O‘zbekiston | 12:03 / 21.07.2025
10546
3 daqiqa o‘qiladi

Anora Sodiqovani haqorat qilgan bloger Mirsaid Haydarov ma’naviy zarar to‘laydigan bo‘ldi

Apellyatsiya instansiyasi qaroriga ko‘ra, o‘z postlarida jurnalist Anora Sodiqovaga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan bloger Mirsaid Haydarov («Mufasa») 25 million so‘m ma’naviy zarar to‘laydigan bo‘ldi. Shuningdek, unga jurnalistdan uzr so‘rab, haqoratli postlarini o‘chirish majburiyati yuklatildi.

21 iyul kuni Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudi apellyatsiya instansiyasi Anora Sodiqova da’vosi yuzasidan birinchi instansiya sudi chiqargan qarorni bekor qildi. Bu haqda inson huquqlari faoli Abdurahmon Tashanov xabar bermoqda.

O‘z postlarida jurnalist Anora Sodiqovaga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatgan, «Mufasa» taxallusi bilan faoliyat olib boruvchi bloger Mirsaid Haydarov 25 million so‘m ma’naviy zarar va 5 million so‘m boshqa zararlarni qoplaydigan bo‘ldi. Huquq himoyachisiga ko‘ra, unga shuningdek, jurnalistdan uzr so‘rab, postlarini o‘chirish majburiyati yuklatildi.

Jurnalist Anora Sodiqovaning o‘zi bugungi sud jarayoni natijalarini Kun.uz'ga tasdiqladi.

«Aslida, birinchi instansiya sudi uning postida haqoratli so‘zlar bo‘lishiga qaramay, da’vomni qanoatlantirmagani juda sharmandali ish bo‘lgandi. Chunki buni, „jurnajalab“ so‘zi haqoratli so‘z ekanini hamma bilardi. Jurnalistlarga qarata ishlatilgani esa, bu go‘yoki jurnalistlar shunaqa qatlam, degandek edi. 

Avvalgi sud qarori „jurnalistlarni xohlagancha haqorat qilish mumkin“ degan mujda kabi bo‘lgandi.

Lekin biz to‘xtamadik, oxirigacha kurashamiz, deb aytgandik va bu sodir bo‘ldi. Bu yolg‘iz mening yutug‘im emas, bu sud javobidan so‘ng boshqa jurnalistlar ham haqiqat uchun kurashda davom etadi. Ularda ham ishonch uyg‘onadi, deb o‘ylayman»,  deya izoh berdi Anora Sodiqova Kun.uzʼga.

28 may kuni FIB Shayxontohur tumanlararo sudi sudyasi Anora Sodiqovaning Mirsaid Haydarov ustidan sha’n, qadr-qimmat va ishchanlik obro‘sini himoya qilish haqidagi da’vo talablarini rad etgandi. Sodiqova o‘shanda jamoatchilik uchun yopiq tarzda o‘tgan sudda sudya qarshi tarafga yon bosgani va jarayon noxolis o‘tganini bildirgan edi.

Mavzuga oid