqda. Bundan tashqari, Isroil xalqaro tanqidlarga qaramay, Rafah vayronalari o‘rnida konslagerga o‘xshash yangi inshoot qurish rejasini oldinga surmoqda.
G‘azo Sog‘liqni saqlash vazirligining oxirgi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yil oktabr oyida boshlangan urushdan beri 58 667 nafar falastinlik halok bo‘lgan, 139 974 nafari jarohat olgan.
Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarni kuchaytirdi
Yevropa Ittifoqi nihoyat Rossiyaga qarshi bir oy avval kelishilgan navbatdagi sanksiyalar paketini tasdiqladi. Bu choralar Kremlga bosimni kuchaytirish va Vladimir Putinni Ukraina bilan 30 kunlik sulhga majburlashga qaratilgan. 27 a’zodan iborat ittifoq ichida faqat Slovakiya qarshi chiqib, 2028 yilgacha Rossiya gazidan butunlay voz kechish qaroridan norozi va kompensatsiya talab qilib kelayotgandi. Nihoyat, 18-kuni ular ham sanksiyalarga rozi bo‘ldi.
«YeI hozirgina Rossiyaga qarshi eng qat’iy sanksiyalar paketlaridan birini ma’qulladi, — dedi Kallas. — Biz Rossiyaning daromadlarini tobora qisqartirib boramiz, toki u tajovuzni to‘xtatishdan boshqa yo‘l topa olmasin».
Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen esa Rossiya jiddiy taklif bilan muzokara stoliga o‘tirishi kerakligini, bunday tayyorgarlikni ko‘rsatmayotgani bois bosim davom etishini bildirdi.
Yangi paketdagi asosiy sanksiyalar Rossiya energetikasi va bank sektoriga qaratilgan.
- Yevropa Ittifoqi «Shimoliy oqim» gaz quvurlarining barcha to‘rtta liniyasidan foydalanishni taqiqladi. Bu quvurlar Ukrainaga bostirib kirishdan avval Germaniyaga Rossiya gazini yetkazib berishdagi asosiy yo‘nalish edi. Urush boshlanganidan keyin Kreml bu quvurni gaz urushining quroliga aylantirib, bahona bilan o‘chirib qo‘ydi. Keyinchalik quvur portlatildi, biroq to‘rtta liniyadan biri shikastlanmagan bo‘lib, Putin uni qayta yoqishni bir necha bor taklif qilgan. Endilikda sanksiyalar amal qilayotgan paytda bu mumkin bo‘lmaydi.
- Rossiyaning «soya» tanker flotiga qarshi choralar ham kuchaytirildi — YeI sanksiyalar ro‘yxatiga yana 105 ta kemani kiritdi.
- Rossiyaning yana 20 ta banki Yevropada joylashgan xalqaro SWIFT to‘lov tizimidan uziladi. Bunga qo‘shimcha ravishda, YeI ushbu banklar bilan har qanday moliyaviy tranzaksiyalarni to‘liq taqiqlaydi.
- Uchinchi davlatlarga ikkilamchi sanksiyalar — Kremlga cheklovlarni chetlab o‘tishda yordam berayotgan deb hisoblagan xorijiy banklar va kompaniyalarga qarshi choralar ham ko‘zda tutilgan.
Yevroittifoq Rossiya nefti uchun joriy etilgan narx «eng yuqori qiymatini» ham pasaytirishga kelishdi. Oldin u 1 barreli uchun 60 dollar edi, endi u dinamik tarzda belgilab boriladi — ya’ni har doim Rossiya nefti bozor bahosidan 15% past bo‘ladi. Biroq neft narxi bilan bog‘liq bu o‘zgarish Rossiyaga katta ta’sir ko‘rsatmaydi. Chunki Yevroittifoq allaqachon Rossiya nefti yoki neft mahsulotlarini sotib olmaydi va bu mexanizm 2023 yil fevralida G7 davlatlari tomonidan joriy qilingan.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi Xitoyning ikkita bankiga Moskvaning Ukrainaga qarshi tajovuzini qo‘llab-quvvatlagani uchun sanksiyalar kiritdi.
Diplomatik manbalarning xabar berishicha, Pekin bir necha oy davomida ushbu banklarning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilmasligi uchun faol harakat qilgan edi. Ushbu qaror Xitoyning javob choralariga olib kelishi mumkin.
AQSh: Isroil va Suriya otashkesimga kelishdi
