Iqtisodiyot | 20:29 / 21.07.2025
2305
2 daqiqa o‘qiladi

Markaziy bank oxirgi bir yilda narxlari eng ko‘p o‘zgargan tovarlarni ma’lum qildi

O‘zbekistonda so‘nggi bir yilda 6 ta tovar narxi 30 foizdan ko‘proqqa oshdi: paxta moyi 43,5 foizga, karam va kartoshka 37 foizga, qo‘y go‘shti 32 foizga, mol go‘shti esa 30 foizga qimmatladi; metan narxi 36 foizga ko‘tarildi. E’tiborlisi, o‘tgan bir yilda deyarli hech qaysi nooziq-ovqat tovar arzonlashgani yo‘q.

Foto: Kun.uz

O‘zbekistonda metan narxi so‘nggi bir yilda 36,2 foizga qimmatlagan. Bu – inflatsiya yuzasidan Markaziy bank e’lon qilgan infografikada keltirilgan.

Regulyator, Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga tayangan holda, 2025 yil iyun oyi yakunlari bo‘yicha yillik nisbatda narxi eng ko‘p o‘zgargan tovarlarni sanab o‘tdi.

Unga ko‘ra, so‘nggi bir yilda uzum (–5,2%), bodring (–37,7%), qovoq (–29,5%), olma (–23,7%), pomidor (–23,6%) va guruch (–16,7%) narxlari sezilarli arzonlashgan.

Oxirgi 12 oyda eng ko‘p narxi oshgan oziq-ovqatlar qatorini 43,5 foizga qimmatlashgan paxta moyi boshqarib turibdi. Bu davrda karam 37,4 foizga, kartoshka 36,5 foizga, qo‘y go‘shti 32,0 foizga, mol go‘shti 30,5 foizga, kungaboqar yog‘i 28,9 foizga qimmatlagan.

2024 yil iyulidan 2025 yil iyunigacha bo‘lgan davrda nooziq-ovqat mahsulotlar narxida deyarli pasayish bo‘lmagan. Faqatgina A4 qog‘oz 6,7 foizga, maktab daftari esa 1,4 foizga arzonlashgan xolos. Narxi birozgina oshgan tovarlar jumlasiga konditsioner (+0,4%), mobil telefon (+0,8%), televizor (+1,0%) va sement (+1,3%) kiradi.

Eng ko‘p qimmatlashgan nooziq-ovqat tovar – bu metan: 36,2 foiz. Keyingi o‘rinlarni dorilar egallab turibdi: vitaminlar 12,5 foizga, antibiotiklar 11,8 foizga, antigistamin preparatlar 11,8 foizga qimmatlagan. Shuningdek, propan 11,3 foizga, atir sovun narxlari 10,3 foizga ko‘tarilgan.

Markaziy bank infografikasida narxida eng ko‘p o‘zgarish bo‘lgan xizmatlar haqida ma’lumot berilmagan.

Avvalroq Statistika qo‘mitasi iyunda 0,2 foizlik deflyatsiya qayd etilganini ma’lum qilgandi. Yillik nisbatda inflatsiya 8,7 foizni tashkil etgan.

Mavzuga oid