Isroil va Suriya otashkesimga kelishib oldi, deya xabar qildi AQShning Turkiyadagi elchisi va Suriya bo‘yicha maxsus vakili Tom Barrak. Bu kelishuv asosan druzlar yashaydigan hududda bir necha kunlik qonli to‘qnashuvlar natijasida 300 dan ortiq odam halok bo‘lgach yuz berdi.
«Biz druzlar, badaviylar va sunniylarni qurolini tashlab, boshqa ozchilik guruhlar bilan birgalikda yangi va birlashgan Curiyani barpo etishga chaqiramiz», — dedi AQShning Turkiyadagi elchisi Tom Barrak X ijtimoiy tarmog‘idagi bayonotida.
Barrakning aytishicha, Isroil va Suriya Turkiya, Iordaniya va boshqa qo‘shni davlatlar qo‘llovida otashkesimga erishgan.
Suriya janubidagi Suveyda viloyatida to‘qnashuvlar bir haftadan beri davom etmoqda. Mojaro dastlab badaviy jangchilari va druz guruhlari o‘rtasida boshlangan edi. Juma kuni ertalab Isroil rasmiysi Isroil Suriyaning janubdagi Suveyda hududiga kelgusi ikki kun ichida cheklangan miqdorda hukumat kuchlari kirishiga rozilik berganini bildirdi.
Suriya prezidenti idorasi juma kuni kechqurun hukumat Suveyda janubiga tinchlikni tiklash, zo‘ravonliklarning qayta boshlanishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun harbiy kuch yuborishini ma’lum qildi.
Haftaning boshida ham rasmiy Damashq druzlar va badaviylar o‘rtasidagi urushni to‘xtatish uchun qo‘shin yuborgan. Ammo bu «druzlarga qarshi zo‘ravonlik» sifatida ko‘rilib, Isroil hujumlariga uchragan va chorshanba kungi sulh asosida chekinishga majbur bo‘lgan edi.
Suriya yetakchisi Ahmad al-Shar’a, AQSh bilan iliqroq munosabatlarni yo‘lga qo‘yishga intilayotgan shaxs sifatida, Isroilni Suriyani bo‘lishga urinayotganlikda aybladi va druzlarni himoya qilishga va’da berdi.
Reuters muxbirlari Daraa viloyatida Suriya ichki ishlar vazirligining konvoyini to‘xtab turganini ko‘rgan. Xavfsizlik manbasi ularning Suveydaga kirish uchun ruxsat kutayotganini bildirgan.
Tramp, Putin va Si Xitoyda uchrashishi mumkin
Xitoy raisi Si Jinping 3 sentabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tadigan Ikkinchi jahon urushi yakunlanishiga bag‘ishlangan tantanalar doirasida AQSh prezidenti Donald Tramp va Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uch tomonlama uchrashuv tashkil etishi mumkin. Bu haqda The Times xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Putin allaqachon bayram tadbirida ishtirok etishini tasdiqlagan. Tanlangan sana Tramp Kremlga qo‘ygan «ultimatum»ning tugashiga deyarli to‘g‘ri keladi: avvalroq u Putinga Ukrainadagi harbiy harakatlarni to‘xtatish uchun 50 kun, ya’ni 1 sentabrgacha muhlat bergandi.
Nashrning yozishicha, ba’zi xitoylik tahlilchilar va jamoat arboblari 3 sentabrdagi paraddan xalqaro diplomatik harakat uchun imkoniyat sifatida foydalanishga chaqirmoqda.
Xitoylik faol Tszin Tszanjun shunday dedi: «Nima uchun Trampning tashrifini ushbu paradga bag‘ishlamaslik kerak? Agar u kelib, ishtirok etsa, bu dunyo uchun kuchli ijobiy signal bo‘ladi. Xitoy, Rossiya va Amerika rahbarlarining yonma-yon turgan qiyofasi tinchlik va barqarorlik ramzi bo‘lishi mumkin».
Mavzuga oid

13:14 / 18.07.2025
AQSh bilan «mega kelishuv» qilayotgan Zelenskiy, Iroqda kuchli yong‘in va Eronga yangi dedlayn tayyorlayotgan G‘arb – kun dayjesti

14:05 / 17.07.2025
Damashqqa zarba bergan Isroil, urushni davom ettirmoqchi bo‘lgan Putin va Ukrainaga kelishni boshlagan raketalar – kun dayjesti

12:54 / 16.07.2025
Rossiyani qo‘llashga tayyor Xitoy, Isroilga chora ko‘rmoqchi bo‘layotgan Yevroittifoq va FETOʻchilar ta’qibini davom ettirayotgan Turkiya – kun dayjesti

15:00 / 15.07.2025